Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan choraklik Makroiqtisodiy sharhning birinchi soni tayyorlandi. Mazkur hisobotda mamlakatning joriy makroiqtisodiy holati tahlil etilib, 2023 yil uchun prognozlar berilgan.
Makroiqtisodiy sharh Markazning muntazam nashri hisoblanadi.Unda O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatning tezkor tahlili taqdim etilib, qisqa muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha baholashlar keltiriladi.
Nashrda yalpi ichki mahsulot, sanoat, investitsiyalar, iste’mol xarajatlari, inflyasiya, foiz stavkalari, kreditlash, ichki va tashqi savdo, daromadlar, davlat byudjeti xarajatlari va daromadlari, siklik moslashtirilgan byudjet balansi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.
Sharh milliy iqtisodiyot rivojlanishining holati va asosiy tendensiyalarining monitoringi, shu jumladan, qisqa muddatli iqtisodiy istiqbollarini shakllantiruvchi pul-kredit va fiskal sohalardagi davlat siyosati masalalarini qamrab oladi.
Sharhning maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va milliy iqtisodiyotning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish shartlarini ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy siyosat sohasidagi rivojlanish istiqbollarini baholashdan iborat.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023 yil yanvar-iyun bo‘yicha Makroiqtisodiy sharhining asosiy xulosalariga quyidagi baholashlar kiradi:
- Yalpi talab omillari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib aholining yalpi iste’mol xarajatlarining ko‘payishi xizmat qilmoqda;
- Markaz baholashlariga ko‘ra, may oyida aholining nominal daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,6 foizga oshgan;
- Iste’molchilar kayfiyati indeksi iqtisodiyotdagi optimistik kayfiyat yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda;
- Aholining iste’mol xarajatlari va iqtisodiy faollikning oshishi kutilmoqda;
- Fiskal va monetar rag‘batlantirish vositalari orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishni davom ettirish inflyasion bosimni keltirib chiqarishi mumkin;
- Keyingi yillardagi tendensiyalar iqtisodiyotda tarkibiy va texnologik o‘zgarishlar ro‘y berayotganidan, resurslarni taqsimlash samaradorligi ortib borayotganidan dalolat bermoqda;
- Fiskal sektor tahlili shuni ko‘rsatadiki, fiskal siyosat protsiklik holatda, ya’ni iqtisodiy o‘sish o‘z salohiyatiga qaytgan bo‘lsada, iqtisodiyotni rag‘batlantirishda davom etmoqda.
- 2023 yilning birinchi yarmida savdo shartlari indeksi 89,7 bandni tashkil etdi (2019 yilning asos davri – 100). 2019 yil boshiga nisbatan charm buyumlar, mis va mis mahsulotlari, kulolchilik, ipak mahsulotlari, qora metallar, plastmassa va poyabzallar bo‘yicha savdo shartlari yaxshilangan.
- Markaz prognozlariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi bazaviy ssenariy bo‘yicha 5,8 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
2023 yilning yanvar-iyun oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)
Izoh qoldirish