So‘nggi vaqtda jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy narxi 400 dollarga ko‘tarildi va yil boshiga nisbatan narxlar 30 foizga oshdi.
Narx-navo barqarorligiga erishish uchun birinchi navbatda g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarurati tug‘ilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda quvvati qariyb 3 million tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. O‘tgan yili respublika bo‘yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
11 may kuni g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emasligi, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilmayotgani, shuningdek davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmaganligini tanqid qildi.
Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida ushbu yig‘ilishning mazmun-mohiyati yuzasidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Xalilulloh Hamidov o‘z munosabatini bildirdi.
"Fermer bu – tadbirkor, ularga tovariga yarasha haq berishimiz kerak. 2 minglik tovariga 1,5 ming bersak, u sizga hech qachon sotmaydi. Xuddi shunday bozor iqtisodiyotiga bosqichma bosqich o‘tib kelyapmiz, bitta qolgan yo‘nalishlarimizdan biri bu donni erkinlashtirish edi. Global hayotga nazar soladigan bo‘lsak, aholi soni o‘sib boryapti. 2050 yilga borib, butun jahonda aholi soni 9 mlrdga yetishi taxmin qilinyapti. O‘zbekistonga o‘xshagan rivojlanayotgan davlatlarning aholisi juda ham tez sur’atlarda o‘sib boryapti. Lekin yerlar cheklangan. Bir paytlar ekin ekiladigan yerlar uy qurish uchun bo‘lib berilgan edi, hozirga kelib foydalanishdan chiqqan yerlar qaytadan o‘zlashtirilyapti. Lalmikor yerlardan foydalanishimizga to‘g‘ri kelyapti. Boshqa tarafdan kambag‘allikka qarshi kurashda aholiga yerlar ajratib berilyapti.
Tannarx jihatidan qaraydigan bo‘lsak, fermer yoqilg‘i, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kimyoviy moddalar ishlatadi. Yana cheklangan yerdan mahsulot olish degani zamonaviy o‘g‘itlarni talab qiladi. Bu o‘g‘itlarning aksariyati import bo‘ladi. Import valyuta kursi bilan bog‘liq. Valyutada olganimizdan keyin o‘g‘itlarning ham narxi oshadi, demak kredit olgan fermer kreditiga alohida xarajat qilishi kerak. Shuni nazarda tutib, bugun bozor narxini erkinlashtirmasak, ertaga aholini nonga, donga talabi o‘sib borganidan keyin narx o‘z-o‘zidan oshib boradi. Rossiya va Ukraina mojoralarida ikkita davlat donlarni eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlar hisoblanadi. Mana ko‘rdik o‘g‘it Yevropaga yetib bormadi, fermerlar ko‘chaga chiqishga majbur bo‘ldi", dedi ekspert Xalilulloh Hamidov.
Izoh qoldirish