“O‘zbekistondan nigoh: Turkiy makonda iqtisodiy hamkorlik masalalari” mavzusidagi xalqaro davra suhbati

“O‘zbekistondan nigoh: Turkiy makonda iqtisodiy hamkorlik masalalari” mavzusidagi xalqaro davra suhbati

2024 yilning 27 sentyabr kuni Toshkent shahrida Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahlili markazi (CAERC) tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan «Turkiy davlatlar iqtisodiyoti» kitobi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Kitob keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, unda yetti turkiy davlatning 35 dan ortiq yetakchi olimlari mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni chuqur tahlil qilishgan. Davra suhbati ishtirokchilari iqtisodiy tendensiyalarning umumiy ko‘rinishi va har bir mamlakat uchun so‘nggi o‘n yillikdagi aniq ko‘rsatkichlarning batafsil tahlili bilan tanishdilar.

Davra suhbatining asosiy maqsadi – turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qilish, so‘nggi o‘n yillikdagi mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish, ekspertlar va tahlil markazlari o‘rtasida fikr almashish platformasini yaratish, "Turkiy dunyo. 2040 yilga nigoh" prizmasi orqali iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslarini shakllantirishdan iborat.

Iqtisoiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov ishtirokchilarni qutlar ekan, ushbu kitob tadqiqotchilar, siyosatchilar va tadbirkorlarga turkiy makondagi iqtisodiy jarayonlar dinamikasini tushunishga yordam beradigan tahlillarni taqdim etib, ilmiy jamoatchilikka muhim hissa qo‘shgan.

Shuningdek, Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Ilhom Aliyevning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasi shu oyda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish uchun amalga oshirilmagan salohiyatni o‘rganish maqsadida amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib, 20 ta vazirlik va idoralar faoliyatini o‘rganib chiqqanini qo‘shimcha qildi.

"Endi bizning tahlil markazlarimiz hamkorlikning yanada samarali mexanizmlarini, shu jumladan, transport va energetika sohalarida faol ish olib bormoqda", – dedi O. Xakimov.

So‘ngra CAERC ijrochi direktori, professor doktor Vusal Gasimli ishtirokchilarga murojaat qilib, "Turkiy davlatlar iqtisodiyoti" kitobini TDT a’zolari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish uchun yo‘l xaritasi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ushbu nashr mintaqamiz va undan tashqarida kelajakni shakllantirish uchun katta ahamiyatga ega.

"Bizning mas’uliyatimiz tez o‘zgaruvchan iqtisodiy muhitda iqtisodiy integratsiya va barqaror o‘sishni o‘z ichiga olgan yo‘lni belgilashdir. Kitobda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, savdo oqimlari mexanikasi va TDT mintaqasidagi yirik iqtisodiy koridorlarning mumkin bo‘lgan ta’siri ochib berilgan", – deya qo‘shimcha qildi u.

CAERC huzuridagi Turkiy dunyoni tahlil qilish markazi direktori Vusala Jafarova ishtirokchilarni «Gravitatsiya modeli» va «Grafik nazariyasi» kabi asosiy metodologiyalar, shuningdek, Zangezur koridorining ko‘p tomonlama savdoga ta’siri bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar «Turkiy dunyo: 2040 yilga nigoh» prizmasi orqali iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslari bilan tanishdilar.

Taqdimot davomida quyidagi asosiy xulosalar taqdim etildi:

  • import qiluvchi va eksport qiluvchi YaIMning savdoga ijobiy ta’siri TDT mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni tasdiqlaydi va savdo aloqalarini chuqurlashtirish uchun iqtisodiy o‘sishning muhimligini ta’kidlaydi;
  • aholining o‘sishi qo‘shimcha iste’mol bozorlarini yaratadi, bu esa savdo hajmining oshishiga yordam beradi;
  • savdo hajmini oshiruvchi omil sifatida umumiy chegaraning mavjudligi geografik yaqinlik va madaniy o‘xshashlikning muhimligini ko‘rsatadi, bu esa yanada yaqinroq hamkorlik va integratsiya uchun imkoniyatlar yaratadi.

Umuman olganda, CAERC tadqiqotining natijalari turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga strategik yondashuv muhimligini ta’kidlaydi.

Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, TDT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyati juda katta. 2023 yilda a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarning umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti dunyoning 1,7 foizini (taxminan 1,79 trln. doll.), xarid qobiliyati pariteti (PPP) bo‘yicha esa dunyoning 3,1 foizini (taxminan 5,7 trln. doll.) tashkil etdi. TDTga a’zo mamlakatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi 2023 yilda 1,2 trln. dollardan oshdi.

2023 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining TDT mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 10 mlrd. dollarni tashkil etdi, shundan eksport hajmi 3,6 mlrd dollarni, import hajmi 6,4 mlrd dollarni tashkil etdi, bu esa 4,6 foizga o‘sishga to‘g‘ri keladi. TDT mamlakatlari O‘zbekiston Respublikasi umumiy tashqi savdo aylanmasining 16 foizini tashkil etdi. Bu TDT davlatlari iqtisodiyoti ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldirishini, tovar-xomashyo birjasi va sanoat kooperatsiyasining kengayishi iqtisodiyotimizning yanada jadal rivojlanishiga hissa qo‘shishini tasdiqlaydi.

Tadbir davomida yanada integratsiyalashgan va o‘zaro manfaatli iqtisodiy makon yaratish uchun aniqlangan imkoniyatlardan yanada faol foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Davra suhbati kitobda keltirilgan g‘oyalar haqida fikr almashish va muhokama qilish, shuningdek, mintaqaning yetakchi mutaxassislari va tahlil markazlari o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun platformaga aylandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar