O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlik har tomonlama kengaymoqda

O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlik har tomonlama kengaymoqda

Turkiy tilli davlatlar orasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqada tinchlikni ta’minlash, savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda barcha sohalarda hamkorlik qilish sharoitini yaratadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. 170 mln.dan ortiq aholini qamrab olgan tashkilotning hududi barcha davlatlar uchun katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir.

O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ga a’zo bo‘lishi mamlakatning tashqi siyosatdagi yangi yo‘nalishlarini belgilab, mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Bu raqamlarda ham ko‘rinadi - O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan hozirda qariyb 3 barobar oshib, 10 milliard dollarga yetdi.

Tashkilot doirasidagi hamkorlikda Muhtaram Prezidentimiz global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdalar.

Hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlash, global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirishda bojxona idoralarining o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada 2022 yilda bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida muhim qadam tashlandi - Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini joriy etish to‘g‘risida Bitim hamda Xalqaro qo‘shma yuk tashish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

TDT hududida yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunga eng avvalo dunyo miqyosida TIR Konvensiyasining 2021 yil maydan kuchga kirgan elektron tartiboti - eTIR xalqaro tizimiga barcha mamlakatlar ulangan taqdirdagina erishish mumkin.

Shu yo‘l bilan tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar aylamanmasi hajmini oshirish, ushbu jarayonda sarflanadigan vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirish mumkin.

“eTIR” tartiboti bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirishdan transport xarajatlarini kamaytirishgacha bo‘lgan bir qator afzalliklarga ega.

Ushbu xalqaro tizimga Ozarbayjon, O‘zbekiston va Gruziya qo‘shilgan bo‘lib, 2022 yil dekabr oyida dunyoda ilk bor Ozarbayjon va O‘zbekiston birinchi eTIR tashuvini amalga oshirgan.

Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan qizg‘in qarshi olingan va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e’tirof etilgan.

Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti rasmiy saytlarida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari o‘rtasida yuk tashish sharoitlarini yaxshilash g‘oyasining haqiqiy timsoli deya baholangan.

“eTIR” tartiboti Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarni to‘liq qamrab olsa, yuklar to‘g‘risida oldindan ma’lumot olish va o‘zaro almashishni, bojxona tartibotlari va davlat chegaralarini kesib o‘tishni tezlashtirishga, mamlakatlarning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, ishonchli va xavfsiz transport koridorlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhtaram Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining oxirgi majlisida tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surgan edilar.

Buning uchun eng avvalo, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.

Bu esa o‘z navbatida bojxona organlari zimmasiga ulkan ma’suliyat yuklaydi. Xususan, tashkilot doirasida bojxona hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishni taqozo etadi.

Hozirga qadar tashkilot doirasida Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida bitim imzolanishidan tashqari, ruxsatnoma tusidagi hujjatlarni raqamlashtirish, xavflarni boshqarish va vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.

Ammo, globallashuv va jadal texnologik taraqqiyot davrida deyarli har kuni sodir bo‘layotgan turli o‘zgarishlar hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda qamrab olish va izchillik bilan davom ettirishni talab etadi.

Masalan, xalqaro savdoda elektron tijoratning ulushi tobora oshib bormoqda. Xaridorlar turli elektron platformalar orqali boshqa davlatlardagi ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishmoqda, zamonaviy logistika esa mazkur tovarlarni iste’molchining eshigiga qadar yetkazib bermoqda.

Shu boisdan, istiqbolda elektron tijoratning bozori yanada o‘sishini inobatga olib, O‘zbekiston bojxonasi TDT doirasidagi tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlaydigan va qo‘shimcha to‘siqlar yaratmaydigan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish takliflarini ilgari surmoqda.

Yana bir jihat - O‘zbekistonda bojxona sohasini raqamlashtirish va bunda sun’iy intellektdan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bojxona sohasida to‘plangan katta hajmdagi ma’lumotlarni qo‘lda boshqarish va tahlil qilish tobora qiyinlashib borishini inobatga olsak, sun’iy intellektni keng qo‘llashga va tabiiyki bu borada yuqori salohiyatli kadrlarga zarurat ortaveradi.

Shu boisdan O‘zbekiston bojxonasi TDT doirasida mazkur yo‘nalishda ham hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston tomoni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bojxona xizmati xodimlari o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil etish taklifini ham ilgari surgan. Ushbu format tashkilot doirasida bojxona xizmati xodimlari o‘rtasidagi do‘stona muhitni yanada kuchaytiradi va hamkorlikning samaradorligi oshishiga hissa qo‘shadi.

Raxmonqul Shoimqulov

Bojxona qo‘mitasining Ilmiy markazi

bosh inspektori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar