Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashning asosiy chora-tadbirlari haqida gapirdi (+video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashning asosiy chora-tadbirlari haqida gapirdi (+video)

31 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” axborot dasturiga bergan intervyusida ushbu yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar va amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaldi.

“Bo‘lib o‘tgan videoselektorda inqirozni salbiy oqibatlarini pasaytirish bo‘yicha juda ham katta krizisga qarshi choralar belgilab olindi. Bu choralarni ikki qismga bo‘lishimiz mumkin. Birinchi blok choralar – aholini daromadlarini saqlab qolish va bozorlardagi eng asosiy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Eng muhim mahsulotlar, masalan, mart oyida o‘simlik yog‘i va shakar narxlarida o‘sish kuzatildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan samarali chora-tadbirlar tufayli muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarida, masalan go‘sht, kartoshka kabi mahsulotlar narxi keskin o‘zgarishining oldi olib qolindi.

Hukumat tomonidan muhim rezervlar (masalan, shakar) har bir viloyatlarga yetarli darajada bo‘lib berilgan. Lekin ayrim bir mahalliy hokimliklar tomonidan mana shu ajratilgan rezervlarni vaqtida joylarga yetkizib borilmaganligi ajiotajlar paydo bo‘lib, narxlar ko‘tarilishi holatlari kuzatilgan. Ajratilgan rezervlarni o‘z vaqtida tarqatish va bozorlardagi narxlarni keskin oshishini oldini olish bo‘yicha alohida ishlar olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mahsulotlar va bozorlardagi holatlar tahlil qilib borilyapti va o‘sha bozorlardagi o‘zgarishlarni tezkor ravishda to‘g‘irlash bo‘yicha choralar ko‘rilyapti", dedi Obid Hakimov.

Oziq-ovqatlar narxlari barqarorligiga erishish haqida gap ketganda mavjud zaxiralar hajmi ham juda muhim. Xo‘sh, shakar, un yoki o‘simlik yog‘i kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qancha zaxirasi bor?

Shakar bo‘yicha 1 aprel holatiga qolgan qoldiqlarimiz 250 ming tonnadan ortiq. Demak, ko‘rinib turibdiki, zaxiralar yetarli, hech qanday ajiotajga o‘rin yo‘q. Bundan tashqari bug‘doy uni haqida ham aytadigan bo‘lsak, aholimizning yillik iste’moli 2,5 mln. tonna bo‘ladigan bo‘lsa, hozirgi zaxiralarimizning o‘zi 1 mln. tonnaga yaqin. Bundan tashqari davlatimiz rahbari tomonidan 500 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar kerakli oziq-ovqat mahsulotlarining importi uchun berilgan. Bu kreditlar muddati yana uzaytirildi. Har bitta viloyatda, tumanda va shaharda bozorlardagi oziq-ovqat narxlarini monitoringlarini olib borish va o‘zgarishlarga o‘z vaqtida bozor qonun qoidalariga asosan javob qilish topshiriqlari berildi.

Davlatimiz rahbarining eng katta topshiriqlaridan bittasi, bu yilgi inflyasiyadan kelib chiqqan holda aholini ijtimoiy himoya to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bo‘ldi. Mehnat migrantlarimiz bor mamlakatlarda bo‘layotgan inqirozlar tufayli mart oyida 70 mingga yaqin mehnat migrantlari qaytib kelgan, bu qaytib kelish kelajakda yana ham ko‘payishi mumkin. Shuning uchun o‘z oldimizga qo‘ygan bandlik dasturlarini albatta ta’minlashimiz shart. Bu orada har bitta hududda reja qilingan investitsiya loyihalari, bandlikni ta’minlash bo‘yicha qilingan davlat dasturlari bor, bu narsalar qanchalik og‘ir bo‘lmasin o‘z kuchida qoladi deb, davlat rahbari tomonidan aytib o‘tildi. Masalan, yil boshida foiz stavkalari past bo‘lgan davrda 10 trln. so‘m mablag‘larni oilaviy tadbirkorlik dasturlariga, 2 trln. so‘m mablag‘larni meva-sabzavotchilikni rivojlantirish dasturlariga, 13 trln. so‘m mablag‘larni ipoteka dasturlariga yo‘naltirgan edik. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, davlatimiz rahbari tomonidan aytildiki, har bitta o‘sha dasturlarni foiz stavkalari, hajmlari ham o‘zgartirishsiz qoldiriladi. Foizlar ko‘tarilishiga qaramasdan xalqimizga yoki odamlarimizga tadbirkorlikni boshlashlari uchun qo‘shimcha xarajatlar tug‘dirmaydigan qilib sharoitlar yaratish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan topshiriqlar berilgan, deya ta’kidladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari.

Bandlikni ta’minlashda yana bir muhim mexanizm - 80 ming gektar maydon aholiga 10 yil muddatga ijaraga berish mexanizmi joriy etilgan edi. Bu ham oziq-ovqat barqarorligiga erishishga shu bilan bir qatorda aholi bandligini ta’minlashga asos bo‘ladi.

"80 ming gektar yerlarni dehqon xo‘jaliklariga tarqatish bo‘yicha ishlar hozirda avjida ketmoqda. Yaqin orada yakunlanishi kerak. Bu borada ham faqatgina bandlik yoki daromad keltiribgina qo‘ymay, oziq-ovqat ishlab chiqarish va uni xavfsizligini ta’minlashda juda ham muhim bo‘ladi. Va bu asosan mamlakatimiz tomonidan olib borilayotgan kambag‘allikni qisqartirish strategiyasida eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi", dedi O.Hakimov.

Yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda marra katta olingan. Dastlabki 6 oyda 2 mln 800 ming nafar aholining bandligi ta’minlanishi zarur. Albatta bu maqsadga erishish uchun mavjud resurslardan samarali foydalanish taqozo etadi. Masalan, bugungi kunda 67 ta faoliyat turi, o‘zini o‘zi band qilish shakliga o‘tkazilgan. Bunday kasblarni yana 20 taga ko‘paytirish evaziga qo‘shimcha 150 ming nafar aholining bandligini ta’minlash mumkin.

Tashqi xavf-xatarlar ta’sirini kamaytirishda biznesni qo‘llab-quvvatlash ham kun tartibidagi muhim masalalardan. Shu bois tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar taqdim etish bo‘yicha muhim yangiliklar e’lon qilindi.

"Bozordagi talab va taklifni o‘zgarishi orqali tadbirkorlarga qandaydir noqulayliklar tug‘ilishi mumkin. Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektr yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarni iloji boricha mana shunday qiyin davrda talofatsiz, ya’ni salbiy ta’sirlarsiz olib o‘tish bo‘yicha birinchi choralar aytib o‘tildi.

Birinchidan tadbirkorlarimiz uchun muhim bo‘lgan kredit resurslari. Tadbirkorlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 trln. so‘m mablag‘lar “revolver” kreditlar, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha kreditlar sifatida berilishi ta’kidlab o‘tildi.

Soliq hisobotlarini topshirish bo‘yicha jarimalar yil oxirigacha to‘xtatib turiladi. Ular jarimaga solinmaydi. Tadbirkorlarda hozir o‘zlarining kredit mablag‘larini to‘lay olmaslik sharotilari tug‘ilgan bo‘lsa, ularga hech qanaqa penya yoki shtraflar qo‘llanilmaydi".

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar