O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu ekspertlar uchrashuvida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Vengriyadan yetakchi tahliliy markazlar mutaxassislari, shuningdek, Turkiya savdo-sanoat palatasi va TDT Kotibiyati mas’ullari - jami 60 dan ziyod vakil ishtirok etadi.
Forumga transport-logistika kompaniyalari rahbarlari, xalqaro ekspeditorlar, avtotashuvchilar, logistika uyushmalari vakillari, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya, Toshkent davlat sharqshunoslik, Toshkent davlat transport universitetlari olimlari, mutaxassislari ham taklif etilgan.
Poytaxtimizdagi Forumlar saroyida Turkiy davlatlar tashqi siyosiy tadqiqotlar markazlarining TDT maydonida savdo-iqtisodiy kooperatsiya va transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan 8-yig‘ilishi boshlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ochib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov:
Bugun biz ko‘p jihatdan muhim uchrashuvni o‘tkazmoqdamiz. O‘zbekistonda ilk bor Turkiy davlatlar tahlil markazlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Forumimizning Samarqanddagi Birinchi TDT sammiti arafasida o‘tayotgani ham ramziy ma’noga egadir.
So‘nggi Istanbul sammitida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) platformasi to‘laqonli Tashkilotga aylanganidan so‘ng, Samarqanddagi sammit mamlakatlarimiz rahbarlarining yangi formatdagi birinchi uchrashuvi bo‘ladi. Bugungi kunda turkiy tilli davlatlarning o‘zaro hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib bormoqda.
TDT nufuzli mintaqaviy tuzilma maqomida mustahkamlanib, zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining muhim elementiga aylanmoqda. Va bu shunchaki so‘zlar emas. Mamlakatlarimiz salmoqli inson kapitaliga ega – 150 millionga yaqin kishi.
TDT mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti biru o‘ndan ikki trillion dollarni tashkil etadi. Bu Osiyo yalpi ichki mahsulotining 5,5 foizidir. Shu bilan birga, TDT mamlakatlari iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Ularda sanoatning yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 8-12 foizni tashkil qiladi.
TDT ichida katta savdo aylanmasi ham mavjud – 21 mlrd. dollar. TDTning yana bir muhim afzalligi shundaki, ushbu Tashkilot bir-biriga yaqin bo‘lgan hamda o‘xshash qadriyatlar va tamoyillarni targ‘ib qiluvchi mamlakatlarni birlashtirgan. Salohiyatlarimizni ana shunday poydevorga jamlash hozirgi beqaror geosiyosiy sharoitda katta ahamiyatga ega. Faqat ana shunday hamjihatlik va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hozirgi notinch dunyoda yuzaga kelayotgan barcha sinov va tahdidlarni osonlik bilan yengib o‘tishimiz mumkin.
--------------------------------------------------------------------------------------------------------------------
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov
- So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Tashkilot davlatlari bilan o‘zaro strategik aloqalari izchil rivojlanib borayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Oxirgi uch yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 1,5 barobarga oshib, 2021 yil yakuniga ko‘ra 9,4 milliard dollarni tashkil etdi (2019 y. – 7,4 mlrd.doll.).
Joriy yilning 1 sentyabr xolatiga Tashkilotga a’zo davlatlari kapitali ishtirokida O‘zbekistonda jami 4004 ta korxonalar tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 barobarga (2019 y. – 2089 ta) ko‘paydi. Bu ko‘rsatkichlar albatta yaxshi. Lekin mamlakatlarimiz salohiyati va biznes uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar natijasida bundanda yuqoriroq ko‘rsatkich va natijalarga erishish mumkin. O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, xorijiy investitsiyalarning himoyasini kafolatlaydigan yagona “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ikkinchidan, soliq tizimi takomillashtirilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistondagi korporativ soliq stavkasi (12%) – mintaqadagi eng quyi ko‘rsatkichlardan biri.
Uchinchidan, islohotlar ochiqlik siyosatida ham namoyon bo‘lmoqda. Dunyoning 90 ta mamlakatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi.
To‘rtinchidan, qisqa muddat ichida “Duing Biznes” global reytingida O‘zbekiston 166 – o‘rindan 69 - o‘ringa ko‘tarildi.
Beshinchidan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan haftada O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi borasidagi prognozlarini oshirdi. Jumladan, mamlakat iqtisodiyoti 2022 yilda 4 foizga, 2023 yilda esa 5 foizga o‘sishi ta’kidlandi.
Bu albatta islohotlarning boshlanishi. “Yangi O‘zbekistonda” tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish uchun barcha zarur choralar ko‘riladi va bu boradagi ishlar davom ettiriladi.
--------------------------------------------------------------------------------------------------------------------
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov
– Mamlakatimiz tashqi siyosatida birodar turkiy mamlakatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining Turkiy Kengashga 2019 yili oktyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda to‘laqonli a’zo bo‘lishi – tabiiy va tarixiy jarayonning ifodasi bo‘ldi.
O‘tgan yilgi Istanbul sammitida Turkiy Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti sifatida qayta nomlandi. Bu – turkiy davlatlar hamkorligi tarixida katta voqea bo‘ldi, albatta. Istanbul sammitida yana bir muhim qaror – “Turkiy nigoh-2040” strategik hujjatining qabul qilinganligidir. Demakki, yosh va shu bilan birga katta salohiyat va istiqbolga ega tashkilotimiz uzoq muddatli strategik vazifalariga ega bo‘lgan to‘laqonli mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylandi.
Shu bilan birga, tobora chigallashib va o‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotgan bugungi dunyo tashkilotimiz kun tartibiga yangidan yangi masalalarni va chaqiriklarni qo‘ymoqda. Mana shu jihatdan mamlakatlarimizning yetuk tahlil markazlari rahbarlarining ushbu yig‘ilishi juda o‘rinli ekanligi shubhasiz.
Bugungi tadbirning yana bir dolzarb ahamiyati shundaki, u yangi nom olgan tashkilotimizning shu yilning 11 noyabrida Samarqandda rejalashtirilgan ilk sammiti oldilan o‘tkazilayotganligidadir. Ishonchim komilki, anjuman yakunlari bo‘yicha serqirra hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini istiqbolda amalga oshirish yo‘llariga doir qiziqarli fikr-mulohazalar va xulosalar ishlab chiqiladi.
--------------------------------------------------------------------------------------------------------------------
Izoh qoldirish