Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan (1023-son, 20.12.2019 y.) Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga beriladi.

Yer uchastkasini tanlash materiallari “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi hududiy qurilish bosh boshqarmalari, tuman (shahar)lar qurilish bo‘limi tomonidan tayyorlanadi.

“Davergeodezkadastr” organlari yer uchastkasining boshlang‘ich narxini belgilaydi.

Yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va ular bo‘yicha xulosalar berish “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yer uchastkasi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Yer uchastkasini tanlash materiallari bo‘yicha kelishish va xulosalar berish faqat “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshiriladi.

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi organlari tomonidan bo‘sh yer uchastkalari “YERELEKTRON” AATga har oyning 5 va 20-sanalarida joylashtiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar “YERELEKTRON” AATda yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish ob’yekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish huquqiga ega.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilishi mumkin bo‘lmagan hududlarning koordinatalari har oyda kamida bir marta yangilanadi.

Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining minimal qiymati har bir tuman (shahar) uchun har yili 10 iyun va 10 dekabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari tomonidan quyidagi mezonlar bo‘yicha tasdiqlanadi:

  • yer solig‘ining yillik miqdori;
  • yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash ishlarining qiymati va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid xarajatlar;
  • yer uchastkasining joylashgan joyi;
  • muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish nuqtalarining mavjudligi.


Yer uchastkalarini doimiy foydalanishga olish uchun auksionda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan ariza va zakalat kiritish orqali ishtirok etiladi.

Auksionda fuqarolar, shuningdek, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar, jumladan, chet el fuqarolari va yuridik shaxslari ishtirok etishga haqli.

Auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, ushbu yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksion g‘olibi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

Auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani auksion g‘olibining aybi bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy tartib-qoidalarga rioya qilmaslik munosabati bilan bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar