UzAnalytics saytiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yetakchi ilmiy xodimi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Akram Umarov Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun dolzarb mavzular haqida so‘zlab berdi.
"Ayni damda Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning quyidagi yo‘nalishlarni ustuvor deb bilaman", deydi Akram Umarov.
Afg‘onistondagi vaziyat. 2016 yilda nihoyasiga yetgan doktorlik dissertatsiyam mavzusi hozirgi vaziyatda Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligini ta’minlashda afg‘on omili ahamiyatiga bag‘ishlangan edi. Ushbu ilmiy ishda men ilgari surgan asosiy g‘oya Afg‘onistonga uzoq yillar davomida O‘zbekistonga va butun mintaqaga xavf-xatar manbai sifatida qarashlar ushbu mamlakatdagi mojaroli vaziyatni yanada og‘irlashtiruvchi omillardan biri ekanidir. Ayni yondashuv Afg‘onistonning asrlar davomida Markaziy Osiyo mintaqasi bilan shakllangan chuqur va keng qamrovli aloqalarini deyarli to‘liq cheklab qo‘ygan va xavfsizlik nuqtai nazari boshqa barcha yo‘nalishlardan ustun qo‘yilgan. Men ilmiy ishimda qo‘shni mamlakatga bunday munosabatni o‘zgartirishga, o‘zaro manfaatli hamkorlikka yo‘l ochish zarurligiga urg‘u berganman.
Turli tashqi kuchlarning Markaziy Osiyo mintaqasidagi manfaatlari va amalga oshirayotgan siyosati tahlili. Men ushbu yo‘nalishda AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yevropa Ittifoqi, Eron, Turkiya va boshqa davlatlarning ustuvor manfaatlari hamda ularning mintaqa mamlakatlari barqaror rivojlanishi va tashqi siyosati shakllanishiga ta’sirini o‘rganaman. Bunda, albatta, ushbu davlatlarning Markaziy Osiyo bilan xavfsizlik, siyosat, energetika va iqtisodiyot sohalaridagi o‘zaro aloqalari, ularning o‘zgarish dinamikasini doimiy ravishda kuzatib, tahlil qilib boraman.
Nihoyat, so‘nggi paytlarda mintaqa mamlakatlarining ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolarini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratyapman. Yaqinda yakunlangan tadqiqotim Qirg‘izistonning mustaqillik yillarida chet mamlakatlar va turli xalqaro tashkilotlardan olgan moliyaviy yordamining mamlakat ravnaqi, amalga oshirilgan turli islohotlar natijasiga ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Ushbu izlanishning dastlabki natijalari tashqi moliyaviy yordamga qaramlik, ya’ni yalpi ichki mahsulot shakllanishida uning ulushi katta bo‘lishi ayrim hollarda davlat islohotlari unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Fikrimcha, mintaqadagi ichki salohiyatdan oqilona foydalanish barcha mamlakatlar taraqqiyoti garovi bo‘lishi mumkin. Keyingi ilmiy faoliyatimda ham Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi muammolarini tahlil qilishga ko‘proq e’tibor qaratishni rejalashtirganman.
Umarov Xitoy anchadan beri o‘z “yumshoq kuchi”ni (soft power) mintaqamizda kuchaytirishga taraddud ko‘rib kelayotgani, ushbu siyosat nimalarga erishishi mumkinligi haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.
‒ Xitoyning Markaziy Osiyodagi “yumshoq kuchi” boshqa yirik mamlakatlar (Rossiya va AQSh) bilan solishtirganda, ancha ortda qolmoqda. Rossiya “yumshoq kuchi”ni ko‘proq rus tilining mintaqamizda qaror topgan maxsus o‘rni, umumiy tarix va ommaviy axborot vositalari orqali ilgari surmoqda. AQSh esa yoshlarga ko‘plab ta’lim olish imkoniyatlari va rivojlanish darajasi yuqoriligi bilan mintaqa xalqlari e’tiborini tortmoqda. Xitoy ham shunga o‘xshash vositalar bilan Markaziy Osiyodagi ta’siri va jozidaborligini oshirishga urinmoqda.
So‘nggi yillarda Xitoy hukumati mintaqa yoshlariga o‘z universitetlarida ta’lim olishi uchun minglab grantlar ajratmoqda, xitoy tili va madaniyatini o‘rganishga mo‘ljallangan Konfutsiy institutlari sonini ko‘paytirish hamda madaniy hamkorlik darajasini oshirish orqali “yumshoq kuchi”ni rivojlantirishga harakat qilyapti. Biroq so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlarida aholining Xitoyga qarshi chiqishlari sinofobiya haligacha keng tarqalganidan dalolat beradi. Koronavirus epidemiyasi tarqalishi ham Xitoyga o‘qishga borishga intilayotgan yoshlar soni kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xitoy madaniyatini to‘laqonli ko‘rsatishga mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar, televizion seriallar va xitoylik ijodkorlarning mintaqaga safarlari, xitoylik kompaniyalarning mintaqa iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissasini omma e’tiboriga taqdim eta bilish ushbu mamlakat imijining Markaziy Osiyo xalqlari ko‘z o‘ngida ijobiy tarafga o‘zgarishiga xizmat qilishini kutsa bo‘ladi.
Ekspert O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)gaqo‘shilsa, qaysi sohalarda ijobiy natijalarga erishishi mumkinligi haqida ham gapirdi.
YeOII bilan hamkorlik darajasini aniqlashda kutilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni to‘liq hisobga olish va chuqur tahlil qilish lozim, deb hisoblayman. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ushbu masala bo‘yicha e’lon qilingan ba’zi tadqiqotlarda asosiy e’tibor kutilayotgan iqtisodiy oqibatlarni o‘rganishga qaratilmoqda va umuman olganda, ko‘plab ijobiy natijalar kutilayotgani ta’kidlanmoqda. Bunda mamlakatimizning transport va logistika, tovarlar eksportini oshirish hamda ittifoqqa a’zo mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga qulayliklar yaratish kabi masalalar e’tibor markazida bo‘lib qolmoqda.
Men iqtisodchi emasman, shu sababli bunday xulosalarga professional va to‘laqonli baho berishim qiyin. Biroq mustaqillikka erishilgandan so‘ng O‘zbekiston tashqi savdosida hozirgacha qo‘shni va boshqa postsovet mamlakatlarining salmog‘i katta bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqchiman. Shuningdek, tashqi yirik bozorlarga chiqish uchun tranzit yo‘llar hali ham, asosan, postsovet mamlakatlari hududi orqali o‘tishiga e’tibor berish lozim, deb o‘ylayman. Shu sababli ushbu ittifoq bilan chuqur integratsiyalashuv yo‘lini tanlash mamlakatimizning tashqi eksport bozorlarini va marshrutlarini diversifikatsiya qilishga bo‘lgan rag‘batlarini so‘ndirishi mumkin. Hozirgi kunda YeOIIga a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan ko‘plab bahslar va ushbu muammolarni hal qilish imkoniyatiga ega betaraf, adolatli va barcha taraflar tan oladigan mexanizm yo‘qligiga diqqat qilish kerak.
Yana potensial a’zolikning siyosiy oqibatlari haqida qisqacha to‘xtalsam. YeOIIning yetakchi mamlakati Rossiya Federatsiyasining jahon hamjamiyatidagi hozirgi o‘rni, boshqa yirik mamlakatlar bilan mavjud ziddiyatlari, unga nisbatan joriy qilingan turli sanksiyalar va ularning iqtisodiyotga salbiy ta’siri chuqur o‘rganilishi lozim.
Umumiy xulosam shuki, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik shakllari va istiqbollarini har taraflama tahlil qilish, turli ekspertlar uchrashuvlarini tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida yoritish va jamoatchilik e’tiboriga taqdim etish lozim.
Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari bo‘lib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yoki O‘zbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
Izoh qoldirish