YeOII: siyosatlashgan iqtisodmi yoki iqtisodlashgan siyosat?

YeOII: siyosatlashgan iqtisodmi yoki iqtisodlashgan siyosat?

Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda ayrimlarimiz o‘zimizni, bizningcha, bir narsani unutgandek his etayapmiz. Unga o‘ta siyosiy tus berayapmiz. Hadiksirayapmiz. Xavfsirayapmiz. Turli variantlarda, masalaning siyosiy jihatlariga haddan ziyod urg‘u berib, “Ixtiyorimizni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yish ehtimoli bor”, - qabilidagi fikrlarni bildirayapmiz.

Haqiqatdan ham siyosat – bu o‘ta qaltis hodisa. U, aslida, o‘ziga xos –olov. U bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. O‘ynashsak –kuyib qolishimiz mumkin.

Siyosatning turlari ko‘p. Ulardan biri iqtisodiy siyosatdir. Endi bir e’tibor bering-a? Iqtisodiy siyosatda nima birlamchi? Iqtisodmi yoki siyosat? Hatto yozilishidan ham ko‘rib turganingizdek, unda, shak-shubhasiz, iqtisod birlamchidir. Bu ushbu variantda siyosatning “taqdir”ini, avvalo, iqtisod hal qiladi, deganidir. Bunday sharoitda masalaga bunchalik siyosiy “to‘n kiydirish” qanchalik o‘rinli? U o‘zining mantiqiy asosiga egami?...

Buning ustiga, masalaning quyidagi jihatiga ham bir e’tibor beraylik-chi, unda qanday manzaraning guvohi bo‘lar ekanmiz, ya’ni YeOIIni tuzishning maqsadlari nimalardan iborat? Mana ular: a) a’zo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish; b) Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish; v) global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish (2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy itttifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasi).

Endi ana shu uch guruhga birlashtirilgan maqsadlarni so‘zma-so‘z yoki hijjalab o‘qib, o‘zimizning “qalb prizma”mizdan o‘tkazaylik-chi, ulardan nimaning hidi kelayotgan ekan? Iqtisodningmi yoki siyosatning? Sog‘lom fikrlaydigan har bir fuqaro bu yerda, avvalo, iqtisodning hididan bahramand bo‘ladi, shunday emasmi?!

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, iqtisodning negizida bizning ko‘zimiz ko‘rolmaydigan yoki aqlimiz idrok etishga ojiz bo‘lgan siyosat yashirinmaganmikan? Boringki, shunday ham bo‘lsin, deylik. Lekin u, baribir, siyosat emas-da! Nari borsa, u iqtisodiy siyosatdir. Zero, iqtisodiy siyosat bilan ciyosat o‘rtasida barobarlik belgisini qo‘yib bo‘lmaydi.

Yana bir masalaga, ya’ni iqtisodlashgan siyosat va siyosatlashgan iqtisodga aniqlik kiritaylik. Ularning ikkalasi ham birmi yoki boshqa-boshqa narsalarmi? Ayrimlarning nazarida, ularning ikkalasi ham – bir xil. Go‘yo “ikki o‘n besh – bir o‘ttiz”dek. Aslida-chi? Aslida esa – ular o‘rtasida osmon bilan yerchalik farq bor. YeOII doirasida siyosatlashgan iqtisod faoliyat ko‘rsatmaydi, balki iqtisodlashgan siyosat amalga oshirilishi mumkin. Shuning uchun ham uning siyosiy xavfi ayrimlar o‘ylaganchalik emas.

Shunday ekan, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasini bunchalik siyosiylashtirishga ne hojat?!

Tohir MALIKOV

iqtisodiy fanlar doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar