Ikki kunlik safar davomida tuman va shaharlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari avvalo keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ilgari viloyat daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi.
O‘tgan davrda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushdi, tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs berildi, tijorat maydoni 10 million kvadratga ko‘paydi, 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra o‘sdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.
Mahalliy budjet bo‘yicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5-10 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Masalan, ilgari Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi.
Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo bo‘ldi, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti.
Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Tibbiyotda ham o‘zgarishlar katta. Birgina Beshariq tumanida o‘n yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50 taga yetdi.
Viloyatda 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Bugun ishning ko‘zini bilgan bog‘bonlar gektaridan 500 million so‘mgacha daromad olyapti.
Meva-sabzavot eksporti 3 karra ko‘payib, 400 million dollarga yetdi. Bu respublikada eng yaxshi ko‘rsatkich.
Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turizm jadal o‘smoqda. To‘qqiz yilda 3 ming o‘rinli mehmonxona va mehmon uylari ishga tushdi. O‘tgan yili xorijiy turistlar ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar esa 3 milliondan oshdi. Turizm eksporti 185 million dollarga yetdi.
“Farg‘ona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti”, – dedi Prezidentimiz.
Joriy yil Farg‘ona viloyati rahbariyati oldida iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga o‘stirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni 2 karra ko‘paytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifalari turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Farg‘ona viloyati davlat idoralari, sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiya, raqamli yechimlar va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
“Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturi bo‘yicha sertifikat olgan eng ko‘p yoshlar Farg‘onaga to‘g‘ri keladi.
“Mana shunday yoshlarimiz buyuk ajdodimiz Al-Farg‘oniy bobomizning munosib davomchilari bo‘ladi deb ishonaman”, – dedi Prezidentimiz.
Viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, 19 ta tuman hokimi bunday iqtidorli yoshlarni yoniga olib, davlat idoralaridagi har bir xizmatni, har bir jarayonni raqamlashtirib, aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratishi zarurligi qayd etildi.
Mahallalarning ustunliklarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, ish o‘rni, qo‘shilgan qiymat, aholi daromadini ko‘paytiradigan loyihalar ishlab chiqilsa, startap klub tashkil qilinib, yangi kreativ g‘oyalar hayotga tezroq joriy etilsa, viloyat iqtisodiyotida “katta sakrash”, odamlar hayotida tub burilish bo‘lishi ta’kidlandi.
Masalan, Yozyovon tumani sanoat bo‘yicha viloyatda 18-o‘rinda, eksport va servisda 17-, qishloq xo‘jaligida 15-o‘rinda turibdi. Bu yil tumanga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun budjetdan 30 milliard so‘m berilmoqda, birinchi chorakda tumanda yana 5,5 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Yozyovondagi imkoniyatlar sun’iy intellekt yordamida o‘rganilganda vodiy markazida joylashgan, xomashyo resursi cheklangan mazkur tumanda asosiy e’tiborni logistikaga qaratish kerakligi ma’lum bo‘ldi.
A-373 magistral yo‘lning Yozyovondan o‘tgan 35 kilometr qismidan kuniga 30 ming transport qatnaydi. Tumanda logistika markazlari va yirik omborlar ko‘paysa, yo‘l bo‘yida mehmonxona, yoqilg‘i shoxobchasi va ovqatlanish joylariga talab 2 karra oshadi.
Tuman hokimiga logistikani tumanning “drayveri”ga aylantirish orqali servis, sanoat va qishloq xo‘jaligini ham rivojlantirish, tuman iqtisodiyotidagi aylanmani yana 1 trillion so‘mga oshirish topshirildi.
So‘nggi yillarda Farg‘onada IT xizmatlari 4 karra o‘sdi, eksport 23 million dollardan oshdi.
Bu yil Farg‘ona shahrida jami maydoni 30 ming kvadrat metr bo‘lgan IT-Park ishga tushirildi. Yaqinda Quvadagi 1-sonli texnikumda “IT-klasteri” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur klasterda yiliga 100 nafar yoshlar dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tilga o‘qitiladi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda 1 tadan texnikumda bunday kadrlar tayyorlashni boshlash topshirildi.
Farg‘ona shahrida IT-Park universiteti, Marg‘ilonda INHA universitetining filiali ochilib, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy qilish orqali xarajatni 20 foizgacha qisqartirish, daromadni esa 30 foizga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Buning uchun startap ekotizimi kerak. Mutasaddilarga xorijdan nufuzli akselerator kompaniyani Farg‘onaga olib kelib, 10 ta yirik mahalliy korxonalarga bog‘lash, bu korxonalar negizida mehnat unumdorligi, tannarx, energiya tejamkorlik bo‘yicha pilot loyihalarni boshlash topshirildi. Eng yuqori samara bergan loyihalar boshqa sanoat korxonalarida ham ommalashtiriladi.
Besh yilda yurtimizda elektron tijorat hajmi 20 karra oshdi. Lekin Farg‘onaga buning bor-yo‘g‘i 2,5 foizi to‘g‘ri keladi. Elektron tijorat hozirgi sur’atda rivojlansa, kelasi besh yilda 3,5 million kvadrat metrli tijorat omborlari kerak bo‘ladi.
Farg‘onada kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shuning 30 ming kvadrat metrini joriy yil ishga tushirish kerakligi qayd etildi.
Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi 10 nafardan tadbirkorni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish topshirildi.
Birinchi chorak yakunida Farg‘onada inflyasiya yillik hisobda 7,5 foizgacha pasaygani bilan respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi.
Tahlillar Farg‘onada inflyasiyaga ta’sir qiladigan iste’mol savatidagi 517 xil tovar va xizmatlarning 480 tasi viloyatning o‘zidan chiqishini ko‘rsatmoqda.
Mutasaddilar shu mahsulotlarni ko‘paytirib, narxini arzonlashtirish bo‘yicha qattiq ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda 370 ming gektar sug‘oriladigan yer, shundan 55 ming gektar bog‘ va tokzor bor. Shuningdek, 37 ming gektar qir va adirlar mavjud.
Lekin hozirda 5,5 ming gektar bog‘ va tokzor eskirgan. Sabzavot, bog‘ va tokzor qilsa bo‘ladigan 6 ming gektar dasht va adir bo‘sh yotibdi. Bu qo‘shimcha 300 ming tonna meva-sabzavot, iqtisodiyotga 2 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha zaxira ekani qayd etildi.
Prezidentimiz “Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasini qayd etdi. Bu yerda kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga kichik sexlar qurib berish reja qilingan.
Bunda agromajmua dehqonlarni o‘qitib, ularga in-vitro laboratoriyada yetishtirgan ko‘chatlarni tarqatadi, tayyor mahsulot eksportiga ko‘maklashadi, dehqonlar esa meva-sabzavot yetishtirib, qayta ishlab, bozorga tayyor qilib beradi.
Mana shunday yondashuvlarni barcha tumandagi tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida joriy qilish, hududdagi jami 5,5 ming gektar eskirgan bog‘larni to‘liq yangilash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bunday loyihalar uchun uskuna va laboratoriyalarni sotib olishga arzon kredit liniyasi ochiladi.
Prezidentimiz Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanida 7 ming 400 gektar paxta-g‘alla maydonini qisqartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Bu yil Farg‘ona, O‘zbekiston tumanlarida 4 ming 400 gektarda o‘rik, olxo‘ri, bodom va malina plantatsiyasini yaratish, Quvada 1 ming 200 gektar dasht hududida gilosning eksportbop navlarini ekish, Yozyovonda 1 ming 800 gektarda iste’mol va urug‘lik uchun cho‘l sharoitiga mos yuqori hosilli sholi plantatsiyalarini barpo etish muhimligi qayd etildi.
Yozyovonda sholichilik maktabini ishga tushirib, sinov tarzida 100 gektar ko‘lning suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirishni boshlash topshirildi.
Viloyatdagi 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasi kam bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha katta dastur qilinadi.
Birinchi bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan super intensiv bog‘ barpo etish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, dehqonlar uchun imtiyozli kredit yoki lizing asosida tayyor bog‘ qilib berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada 5 mingdan ortiq xonadon tomorqada malina yetishtirmoqda.
Dehqonlar malina pishgandan keyin 2-3 kunda sotilmasa, narxi 20 foizgacha tushishi, saqlashga omborxona yetishmayotganini aytmoqda.
Mutasaddilarga Farg‘ona tumanidagi 10 ta mahallada 50-100 tonnalik kichik omborxona qurib, dehqonlarga imtiyozli lizing asosida berish topshirildi.
Umuman, bu yil 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot, 119 ming tonna sholi yetishtirib, meva-sabzavot eksportini 25 foizga o‘stirib, 500 million dollarga yetkazish muhim ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari investitsiya masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Viloyatdagi 1 ming 77 gektar ekin yerlari sanoat zonalari uchun ajratib berilgan. Tuman hokimlari investitsiya sifatini asosiy mezon qilib belgilab, har bir gektar yer yiliga kamida 50 milliard so‘mlik mahsulot olib kelishi bo‘yicha izlanishlari shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Beshariqdagi Andarxon mahallasidagi 7 gektar maydonda erkin savdo zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Qo‘qondagi 11 gektarda joylashgan mexanika zavodi bor-yo‘g‘i 20 foiz quvvatda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu yerda 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
“Tarixiy obidalar va betakror tabiatni o‘zida jamlagan Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi”, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun Qo‘qon va Marg‘ilonni ziyorat turizmiga, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi qayd etildi.
Kecha Quvada “Karkidon” suv ombori hududidagi turistik majmua bilan tanishildi. Ushbu suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida favqulodda vaziyatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimizda alohida toifalangan yana 25 ta suv ombori bor. Ularni ham bosqichma-bosqich aholi va turistlar gavjum maskanlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kecha Marg‘ilonda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur majmua milliy qadriyatlarimiz va tariximizni dunyoga namoyon qiladigan go‘zal maskanga aylanadi.
Farg‘ona tumanida ham 2 ming 400 gektarda “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi, “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi qurilmoqda.
Bundan unumli foydalanib, kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Qo‘qonda 64 ta madaniy meros obektini piyoda aylanadigan 3 ta turizm marshruti ishlab chiqildi.
Buning uchun shahardagi madaniy meros obektlarida faoliyat yuritayotgan davlat idoralarini boshqa joyga ko‘chirish zarurligi qayd etildi.
Yil yakunigacha sobiq “Qo‘qon neftgaz parmalash” zavodi hududidagi 4 qavatli binoni ta’mirlab, hokimlik va 17 ta madaniy meros obektida ishlayotgan idoralarni shu yerga ko‘chirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘x tumani ekoturizm, agro va tibbiy turizm bo‘yicha juda katta salohiyatga ega. Asosiysi, so‘xlik tadbirkorlar infratuzilma yaxshilab berilsa, sarmoya kiritib, biznes qilishga tayyor.
Shu bois, So‘x daryosining Sarikanda, Istiqlol va Rovon mahallalaridan o‘tgan 5 kilometr qismida 130 gektar maydonda yirik turizm kompleksini barpo etish uchun sharoit yaratiladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, So‘x tumanini rivojlantirish bo‘yicha master reja ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, tumanga yangicha qiyofa olib kirish bo‘yicha uch yillik katta dastur qabul qilinishi belgilandi.
O‘zbek adabiyoti tarixida Qo‘qon adabiy muhitining o‘rni beqiyos. Bu zaminda 300 dan ziyod shoir va adib yashab, ijod qilgan.
Shunday adiblarni yetishtirgan Qo‘qon UNESCOning “Adabiyot shahri” maqomini olishga ham munosib. Lekin bunday boy meros haligacha tizimli o‘rganilmagani, ilmiy tadqiqotlar olib borilmagani qayd etildi
Shu bois, Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Axborot xurujlari avj olayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish har qachongidan ham dolzarb ekani ta’kidlandi. Shuning uchun bu yil viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Prezidentimiz “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, ushbu tadbirga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusini bildirdi.
“Farg‘onaga kelgan odamni yana bir narsa o‘ziga rom etib qo‘yadi. Bu asrlar davomida vodiy madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan askiya san’atidir”, – dedi Prezidentimiz.
Keyingi yillarda mazkur noyob san’atni asrab-avaylash va keng targ‘ib etish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Marg‘ilonda 2023-yilda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi ishga tushdi.
Lekin mashhur askiyachilar Xotamjon Hakimjonov, Abdulla Akbarov, Anvar Ne’matov va marhum Mamasiddiq Sherayevning davomchilari bo‘lgan yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga tuman madaniyat markazlari va musiqa-san’at maktablarida askiya, qiziqchilik mahorati yo‘nalishini tashkil qilish topshirildi.
Yig‘ilish davomida viloyat va tumanlar rahbariyatining hisobotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari tinglandi.
Izoh qoldirish