DSQ yana 53 ta “shubhali” korxonani aniqladi

DSQ yana 53 ta “shubhali” korxonani aniqladi

Soliqlarni to‘lashdan qochishning turli xil sxemalaridan foydalanuvchi «shubhali» korxonalar ro‘yxati yangilandi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Birinchi bosqichda 396 ta, ikkinchi bosqichda 129 ta shubhali korxona aniqlangan. Uchinchi bosqichda yana 53 ta korxona kiritilib, ularning umumiy soni 578 taga yetdi.

«Shubhali» korxonalarning yangilangan ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Bugungi kunda qo‘mita yangi aniqlangan «shubhali» korxonalarning kontragentlari tomonidan asossiz ravishda hisobga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini tahlil qilmoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu shubhali korxonalar kontragentlarining shaxsiy kabinetlari orqali asossiz hisobga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasiga tuzatish kiritishlari to‘g‘risida xabarnomalar yuboriladi.

Birinchi va ikkinchi bosqichda aniqlangan 525 ta «shubhali» korxona konragentlarida hozirgacha 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachyot)ga olish fakti tasdiqlangan.

Hozirda davom etayotgan soliq nazorati tadbirlari jarayonida 4 ta korxona ushbu ro‘yxatdan chiqarildi.

Bular:

- «ASL INSHOOT» MChJ (STIR: 307218046, Toshkent viloyati);

- «MIX PERFECT» MChJ (STIR: 306014128, Toshkent viloyati);

- «MAROOF» MChJ (STIR: 307384166, Namangan viloyati);

- «BUILDING GLOBAL FUTURE» MChJ (STIR: 307462590, Andijon viloyati).

Yuqorida nomi qayd etilgan korxonalarning 288 ta kontragenti tomonidan hisobga olingan 21,9 mlrd. so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalari qayta tahlil qilindi, ularga tuzatish kiritish talab etilmaydi, tuzatish kiritilgan summalar esa qayta tiklanadi.

Bu haqda ushbu to‘rtta korxona va ularning kontragentlari shaxsiy kabinetiga tegishli xabarnomalar yuborildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar