Gaz bozoridagi monopoliyani bekor qilish oqibatlarini tahlil qilish va uni yetkazib berishda bozor mexanizmlarini ishlab chiqish

Gaz bozoridagi monopoliyani bekor qilish oqibatlarini tahlil qilish va uni yetkazib berishda bozor mexanizmlarini ishlab chiqish

Gaz sanoati O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari transport, elektr-energiyasi, metallurgiya, kimyo sanoati, qurilish va boshqa bir qator tarmoqlar rivojlanishi uchun eng asosiy xom-ashyo vazifasini bajaradi.

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan prognoz davrida O‘zbekiston neft va gaz bozorining yillik o‘sish sur’ati 2,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bozorda talab ortishiga asosiy omil - bu aholi va sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gazga bo‘lgan talabning ortishidadir. O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda 11 o‘rinda va tabiiy gaz rezervlari bo‘yicha 14 o‘rinda turadi.

O‘zbekiston tabiiy gaz bozorida so‘ngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar

Hukumat yangi ta’riflarni belgilash va xususiy sektorni gaz bozorda qatnashishini ta’minlagan holda mamlakatda tabiiy gaz monopoliyasini tugatish choralarni ko‘rmoqda. Ta’kidlash joizki, narxlarni erkinlashtirish hozirgi tizimdagi muammolarni yechimini topishda va bozor iqtisodiyotiga asoslangan mexanizmlarni ilgari surishda asosiy vosita hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati bir necha yillardan buyon tabiiy gaz bozorida bosqichma-bosqich islohotlarni amalga oshirishni boshlagan.

1-ilova. Turli iste’molchilar uchun gaz narxlarining o‘zgarishi dinamikasi

2018 yilda O‘zbekistonda birinchi marta narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirildi va turli iste’molchilar guruhi uchun tabiiy gaz narxlarining differensial stavkalarini qo‘llash tartibi ishlab chiqildi. Masalan, sanoat tarmoqlari va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari uchun sotiladigan tabiiy gaz narxi har kub metrga 3,8 marta oshdi va narxlar 263 so‘mdan 1000 so‘mgacha ko‘tarildi.

Uy xo‘jaliklari tomonidan to‘lanadigan narxlar 14 foizga o‘sdi. Biroq ushbu berilgan muddatda narxlarning o‘sishi umumiy tabiiy gazga bo‘lgan talabni kamaytirmadi.

Islohatlar natijasida so‘ngi besh yil davomida tabiiy gaz bilan muntazam ta’minlangan aholi soni ortib bormoqda. 2017 yilda 3,2 mln. xonadonlar tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2020 yilda 3,5 mln. ga yetdi.

"Aholini va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Prezidentning 4388-sonli qarori bilan "O‘ztransgaz" OAJ negizida ikkita mustaqil tizim - "O‘ztransgaz" AJ va "Hududgazta’minot" AJ tashkil etildi.

"O‘ztransgaz" AJ quyidagilar uchun mas’ul:

- Tabiiy gazni oldi sotdi qilish bo‘yicha yagona operator sifatida tabiiy gazni ishlab chiqarish, qayta ishlash quvvatlaridan sotib oladi va tabiiy gaz bilan bog‘liq tashqi savdoni amalga oshirish.

- Shuningdek, "Hududgazta’minot" AJ bilan komissiya shartnomalari asosida gaz taqsimlash tarmog‘iga ulangan iste’molchilarga sotish;

- "Hududgazta’minot" AJ esa suyultirilgan gazni sotib olish, yetkazib berish, saqlash va aholi va ijtimoiy ob’yektlarga sotishni ta’minlashga javobgar.

Ushbu gaz bozoridagi islohotlar natijasida tabiiy gazni tarqatish qatnashchilari tarkibi sezilarli darajada o‘zgarmoqda. "Hududgazta’minot" AJ tomonidan gaz taqsimlash ulushi 2016 yildan beri o‘sib kelmoqda va 2020 yilda mamlakatdagi gaz taqsimotining 51 foizini tashkil etdi. "O‘ztransgaz" esa issiqlik elektr stansiyalari (98%) va kimyo sanoati (93%) kabi yirik, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat korxonalariga gaz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. "O‘ztransgaz" AJ tomonidan tabiiy gazning umumiy texnik yo‘qotishlari va ishlab chiqarish ehtiyojlari mamlakatda bir yil mobaynida yo‘qotilgan tabiiy gazning 78% ni tashkil etadi. Ushbu yo‘qotishlarning 22% esa "Hududgazta’minot" AJ hissasiga to‘g‘ri keladi va bu ko‘rsatkich "Hududgazta’minot" AJ uchun taqsimotning yuqori samaradorligini ko‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, PQ-4388 ko‘ra 2025 yilgacha investorlarni "O‘zbekneftgaz" va "O‘ztransgaz" kompaniyalariga ichki va xalqaro fond bozorlarida birlamchi va ikkilamchi ommaviy takliflar (Initial Public Offering) orqali jalb qilishni, shu bilan birga ustav kapitalidagi davlat ulushini kamida 51% saqlab qolishni nazarda tutadi. Natijada gaz qazib olishni 2021 yilda 41,1 mlrd km ga va 2024 yilda 42,3 mlrd km ga yetkazish, shuningdek, geologik razvedka va qazib olish uchun sarmoyalarni jalb qilish 2020 yilgacha kamida 1,2 mlrd AQSh dollarini va 2024 yilga kelib 1,8 mlrd AQSh dollarini tashkil qilishi kutilmoqda.

Respublikada tabiiy gaz bozoriga oid ko‘plab muammo - kamchiliklar mavjud va ularning katta qismi bosqichma bosqich samarali hal qilinmoqda:

- Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda tabiiy gaz narxlarining pastligi tabiiy gazdan samarasiz foydalanishga asosiy sababidir.

- Uy xo‘jaliklari va sanoat tarmoqlarini tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlanmaganligi.

- Eskirgan infratuzilma

- Mamlakatda yuqori energiya intensivligi.

Afsuski, samarasiz boshqaruv va eskirgan infratuzilma va zamonaviy texnologiyalarga sarmoyalarning yetishmasligi tufayli gaz sanoatining salohiyati respublikada to‘liq rivojlantirilmagan. Geologiya, neft va gaz konlarini qidirish institutining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining 63,1% neft va gaz qazib olish imkoniyatlariga ega.

Aholini va sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida gaz narxlari uzoq yillar davomida eksport bozoridagi narxlarga nisbatan past narxlarda ushlab kelinganligi aholi va sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gazni samarasiz foydalanishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari gaz narxlarining past baholangan ta’riflari investorlarning ham qiziqishini sezilarli ravishda pasaytirgan. Investitsiyalarning yetishmasligi va eskirgan infrastruktura esa iste’molchilarning tabiiy gaz bilan ta’minlanganlik darajasiga ham salbiy ta’sir qilgan. Gaz taqchilligi holatida amalga oshirilgan eksport esa, mamlakatdagi gaz narxlari va eksport narxlari o‘rtasidagi tafovutni pasaytirish uchun mexanizmi sifatida foydalanilgan. Tabiiy gazning 3/4 qismi ichki bozorga past narxlarda sotilganini inobatga olsak, tabiiy gaz infrastrukturasi moliyalashtirilmasdan qolgan edi.

Respublikada qish mavsumida sovuq havo natijasida tabiiy gazga talab deyarli ikki barobarga ortadi.Tabiiy gaz iste’molidagi o‘zgarishlar siklik xususiyatga ega. Ya’ni, respublikada qish oylarida o‘rtacha 4,5 mlrd. kub metr (mkm) tabiiy gaz iste’mol qilinsa, yoz mavsumida esa o‘rtacha oyiga 2,4 mkm tabiiy gaz aholi va korxonalar iste’moli uchun yetarli bo‘ladi. Yozda tabiiy gazga bo‘lgan talabning pasayishi tabiiy gazni maxsus omborlarida saqlash va talab oshganda uzluksiz gazni yetkazib berishni ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Shunga qaramay, mamlakatda gazni saqlash uchun yetarlicha maxsus yer osti omborlar tashkil etilmagan.

O‘zbekistonning gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish gaz bozorining rivoji uchun juda muhim - mamlakatdagi 13 000 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan oshgan va gaz kompressor agregatlarining 58 foizini almashtirish vaqti kelgan. Tabiiy gazni tashish va saqlash bilan bog‘liq mavjud infratuzilma tabiiy gazni iste’molchilarga yo‘qotishlarsiz yetkazib berishda muhim rol o‘ynaydi.

Issiqlik elektr stansiyalari (IES) ishlab chiqarishda taxminan 93,5% tabiiy gazni xom ashyo sifatida ishlatadi va bu 2019 yilda jami gaz iste’molining 30% IESlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Muqobil energiya manbalarining cheklanganligi va mavjud IESlarning katta qismi, taxminan 40% eskirganligi tufayli tabiiy gaz resurslarining katta qismi yo‘qotilmoqda.

O‘zbekistonda tabiiy gaz bozoriga oid ko‘rsatkichlar

2016-2020 yillarda O‘zbekiston tabiiy gaz ishlab chiqarish miqdori o‘rtacha har yili 8,1 foizga o‘sdi. Biroq, O‘zbekneftgaz tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan tabiiy gaz ishlab chiqarish miqdori kamayish tendensiyasiga ega. 2008-2018 yillarda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqargan.

Tabiiy gazning umumiy iste’moli 2020 yilda 54,1 mlrd. kub metrni tashkil etdi va ushbu ko‘rsatkich eksport qilingan va omborlarga yig‘ilgan tabiiy gazni ham o‘z ichiga oladi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish 2020 yilda iqtisodiyotga yetkazib berilgan tabiiy gazning taxminan 25% ni iste’mol qildi.

2-Ilova. 2016-2021 yillarda iste’molchilar kesimida yetkazib berilgan tabiiy gazning ulushi dinamikasi

Uy xo‘jaliklari tabiiy gazni iste’mol qilish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi va 2020 yilda uy xo‘jaliklarining tabiiy gazga bo‘lgan talabi umumiy gaz iste’molida 19% dan oshdi. Aholi sonining oshishi va qo‘shimcha uy-joy binolarning barpo etilishi tufayli 2020 yilda tabiiy gazga bo‘lgan talab 2016 yildagiga nisbatan 32% ga o‘sdi.

Eksport bozori ham O‘zbekistonda tabiiy gazning yirik iste’molchisi hisoblanadi. So‘nggi 5 yil ichida tabiiy gazning 20 foizga yaqini 2020 yilni hisobga olmaganda eksport qilingan. 2020 yilda tabiiy gazning atigi 5,7 foizi boshqa mamlakatlarga eksport qilingan. Tabiiy gazning umumiy eksporti 2019 yilda 12,2 milliard kub metrni, 2020 yilda esa 3,5 milliard kub. metr.ni tashkil etgan. O‘zbekiston 2025 yilgacha tabiiy gaz eksportini to‘xtatishni va ichki bozorni to‘liq gaz bilan uzluksiz to‘liq ravishda ta’minlashni va qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan gaz qatnashuvchi mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirilmoqda.

Tabiiy gaz bozoriga, ayniqsa, gazni ishlab chiqarish va qayta ishlash ob’yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori ko‘paymoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2016 yildagiga nisbatan 2020 yilda 31 foizga o‘sdi va bu ko‘rsatkich 2016 yilda 16,2 mlrd. dollardan 2020 yilda 21,2 mlrd. dollarga yetdi.

Tabiiy gaz bozorini erkinlashtirish darajasi beshta asosiy xususiyatni o‘z ichiga oladi:

- Gaz bozorida farqlanish - bu gaz sanoatining raqobatbardosh tarmoqlarini (odatda ishlab chiqarish, import, ulgurji va chakana savdo) tabiiy monopoliyadan ajratish. Ya’ni tabiiy gazni ishlab chiqarish, tashish va taqsimlash faoliyatini bir biridan ajratish va xususiy sektorni ushbu faoliyatga jalb qilish.

- Bozorga kirishni erkinlashtirish - bu uzatuvchi yoki tarqatuvchi tarmoqlarni, suyultirilgan tabiiy gazni (STG) import qilish va qayta gazlashtirish terminallarini va boshqa tegishli infratuzilmani xususiy tadbirkorlar uchun ochish.

- Bozorga kirishdagi to‘siqlarni olib tashlash: - raqobatni rag‘batlantirish.

- Narxlarni erkinlashtirish: - chakana savdo mijozlari uchun narxlarni belgilash mexanizmi sifatida davlat tomonidan tartibga solinishni bekor qilish.

- Xususiylashtirish: egalik huquqini davlat aksiyadorlaridan xususiy aksiyadorlarga o‘tkazish.

Shuni ta’kidlash kerakki, iqtisodiy islohotlar murakkab huquqiy, siyosiy va iqtisodiy jarayon bo‘lib, uzoq vaqt davomida katta siyosiy majburiyatlarni talab qiladi. O‘zbekistonda gaz bozorini erkinlashtirish jarayoni yuqorida sanalgan 5 xususiyatdan 4 tasi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlarining yana bir yo‘nalishi – O‘y xo‘jaliklarining gaz iste’mol qilish samaradorligini oshirishdir. Mamlakatdagi tabiiy gaz iste’moli iqlim sharoitlari o‘xshash bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan taqqoslanganda O‘zbekistonda energiya iste’molidagi uy xo‘jaliklarining ulushi, asosan tabiiy gaz umumiy energiya manbalarining 25 foizini tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslaganda ushbu ko‘rsatkich ancha yuqori. Masalan, Finlyandiya 14,9%, Shveysariya 21,5% va AQSh 11,5%.

Xulosa

Tabiiy gaz narxlarining pastligi va gazni tejab ishlatishga qaratilgan chora tadbirlarning cheklanganligi natijasida O‘zbekistonning energiya intensivligi, hatto rivojlanish darajasiga ko‘ra qaralganda ham dunyo bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega mamlakat hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich 2010 yilda, Xitoyga nisbatan 2,3 baravar, Turkiyaga nisbatan 6,6 marta va Germaniyaga nisbatan 11,4 marta yuqori bo‘lgan.

Tabiiy gaz bozorini yanada rivojlantirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish chuqur ilmiy asoslangan reformalar qilishni talab qiladi. Buni rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasidan ko‘rish mumkin. Misol uchun, Xitoy, Meksika,Turkiya va Yevropa mamlakatlarida tabiiy gaz narxlari qisman yoki to‘liq erkinlashtirgan va gaz bozorining deyarli barcha qatlamida xususiy sektor ulushini oshirish va raqobat muhitini yaratish orqali tabiiy gazni ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilishda yuqori samaradorlikka erishishga asos bo‘lgan. Tabiiy gazdan samarali foydalanish orqali birgina uy xo‘jaligi iste’molidan yana 9,2 mlrd. kub.metr. tabiiy gazni tejashga imkon beradi. Demak, bir yil ichida hozirgi gaz iste’molini uy xo‘jaliklari ikki yil davomida ishlatishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimini modernizatsiya qilish va muqobil energiya manbalarini rivojlantirish hisobiga mamlakatda tabiiy gazga bo‘lgan talabni sezilarli pasaytirish mumkin.

Qilingan tahlillarga va rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asoslanib quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:

  • Tabiiy gaz iste’molida samaradorlikni oshirishga qaratilgan innovatsiyalarni iqtisodiy rag‘batlantirish;
  • Tabiiy gaz iste’molida samaradorlikni oshirishga qaratilgan uy xo‘jaliklarining investitsiyalarni moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlash tizimini joriy etish;
  • Tabiiy gazni ishlab chiqarish, tashish va taqsimlashda xususiy sektorning rolini yanada oshirish va ular o‘rtasida raqobat muhitini yaratish.
  • Tabiiy gazdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida iste’molchilar uchun kvota tizimini joriy qilish.

Abdurashid Bozorov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar