Germaniya investorlari O‘zbekistonda 1 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

Germaniya investorlari O‘zbekistonda 1 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi ko‘magida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston - Germaniya davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir o‘z platformasida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari, jumladan, «MAN Truck&BUS», «Deutsche Lufthansa», «Siemens», «John Deere», «Roland Berger», «Knauf» va boshqa yirik sanoat ishlab chiqaruvchilari, tijorat banklari va biznes tashkilotlarining 100 dan ortiq rahbarlari hamda vakillarini jamladi. Germaniya tomonini Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvi a’zosi Klaus Mangold boshqardi.

Muloqot davomida O‘zbekiston – Germaniya investitsiyaviy hamkorligining joriy holati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtika sanoati kabi iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Germaniya biznesining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishining ortib borishi Respublika iqtisodiyotiga 2020 yilda Germaniya investitsiyalarining 2019 yilga nisbatan 25% o‘sishida aks etganligi ta’kidlandi. Joriy yilda Germaniya investorlari bilan birgalikda avtomobilsozlik, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmog‘ida, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda umumiy qiymati 1 mlrd dollarga teng bo‘lgan 24 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilganligi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston tomoni barqaror rivojlanish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, biznes yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, erkin bozor tamoyillarini joriy etish va ustuvor tarmoqlarda davlat ishtirokini kamaytirish kabi iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan jarayonlarni Respublikada davom ettirilishini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston – Germaniya iqtisodiy hamkorligini faollashtirish va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yangi keng ko‘lamli loyiha va tashabbuslar bilan to‘ldirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.

Shu nuqtai nazardan, tarmoq idoralari va birlashmalarining rahbarlari bo‘lajak sheriklar bilan kelgusida birgalikda muhokama qilish va ishlab chiqish maqsadida istiqbolli loyiha takliflarining taqdimotlarini o‘tkazdilar.

Bundan tashqari, Germaniya kompaniyalari vakillari O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama qilish uchun O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni o‘rtaga tashlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ochiq muloqot ko‘tarilgan masalalarni xolisona o‘rganish va ko‘rib chiqilgan har bir holat bo‘yicha samarali va o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqishga imkon berdi.

Tadbir yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan yoki O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotgan Germaniya tadbirkorlari bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida mas’ul vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda har bir investor va tadbirkor bilan manzilli ishlashni nazarda tutadigan hamkorlikning barqaror mexanizmini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar