YeOIIni kuzatib: O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida nima o‘zgaradi

YeOIIni kuzatib: O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida nima o‘zgaradi

YeOII mamlakatlari bozori - bu o‘zbek to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarini eksport qilishni ko‘paytirish uchun an’anaviy, asosiy va istiqbolli savdo bozori. Biroq, istiqbollar hali ham salohiyatli bo‘lib qolmoqda. Bu fikrni SPOT nashriga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Ruslan Abaturov bildirdi.

"To‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan, O‘zbekiston Yevroosiyo texnologik platformalari faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot olishga, YeOII mamlakatlarida to‘qimachilik va kiyim-kechaklarni davlat xaridlarida ishtirok etishda hamda mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga qo‘shib chiqarishda manfaatdor", deb yozadi u.

YeOII mamlakatlarining o‘z ishlab chiqarishi 184 million aholining talabini qoplay olmaydi, bu esa ushbu mahsulotlar importining sezilarli hajmini tushuntiradi.

2019 yil oxirida ittifoq mamlakatlari uchinchi mamlakatlardan to‘qimachilik va kiyim-kechaklarni 13 milliard dollarga import qildilar, so‘nggi uch yil ichida import 38 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, YeOII bozorida o‘zbek to‘qimachilik va kiyim-kechak ulushi atigi 6,4 foizni tashkil etadi.

Mahalliy to‘qimachilik sanoatining YeOIIga eksporti 3 yil ichida 44 foizga o‘sdi, shundan:

  • Rossiyaga 35 foizga,
  • Qirg‘izistonga - 2 marta,
  • Belorussiyaga - 80 foizga.

YeOIIdan O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatiga kiritgan sarmoyalari ham o‘sdi: 2017 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda esa 65,2 million dollarni tashkil etdi, bu yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan siyosat natijasidir.

Pandemiyaga qaramay O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida to‘qimachilik va kiyim-kechak savdosi o‘sishda davom etdi: 10 oy oxiriga kelib, YeOIIga eksport hajmi qariyb 820 million dollarga yetdi (o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga ko‘p).

O‘zbekistondagi to‘qimachilik va kiyim-kechak eksportining 53% dan ortig‘i YeOII mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yil O‘zbekiston va Qirg‘izistondan to‘qimachilik mahsulotlari importi faol ravishda o‘sib bormoqda: 2019 yil davomida qo‘shni respublika 96,6 million dollarni, shu yilning 10 oyida esa 223,9 million dollarni (hajmi 2,3 baravar oshdi) import qildi.

Rossiya eksport hajmini o‘tgan yilga nisbatan 11,2 foizga, Qozog‘istonga 4,2 foizga oshirdi.

YeOII tarkibida yangi maqomda bo‘lish O‘zbekistonga quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • YeOII texnologik platformalari faoliyati to‘g‘risida ma’lumot olish;
  • YeOII mamlakatlarida to‘qimachilik va kiyim-kechaklarni davlat xaridlarida ishtirok etish;
  • mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda targ‘ib qilish.

O‘tgan yil oxirida Markaz tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoatiga foydali ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlandi.

Ichki bozorda import bojlarini kamaytirish va natijada uchinchi mamlakatlar, xususan, Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan to‘qimachilik va kiyim-kechak importining ko‘payishi hisobiga raqobatning kuchayishi kutilmoqda. Mahalliy eksportchilar uchun transport xarajatlarini kamaytirish, tarifsiz to‘siqlarni kamaytirish eksport hajmining oshishiga olib keladi.

Avvalroq Ruslan Abaturov O‘zbekistonning YeOIIga kirishi charm-poyabzal sanoatining rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ma’lumot bergandi. Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoatining eksport hajmi ikki baravar ko‘payishi kutilmoqda.

Latofat Bo‘riyeva tarjimasi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar