O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “SUEZ” kompaniyasining (Fransiya) katta ijrochi vitse-prezidenti Erik Gebali boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
E.Gebali bilan uchrashuvda Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Bris Rokfyoy ham ishtirok etdi. Uchrashuvda Toshkent va Samarqand shaharlarida suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish yuzasidan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan cheklovlar va qiyinchiliklarga qaramay, ushbu loyihalar bo‘yicha birgalikda faol va samaradorligi yuqori bo‘lgan ishlarning olib borilishi salmoqli natijalarga erishish imkonini berganligini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida Fransiya kompaniyasi rahbariyati Fransiya Hukumati Toshkent shahrining suv ta’minoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qullaganini ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuvda loyiha hujjatlarini tayyorlash va ularni hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish bo‘yicha masalalar hamda navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. E.Gebali O‘zbekistonda bir qator ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish bo‘yicha rejalari haqida so‘z yuritdi. Ulardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi bo‘ladi. Loyihani ro‘yobga chiqarish kompaniya tomonidan grant asosida ajratilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Shuningdek, Fransiya tomoni shahar va qishloq joylardagi aholi punktlarining ichimlik suvi ta’minoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Mazkur yordam vazifasi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalarini zudlik bilan hal qilishga qaratilgan samarali innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisoblangan texnik missiyalarni O‘zbekistonga yuborishdan iborat bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida Fransiya kompaniyasi rahbariyati O‘zbekiston tomonining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishda samarali ko‘mak berishga hamda belgilangan yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligiga ishontirildi.
Izoh qoldirish