3 mart kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida fuqarolarga yakka tartibda uy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kredit ajratilishi belgilandi.
Bunday kreditlar 20 yilga ajratiladi, ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Moliya vazirligiga ushbu yo‘nalish uchun 1,5 trillion so‘m resurs ajratish, viloyat hokimlariga qaysi tumanda qancha oilaga ko‘mak berish masalasini hal etish vazifasi qo‘yildi.
Uy-joylar qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, joriy yilda ipoteka krediti bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davr kiritiladi. Shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Ya’ni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos.
Kredit olgan aholi uchun foiz to‘lovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi.
Shuningdek, quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytirilishi ma’lum qilindi. Jumladan, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar bo‘yicha 20 milliard so‘mgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensatsiya beriladi.
Yig‘ilishda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarni ijtimoiy ijara asosida uy bilan ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun hududlarga mingta kvartira sotib olish uchun mablag‘ ajratilishi qayd etildi.
Lekin, shu bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy ijarani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Misol uchun, xususiy uylar ijara haqining bir qismiga subsidiya berish yoki foydanilmayotgan yotoqxonalarni ta’mirlab, ijtimoiy ijaraga ajratish mumkin.
Mutasaddilarga bu boradagi tartibni ishlab chiqish va eng muhtoj oilalar ruyxatini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Eng muhim masala, berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qo‘llash bo‘yicha adolatli tizim yaratish, bu borada odamlarimizning xabardorligini oshirish zarur, – dedi Prezident.
Shu maqsadda mahalliy kengash deputatlari, jamoat faollari ishtirokida “xalqparvar komissiya” tashkil etish taklifi bildirildi. Ular quruvchiga yerning adolatli ajratilishi, imtiyozga mos ehtiyojmand oilalar ro‘yxatining shakllanishi va qurilishlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Yangi tizim asosida, sohada yaratilayotgan imkoniyatlar mahallalarda keng aholiga yetkaziladi.
Moliya vazirligiga 1 iyunga qadar subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni ijtimoiy mezonlar asosida tanlash va subsidiya to‘lash jarayonlarini avtomatlashtirish vazifasi yuklatildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 1 maygacha kredit berish va subsidiya olish tartiblari, uy-joylar hamda quruvchilar haqidagi ma’lumotlarni qamrab oluvchi ipoteka veb-portalini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Izoh qoldirish