YeOIIga a’zolikning ijobiy va salbiy jihatlari

YeOIIga a’zolikning ijobiy va salbiy jihatlari

2020 yilning 11 dekabr sanasida Yevroosiyo iqtisodiy makonida muhim voqea yuz berdi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga “kuzatuvchi – davlat” maqomida a’zolikka qabul qilindi. Bu Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar uchun ham, O‘zbekiston uchun ham katta ahamiyatga ega hodisa hisoblanadi.

Shu voqea munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda, radio, televideniye va vaqtli matbuotda, hatto 3-4 ta odam to‘plangan joylarda ham yurtimizning Yevroosiyo ittifoqiga kirishi masalasi yana qaytadan qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘la boshladi. Fikr-mulohazalar turli-tuman, kimlardir mazkur ittifoqqa kirishimizni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi. Mazkur maqolada men ham YeOIIga a’zolikning ayrim ijobiy va salbiy jihatlari haqidagi fikrlarimni O‘zbekistonning mazkur Ittifoqqa ehtimoliy a’zo bo‘lishi misolida bayon qilaman. Ya’ni faraz qilaylik, mamlakatimiz YeOIIga qachondir haqiqiy a’zo maqomida kirsa, buning natijasida bizda qanday o‘zgarishlar yuz bergan bo‘lardi?

Avvalo, YeOII ning maqsadlari haqida so‘z yuritsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, biror-bir iqtisodiy uyushmaga a’zo bo‘lishdan oldin uning maqsadlari bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelish-kelmasligini aniqlab olishimiz lozim. 2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari sifatida quyidagi vazifalar belgilangan:

- a’zo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;

- Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish;

- global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya , kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish.

Ko‘rinib turibdiki, bu maqsadlar 2016 yil sentyabr oyidan boshlangan O‘zbekiston Respublikasi yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini ko‘rsatib bergan “Harakatlar Strategiyasi”da belgilangan vazifalarga to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlarining umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aholisining soni 186 million kishi, YaIM hajmi 1,9 trillion AQSh dollariga teng. Demak, YeOII – hajmi jihatidan katta bozor va unga erkin kirish O‘zbekistonga ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.

O‘zbekiston uzoq yillar mobaynida YeOII davlatlari bilan SSSR nomli bitta davlat tarkibida bo‘lgan va shu bois mazkur davlatlar bilan juda yaqin iqtisodiy aloqalar bilan bog‘langan. Bu fikrimiz tushunarliroq bo‘lishi uchun birgina qo‘shni davlatlar bilan qay darajada yaqin iqtisodiy hamkorlikda yashaganligimizni olib qaraylik. Markaziy Osiyoda joylashgan beshta davlatning asosiy hududi uzoq asrlar davomida yagona davlat tarkibida bo‘lgan.

1992-2016 yillar mobaynida beshta davlatning iqtisodiy aloqalari susaydi, o‘rtada sun’iy to‘siqlar paydo bo‘ldi. Bu davlatlarning barchasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyosatni butkul o‘zgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish siyosatini boshladi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatib, tobora kamayib borayotgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlari oxirgi yillarda yana osha boshladi. Misollarga murojaat qilaylik. Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokida 2025 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda[1], Rossiyada esa O‘zbekistonning iqtisodiy sub’yektlari ishtirokida 600 dan ortiq korxona mavjud[2]. Ikki mamlakatning mintaqalararo hamkorligi ham yanada kengaymoqda va bugun o‘zbekistonlik tadbirkorlar Rossiyaning 70 ga yaqin hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilishmoqda.

Belorussiya bilan mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati sohasida hamda mahalliylashtirishni kengaytirishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilyapti.

O‘zbekistonda Qozog‘iston Respublikasi kapitali ishtirokida 880 dan ortiq korxona, Qirg‘iziston investorlari ishtirokida esa 171 ga yaqin kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Qozog‘iston hududida 1208 ta[3], Qirg‘iziston hududida esa 53 ta O‘zbekiston korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda[4].

Lekin tan olish kerakki, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi mazkur davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarning yanada kengayishiga zamin yaratadi. Quyida ulardan ayrimlari haqida fikr yuritamiz. Masalan, YeOII davlatlari bilan hamkorlikning kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi; tuman va shaharlarni industrial rivojlantirish maqsadida hududlarga chet el investitsiya resurslarini jalb qilish imkoniyatini oshiradi.

Ittifoq doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz olib o‘tilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday to‘siqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Mamlakatimizda eksportni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish strategik vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori zarur bo‘ladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Yevroosiyo ittifoqi bilan integratsiyalashuv biz uchun bu borada juda muhim imkoniyatlar yaratadi. Qolaversa, YeOII ga kirishimiz agrar mahsulotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradiki, bu katta miqdorda qo‘shimcha foyda ko‘rishimizga sabab bo‘ladi.

Chorvachilik sohasida esa hozircha go‘sht kabi mahsulotlarni import qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Go‘sht bilan ta’minlash talab darajasida bo‘lmayotganligi sir emas, uning narxi ham qimmat. Bu masalalarni ham YeOII davlatlari hisobiga hal etishimiz mumkin bo‘ladi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Bu borada mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Sobiq Ittifoq davrida elektr energetika yagona “xalqasi” mavjud edi. U O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga umumiy quvvatlardan birgalikda foydalanish va hamma sohani elektr energiyasi bilan talab darajasida ta’minlash imkonini bergan.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Janubiy Qozog‘istonni o‘z ichiga oluvchi mintaqaviy energotizimni Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi sifatida shakllantirish 1991 yilda yakunlangan edi. U o‘z ichiga 25 ming MVt umumiy quvvatga ega 83 ta elektr stansiyasini qamrab olgandi. Biroq, Sobiq Ittifoq davlatlari tarqalib ketgach, turli kelishmovchiliklar tufayli ushbu tizim parchalanib ketdi.

YeOII ga kirish uning doirasida yagona elektr energiyasi bozori yaratish va shu yo‘l orqali barcha a’zo-davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Bu Ittifoq a’zolarining iqtisodiy o‘sishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan hisoblanadi.

O‘zbekiston ittifoqdagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda mehnat resurslari soni bo‘yicha Rossiyadan keyin 2-o‘rinni egallaydi. Bu esa, O‘zbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini ko‘rsatadi.

Lekin shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasi masalasini muhim ijtimoiy-iqtisodiy masala sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Hozirda 2,4 millionga yaqin vatandoshlarimiz ishlash uchun chet elga chiqib ketishgan. Mehnat muhojirlarining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,2 mln kishi yoki 91,7 %) mehnat qilishmoqda. Rossiyaga kirib kelayotgan migrantlar soni bo‘yicha O‘zbekiston 1-o‘rinni egallamoqda[5].

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda, fikrimizcha Ittifoqqa a’zo bo‘lish mehnat munosabatlari masalasida O‘zbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:

- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;

- migrantlarning qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni ta’minlaydi;

- mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqish qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozori muvozanatligini ta’minlaydi;

- patent to‘lovlari bekor qilinadi va bu migrantlarimizga oyiga o‘rtacha 150 – 170 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha foyda olib keladi [6];

- mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga tayyor ishchi kuchi bo‘lib va innovatsiyalar bilan keladi va boshqalar.

Yuqorida bayon etganlarim mamlakatimizning YeOII ga kirishining ijobiy jihatlari edi. Lekin bu Ittifoqqa a’zolik mutlaqo ijobiy hodisa bo‘lmay, uning ayrim salbiy tomonlari ham bor. Mana, ularning ayrimlari:

Mamlakatimizda mahsulotlari yuqori narxga ega bo‘lgan korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sirlar bo‘lishi aniq. Ayrim tarmoq va sohalarga asossiz imtiyozlar berilganligini yurtimizda 2016 yilgacha amal qilgan iqtisodiy siyosatning noxush oqibatlaridan biri sifatida talqin qilish mumkin. Masalan, avtomobilsozlik, maishiy texnika ishlab chiqarish, havo yo‘llari, farmatsevtika va iste’mol buyumlari importi kabi qator sohalarga shunday imtiyozlar berilganligi mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti asoslariga juda katta zarba yetkazdi. Bular qatoriga monopol xarakterga ega ayrim tarmoq, soha va korxonalarni ham qo‘shish mumkin.

YeOIIga a’zolik ichki bozorda import mahsulotlari hajmining ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Chunki hozirgacha ichki bozorni himoya qilishning boj to‘lovlarini yuqori o‘rnatish usulidan kechishga to‘g‘ri kelishi bunga sabab bo‘ladi. Mazkur Ittifoqqa a’zo bo‘lish uning doirasida bir xil boj to‘lovlari bo‘lishini shart qilib qo‘yadi.

Buning natijasida ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi yuz beradi. Uzoq yillar mobaynida “issiqxona” sharoitida faoliyat ko‘rsatgan tovar ishlab chiqaruvchilar bu raqobatga munosib javob bera olmasliklari mumkin.

Yuqori stavkalarda o‘rnatilgan o‘rnatilgan boj to‘lovlarining bekor qilinishi tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha tumanlararo tafovutlarning yanada ortishi olib kelishi mumkin. Negaki, ichki bozorni himoya qilishning bu usuli bekor qilingandan keyin ayrim tumanlardagi qator sanoat korxonalari bankrot bo‘lish ehtimoli kuchayadi. Chunki ularning ayrimlari yangicha sharoitga moslasha olmaydi.

Qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga, o‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning faoliyatiga ham sal ta’sir etishi kutiladi. Negaki, bu tarmoqlar korxonalari ham shu kunga qadar davlatning alohida e’tiborida bo‘lgan va zarur hollarda davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelingan.

O‘z oldiga yagona iqtisodiy makon yaratish vazifasini qo‘ymagan Hamdo‘stlik va Shanxay hamkorlik tashkilotlaridan boshqa xalqaro iqtisodiy birlashmalarga a’zo bo‘lmasdan “yashab” kelgan mamlakatimizda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishning xalqaro standartlariga mos kelish talabi deyarli bo‘lmaganligi tabiiy edi. Minglab tovarlar bo‘yicha xalqaro standartlarni tayyorlash talab etiladi. Bu juda qiyin hamda ko‘p xarajat va vaqt talab qiladigan jarayon hisoblanadi.

Ayni paytda O‘zbekistondan chetga chiqib ishlayotgan migrantlar soni ko‘p. Lekin YeOIIga kirish ularning soni yanada ortishiga olib kelishi mumkin. Negaki, Ittifoqqa a’zolik xorijga chiqish yo‘lidagi ayrim to‘siq va moliyaviy qiyinchiliklarni olib tashlaydi. Natijada sifatli ishchi kuchining chiqib ketishi va buning oqibatida mamlakatda unga bo‘lgan talab va taklifning nomutanosibligi yanada ortishi ehtimolini kuchaytiradi.

YeOIIga kuzatuvchi maqomida kirishimizda namoyon bo‘ladigan yana bir davlatlararo nomuvofiqlik bor. Ya’ni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev ta’kidlaganidek, 1992-2016 yillar mobaynida “O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini yaratish bilan shug‘ullanmadi, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlay olmadi”. Shuningdek, “bozor iqtisodiyotiga o‘tishda xususiylashtirishni o‘tkazish va xususiy mulk xavfsizligini ta’minlash kerak” [7].

Bu fikrlarga qo‘shimcha qilgan qilib, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari va dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda bundan 20-25 yillar oldin amalga oshirish lozim bo‘lgan jiddiy tadbirlarni endi bugun va yaqin istiqbolda bajarishimizga to‘g‘ri keladi. Ana o‘shanda YeOIIga a’zo davlatlar bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi mavjud ana shu tafovut bartaraf etilishi mumkin.

Qolaversa, “O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymaydi!”[8].

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishining qator ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ko‘rinib turibdiki, uning ijobiy jihatlari ancha ko‘p va salmoqli hamda Ittifoqqa kirish O‘zbekistonning manfaatlariga mos keladi.

Lekin men yuqorida bayon qilgan fikrlar YeOIIning rasmiy hujjatlarida bayon qilingan tartib-qoidalarni tahlil qilish asosida tug‘ilgan gaplar. Hayotda esa unga a’zo bo‘lgan davlatlar haqiqatdan ham bundan katta manfaat ko‘rishyaptimi, degan savollar paydo bo‘lishi tabiiy. Qolaversa, ayni paytda ayrim a’zo davlatlarda “YeOII manfaatlarimizga zarar keltiryapti, undan chiqib ketish kerak” degan da’vatlar ham uchrayapti. Masalan, “Haqiqat uchun aytish kerakki, Qirg‘iziston Respublikasining YeOIIga kirishidan salbiy holatlar ham bor: respublikaga Xitoydan soddalashtirilgan boj to‘lovlari bo‘yicha kelayotgan tovarlar to‘xtab qoldi. Yevropa davlatlari va Yaponiyadan kiritilayotgan yengil avtomobillar soni qisqardi. Tovar olib kirish uchun import bojlari 5%ga oshdi. Qirg‘izistonga arzon sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kela boshladi va ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga keskin ta’sir ko‘rsatdi[9]”.

Bu fikr Qirg‘iziston Respublikasining bitta fuqarosiga tegishli bo‘lib, uning qay darajada asosga ega ekanligini ham YeOIIning ichida kuzatuvchi bo‘lib turib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xo‘sh, YeOII va O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlari bir-biriga to‘g‘ri kelar ekan, nega mamlakatimiz unga birato‘la to‘laqonli a’zo bo‘lmasdan kuzatuvchi maqomini tanladi, degan savollar bugun mazkur masala bo‘yicha yuz berayotgan munozaralarda bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Ana shunday bahslarga nisbatan aytish mumkinki, O‘zbekiston kuzatuvchi maqomida YeOIIga kirib, mazkur Ittifoqqa to‘la a’zo bo‘lishning barcha ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur o‘rganishi va ana shundan keyin bu haqida qaror qabul qilishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Yuqorida bayon etilgan “YeOII doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz harakatlanishi eksport imkoniyatlarini yaxshilaydi; kapital harakati erkin bo‘ladi; yagona elektr energiyasi bozori yaratilib, a’zo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan ta’minlaydi; mamlakatimizda o‘tkir muammo bo‘lib turgan migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi; ular patent to‘lovidan ozod qilinadi, migrantlarning qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishi va ularning aniq hisobini yuritish yo‘lga qo‘yiladi; mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga tayyor ishchi kuchi bo‘lib va innovatsiyalar bilan keladi”, deb bildirilgan fikrlarni ham hali yaxshilab tekshirib ko‘rish kerak. Ularning qanchalik to‘g‘ri ekanligini ham YeOIIga kuzatuvchi maqomida kirib, uning ichida turib aniq o‘rganish mumkin.

Amalga oshirayotgan har bir harakatimizning ijobiy va salbiy oqibatlari bo‘lishi mumkin. Faqat biz qadam bosishimizdan oldin ijobiy jihatlar ko‘proq bo‘lishi, salbiy holatlar esa imkon qadar kam bo‘lishi haqida o‘ylaymiz, shunga intilamiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, YeOIIga “kuzatuvchi - davlat” maqomida kirish kelgusida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni yaxshilab tekshirib olish uchun qulay imkoniyatdir. Zero, “yetti o‘lchab, bir kes”, deb bejiz aytilmagan.

Umumiy xulosa sifatida ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonning YeOII kuzatuvchi maqomida kirishi unga haqiqiy a’zo bo‘lish manfaatlarimizga qay darajada to‘g‘ri kelishini amalda sinab ko‘rish imkonini beradi. Hamma gap YeOIIda kuzatuvchi maqomida yurgan paytimizda mazkur Ittifoqning barcha ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur o‘rganishimizga bog‘liq.

Odil Olimjonov,

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

[1] Korxona va tashkilotlar faoliyatining umumiy tavsifi (1 oktyabr holatiga ko‘ra, birlikda) O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi. https://www.stat.uz/uz/default/choraklik-natijalar/5708-choraklik-natijalar-2020#yanvar-sentabr

[2] Mejgosudarstvennie otnosheniya Rossii i Uzbekistana. Ria novosti. https://ria.ru/20200623/1573372132.html

[3] Deystvuyushiye yuridicheskiye litsa, filiali i predstavitelstva s inostrannim uchastiyem po regionam Respubliki Kazaxstan (na 01.12.2020g.). Byuro natsionalnoy statistiki Agentstva po strategicheskomu planirovaniyu i reformam Respubliki Kazaxstan. https://stat.gov.kz/official/industry/13/statistic/6

[4] Deyatelnost predpriyatiy s inostrannimi investitsiyami v Kirgizskoy Respublike 2015-2019. Natsionalniy statisticheskiy komitet Kirgizskoy Respubliki. http://www.stat.kg/ru/publications/sbornik-deyatelnost-predpriyatij-s-inostrannymi-investiciyami-v-kyrgyzskoj-respublike-2008-2012/

[5] https://podrobno.uz/cat/obchestvo/uzbekistantsy-zanyali-pervoe-mesto-po-chislu-trudovykh-/?

[6] https://novosti.tj/migraciya/trudovyie-migrantyi-v-rossii-dolzhnyi-oplatit-patent-do-2019-goda.html

[7] https://kun.uz/ru/52879584

[8] https://kun.uz/news/2019/10/04/ozbekiston-milliy-manfaatlarga-rahna-soluvchi-hech-qanday-shartnomaga-qol-qoymaydi-sodiq-safoyev-yeoiiga-azolik-ehtimoli-haqida

[9] Kirgiziya i YeAES: skeptiki zovut viyti. A kuda i kak idti dalshe? “Yandeks. Dzen” internet sayti. 2019 yil 19 dekabr.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar