Yangi quvvatlar negizida xomashyoni chuqur qayta ishlash, texnologik salohiyatni rivojlantirish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu omillar yagona ishlab chiqarish zanjiriga birlashganda, yirik loyiha turdosh tarmoqlar rivojiga turtki berib, tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uchinchi milliy dasturda yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish yo‘lini belgilab berdi. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish maqsad qilingan. 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda yuqori daromadli ikki millionta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bunday ko‘lamdagi maqsadlar har bir yirik loyihadan tarmoq rivoji va aholi farovonligi uchun sezilarli natija talab etadi.
Ilgari xorijiy investitsiyalarning yillik hajmi 2–3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 40–50 milliard dollarga yetmoqda. O‘tgan o‘n yil davomida O‘zbekistonda 70 dan ortiq davlatdan jalb etilgan 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Xitoy, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari asosiy hamkorlar qatoridan o‘rin olgan.
Asosiy investitsiyalar energetika, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik hamda qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirildi. Endilikda asosiy e’tibor mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilmoqda. Kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobilsozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. O‘zbekistonda amalga oshiriladigan texnologik jarayonlar ko‘paygani sari mahalliy mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalariga talab ortib, investitsiyalarning potensial samaradorligi ham oshadi.
Elektrotexnika tarmog‘ida bu o‘zgarishlar allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. 2018 yildan buyon tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 4,7 trillion so‘mdan 43,1 trillion so‘mga yetdi. O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda. Korxonalar yuqori kuchlanishli kabellar, quyosh panellari, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Foyda marjasi past bo‘lgan mahsulotlar ulushi qisqarmoqda. Tarmoqning keyingi rivoji misni chuqur qayta ishlash va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bilan bog‘liq.
Kimyo sanoatida qayta ishlashning rivojlanishi mahsulot turlarining kengayishida namoyon bo‘lmoqda. «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki korxonalari 2025 yilda 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarib, 758 ta ish o‘rni yaratdi. Bu turdosh tarmoqlarga mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bekobodda quyish-prokat majmuasi foydalanishga topshirildi. Uning mahsulotlari avtomobilsozlik, maxsus texnika, texnologik uskunalar va qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bunday quvvatlar atrofida metallga ishlov berish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va qo‘shimcha xizmatlarga talab shakllanishi mumkin. Ushbu buyurtmalarni bajarishda ishtirok etish kichik va o‘rta korxonalarni yangi texnologiyalar hamda sifat standartlarini o‘zlashtirishga undaydi.
Bugungi kunda investitsiyalar umumiy hajmining 55 foizi hududiy loyihalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Har bir viloyat va tuman uchun takliflar xomashyo bazasi, mehnat resurslari, logistika hamda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini hisobga olgan holda shakllantirilmoqda. Bu loyihani joylashtirish hududi va uning tarkibiy qismlarini belgilash bosqichidayoq muayyan hududning imkoniyatlarini inobatga olishga xizmat qiladi.
Mazkur yondashuv ishga tushirilgan korxonalarning hududlar bo‘yicha taqsimotida ham namoyon bo‘lmoqda. 2026 yil avgust oyida mamlakatimizda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida 72 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida faoliyat boshlagan to‘qimachilik, trikotaj va gilam ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlarini eksportga yetkazib berishga mo‘ljallangan. Samarqand va Toshkent viloyatlarida esa sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladigan metallurgiya quvvatlari foydalanishga topshirildi.
Sanoatning yangilanishi muhandislar, texnologlar va uskunalar operatorlariga qo‘yiladigan talablarni oshirmoqda. Mutaxassislarni tayyorlash yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan bir vaqtda olib borilishi lozim. Uchinchi milliy dasturda sanoatni rivojlantirish maqsadlari bilan bir qatorda startaplar, venchur kapital va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ham belgilangan. Ushbu yo‘nalishlar mahalliy ishlanmalar yaratish va mehnat unumdorligini oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
O‘zbekiston uchun navbatdagi bosqich mamlakat ichidagi sanoat aloqalarining sifati bilan bog‘liq. Mahalliy yetkazib beruvchilar va malakali kadrlarga tayangan yirik loyihalar tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda uning eksportini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, kapital jalb etish hududlarda mehnat unumdorligi va aholi daromadlarini oshirishga zamin yaratadi.
Izoh qoldirish