YeOIIni kuzatib: mehnat migratsiyasi sohasi istiqbollari

YeOIIni kuzatib: mehnat migratsiyasi sohasi istiqbollari

So‘nggi yillarda O‘zbekiston demografik jihatdan sezilarli o‘sishni boshdan kechirmoqda va mamlakat yirik mehnat resurslariga ega. 2010-2020 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning doimiy aholisi 6,4 millionga yoki 23 foizga ko‘paydi. YuNISEF hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga kelib mamlakat aholisi 37 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Jahon Banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistondagi o‘rtacha ishsizlik darajasi 5-6 foizni tashkil etgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari esa, 2009 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatda ishsizlik darajasi 4 foiz punktga oshganligini ko‘rsatadi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston uchun mehnat migratsiyasi masalasi katta ahamiyat kasb etadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida 1,3 milliondan ortiq, Qozog‘iston Respublikasida esa 200 mingga yaqin o‘zbekistonliklar mehnat qiladi.

Mehnat migratsiyasi quyidagi muhim vazifalarni hal qilishga yordam beradi:

- chet elda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining pul o‘tkazmalari orqali valyuta bozorida chet el valyutasi taklifini oshirish; (har yili 4,8 dan 6 milliard AQSh dollarigacha);

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi yillarda O‘zbekistonga yuborilgan transchegaraviy o‘tkazmalarning hajmida o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, o‘tkazmalar hajmi 2017 yilda - 4,8 mlrd AQSh doll., 2018 yilda - 5,1 mlrd. AQSh dollari, 2019 yilda - 6,0 mlrd. AQSh dollari, 2020 yilda esa - 6,0 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgan. O‘tkazmalar tarkibida YeOII davlatlarining ulushi 85 foizdan ortiqni tashkil qilgan.

- mehnat bozoriga bosimni pasaytirish.

O‘zbekiston uchun mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishning mumkin bo‘lgan yechimlaridan biri bu YeOII bilan hamkorlik qilish hisoblanadi. Ittifoqqa a’zo davlatlar fuqarolari ittifoq tarkibidagi umumiy mehnat bozorining afzalliklaridan foydalanadi, rasmiy mehnat shartnomasiga ega aholi esa Ittifoq hududida muddatsiz qolishlari mumkin.

Dekabr oyida O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Shu nuqtai nazardan, tashkilot doirasidagi mehnat migratsiyasining hozirgi holati va istiqbollarini ko‘rib chiqish alohida qiziqish uyg‘otadi.

Ma’lumot uchun: Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) – bu mintaqaviy iqtisodiy integratsiya hisoblanib, faoliyati Ittifoq Shartnomasiga asosan tartibga solinadi. Shartnomaning birinchi moddasida, a’zo davlatlar Ittifoq doirasida tovar va xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatini ta’minlashi lozimligi ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda YeOII tarkibiga quyidagi 5 ta mamlakat a’zo: Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi. Tashkilotga a’zo davlatlar hisobiga quruqlikning 14 foizi to‘g‘ri kelib, ularda 185 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.

YeOII doirasida mehnat migratsiyasi

Ittifoq shartnomasi a’zo davlatlarga ittifoq doirasida mehnat migratsiyasi siyosatini tartibga solish sohasidagi siyosatni hamkorlikda olib borish majburiyatini yuklaydi. Shu bilan birga, ishchi kuchining ijtimoiy ta’minoti, tibbiy xizmati, ish stajini hisobga olish va albatta pensiya tizimi bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.

YeOII davlatlari hududida O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining soni qanchani tashkil qiladi?

O‘zbekiston uchun YeOII mehnat migratsiyasi jarayonlari jihatdan muhim tuzilma hisoblanadi. Sababi, O‘zbekiston fuqarolarining aksariyat qismi YeOIIga a’zo davlatlar hududida mehnat qilishadi. Xususan, Mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Rossiya Federatsiyasida mehnat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining soni deyarli 1,6 million nafarni, Qozog‘iston hududida esa 300 ming nafardan oshiqni tashkil qilgan.

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2019 yillar davomida O‘zbekiston Fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududiga 13 million martaga yaqin tashrif buyurgan. Ularning aksariyat (99 foizi) qismi vaqtinchalik yashash joyi, 1 foizga yaqini esa doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.

1-jadval. O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida migratsiya hisobiga kirish va chiqish holatlari bo‘yicha ma’lumot.

Manba: Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlari

Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston fuqarolarining yarmidan ko‘pi mamlakatga birinchi marotaba tashrif buyurgan fuqarolar bo‘lib, safar maqsadiga ko‘ra, ularning 80 foizdan ko‘p qismi mehnat qilish maqsadida kelganini bildirgan. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari shaxsiy (13%), ta’lim (2%), turizm (1%) va boshqa maqsadlarda Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurgan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari YeOII davlatlari hududida qanday sohalarda faoliyat olib boradi?

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Rossiya hududida asosan qurilish, kommunal xizmat ko‘rsatish, transport va logistika, chakana va ulgurji savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritadi. Qozog‘iston Respublikasida esa o‘zbekistonliklarning aksariyati qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida mehnat qiladi.

Rossiya Federatsiyasi statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sohalarda yollanma ishchining o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 300-700 AQSh dollari orasida o‘zgaradi. Xususan, qurilish sohasida 485-625 AQSh dollari, kommunal xizmat ko‘rsatishda 485-555 AQSh dollari oralig‘ida bo‘lsa, Tekstil sohasida esa 485 AQSh dollaridan boshlanadi.

Qozog‘istonda esa qurilish sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 500 AQSh dollaridan, qishloq xo‘jaligida esa 270 AQSh dollaridan boshlanadi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqorida keltirilgan raqamlar mehnat muhojirining geografik joylashuvi, texnik ko‘nikmalari va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq hisoblanadi.

Mehnat muhojirlarining qolgan 20 foizga yaqin qismi esa ma’lum darajada yuqori ko‘nikma talab qiluvchi sohalarda faoliyat yuritadi. Xususan, 7 foizga yaqini - iqtisodiyot, bank va moliya, 5 foizi - ta’lim, 3 foizi - tibbiyot, 3 foizi - muhandislik va texnologiya, 2 foizi - huquq va boshqa sohalarda mehnat qiladi.

O‘zbekistonning YeOII kuzatuvchisi maqomini olishi nimani anglatadi?

O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishi mehnat migratsiyasi sohasidagi o‘yin qoidalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi. Ammo, YeOII yig‘ilishlarida qatnashish ittifoq qonun qoidalarini yaqinroq o‘rganish va tadqiqotlar o‘tkazishni yengillashtirish imkoniyatlarini yaratadi.

Bundan tashqari, YeOII kuzatuvchisi maqomini olish O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining Rossiya Federatsiyasida duch kelayotgan asosiy muammolaridan biri bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tish muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar jarayoniga ma’lum ma’noda turtki berish ehtimoli mavjud.

Qo‘shimchasiga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutaxasislarining fikricha:

Kuzatuvchi statusi rossiyalik sheriklar bilan mehnat migrantlarining kasb-hunar va til o‘rganishlarini rag‘batlantiruvchi ikki tomonlama dasturlarni amalga oshirishga ko‘mak beradi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borish huquqini beruvchi patent olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘rsatish masalalarini hal qilishga ijobiy ta’sir qiladi.

Hasanjon Majidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Manba Spot.uz

Review.uz tarjimasi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar