O‘tgan haftada issiq havo tufayli O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli eng yuqori tarixiy ko‘rsatkichga yetdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Agar o‘tgan yoz mavsumida sutkasiga o‘rtacha 224 mln kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, bu raqam 22 iyul kuni 237 mln kVt/soat yoki 6 foizga ko‘pni tashkil qildi. Bu joriy yildagi eng yuqori iste’mol ko‘rsatkichidir, deyiladi xabarda.
Toshkent shahrida iste’mol tarixiy ko‘rsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori bo‘ladigan iste’moldan ham ortdi.
22 iyul sanasida bu ko‘rsatkich 27,5 mln kVt/soatni yoki 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumidagi kunlik eng yuqori iste’mol miqdoridan 15 foizga ko‘p — 24 mln kVt/soatni tashkil etdi.
«Iste’molning bunday oshishiga, albatta, yangi binolarning qurilishi, ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi bilan bir qatorda ayrim xonadonlarda elektr energiyasining sutkalik iste’moli 1000 kVt/soatgachaga yetgani yoki ushbu xonadonlar o‘rtacha xonadonning 4−5 oylik elektr energiyasi iste’molini bir kunda iste’mol qilishi sabab bo‘lgan», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish