Dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha 2023 yilning hisobot davrida viloyat korxonalari tomonidan 6 703,8 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2022 yilning mos davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 101,4 % ni tashkil etdi.
Sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, 6 307,7 mlrd. so‘mni, jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 94,1 %ni tashkil etdi.
Shuningdek, tog‘-kon sanoati ulushi - 0,3%, elektr ta’minoti, gaz, bug‘ yetkazib berish va sun’iy iqlim hosil qilish ulushi – 4,9%, suv ta’minoti, oqava suv, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish ulushi – 0,8%ni tashkil etilgani qayd etildi.
Ishlab chiqaradigan sanoat tarkibidagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (38,2%), oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (17,1%), boshqa nometal meneral mahsulotlar ishlab chiqarish (10,3%) va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish (8,7%) yo‘nalishlari eng yuqori ulushga ega bo‘ldi.
Viloyat YaHM tarkibidagi sanoat ulushi 27,7%ni tashkil etib, 2022 yil mos davriga nisbatan 2,1 punktga pasaygani kuzatildi.
Hududlar kesimida hisobot davrida viloyatda jami sanoat ishlab chiqarishidagi yuqori ulush Farg‘ona shahri (20,4%), Qo‘qon shahri (16,0%), Toshloq (13,6%), Uchko‘prik (8,8%), Qo‘shtepa (4,8%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan yuqori fizik hajm indeksi Buvayda tumanida (113,8%), Uchko‘prik (112,8%) tumanlari hamda Marg‘ilon shahrida (110,6%) kuzatildi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishining taqsimlanishi, viloyat bo‘yicha o‘rtacha 1 682,1 ming so‘mni tashkil etib, yirik sanoat korxonalari joylashganligi hisobiga Farg‘ona shahri (4 329,6 ming so‘m), Toshloq tumani (4 253,4 ming so‘m), Qo‘qon shahri (3 521,8 ming so‘m) va Uchko‘prik (2 489,5 ming so‘m) tumanida o‘rtacha viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgani kuzitildi.
Bugungi kunda viloyatda 12 245 ta sanoat korxonalari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 8 385 tasi (yoki 68,5 %) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 780,3 mlrd. so‘mni, va 2022 yilning mos davriga nisbatan 111,9%ni, uning jami sanoatdagi ulushi esa 26,6%ni tashkil etgani qayd etildi.
Hududlar kesimida iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarilishining viloyat jami hajmidagi eng yuqori ulushi Uchko‘prik tumaniga to‘g‘ri kelib, 328,3 mlrd. so‘mni (yoki jami iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarishning 18,4%), Qo‘qon shahrida 288,4 mlrd. so‘mni (16,2%), shuningdek, Farg‘ona shahrida 195,1 mlrd. so‘mni (11,0%) tashkil etdi.
Farg‘ona viloyati bo‘yicha aholi jon boshiga iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarilishi 446,7 ming. so‘mni tashkil etgan. Bunda hududlar bo‘yicha Uchko‘prik tumanida 1386,7 ming so‘m, Qo‘qon shahrida 947,9 ming so‘mga, Toshloq tumanida 762,6 ming so‘mga va Farg‘ona shahrida 618,6 ming so‘mga to‘g‘ri keldi.
Izoh qoldirish