Harakatlar strategiyasi: iqtisodiy sohadagi 4 yillik samaradorlik va ustunliklar

Harakatlar strategiyasi: iqtisodiy sohadagi 4 yillik samaradorlik va ustunliklar

O‘zbekistonda bundan 4 yil avval iqtisodiy sohada o‘ta muhim va zarur islohotlar boshlandi. 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning bosh ustuvor hujjati hisoblangan Harakatlar strategiyasi asosidagi mazkur yangilanishlar bugungi kunga kelib dastlabki natijalarini va qator ustunliklarini namoyish etmoqda.

Bosh strategik hujjatning hayotga joriy etilishi tufayli davlat boshqaruvi, jamiyat, fuqarolik institutlari, ommaviy axborot vositalari, iqtisodiyot va boshqa barcha sohalarda uyg‘onish, oldga siljish boshlandi.

Buni o‘tgan 4 yillik muddat davomida erishilgan natijalar va samaradorlik misolida ham ko‘rish mumkin.

Eng avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda 2017 yildan e’tiboran Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda, hamkor rivojlangan davlatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o‘zgartirildi.

Binobarin, O‘zbekiston global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib borayotgan sharoitda, mamlakatda olib borilayotgan makroiqtisodiy, shu jumladan, pul-kredit siyosati va bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni, xususan, xorijiy investorlar, xalqaro reyting kompaniyalari hamda moliyaviy tashkilotlarni xabardor qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shu jihatdan, hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, davlat byudjeti ijrosi, pul muomalasi va oltin-valyuta zaxiralari holati to‘g‘risidagi barcha statistik va tahliliy ma’lumotlarni doimiy ravishda ochiq chop etib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari tomonidan byudjet oshkoraligini baholash, davlat moliya statistikasini tuzish sifati va davlat sektori ma’lumotlarining aniqligini baholash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi va 2018 yildan boshlab O‘zbekistonda ilk bor “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri chop etildi[1], byudjet jarayonining barcha bosqichlari elektron saytlarda e’lon qilib boriladigan bo‘ldi. Shuningdek, 2018 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya choraklik statistikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasi standartlariga muvofiq har chorakda Markaziy bank veb-saytida o‘zbek, rus va ingliz tillarida hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatish tizimlarida joylashtirib borilmoqda[2].

2019 yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasining asosiy statistik ma’lumotlar platformasi – "Xalqaro moliyaviy statistika" tizimida O‘zbekiston Respublikasining sahifasi ochildi[3]. Natijada, xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlarning O‘zbekistonga munosabati o‘zgarib, olib borilayotgan islohotlar e’tirof etildi.

2020 yilda O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) — Ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ball to‘plab, jahon bo‘yicha 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston Osiyo davlatlari orasida eng katta o‘sish kuzatilgan mamlakat bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha birato‘la 125 pozitsiyaga yuqoriladi[4].

Mamlakatda 2016 yil oxiridanoq xalqaro moliyaviy institutlar bilan to‘laqonli munosabatlar tiklanishiga kirishildi. Xususan, shu yili Fransiya rivojlanish agentligi o‘zining O‘zbekistondagi birinchi loyihasini amalga oshirishga kirishdi[5]. Shuningdek, O‘zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a’zosiga aylandi[6].

2017-2018 yillarda mamlakatda bank-moliya sohasida keskin burilishlarga sabab bo‘lgan islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, moliya bozorlarini rivojlantirish, pul-kredit siyosatini, shu jumladan, uning instrumentlarini takomillashtirish, ichki pul va valyuta bozorlarini rivojlantirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirildi. Bunda, asosan Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilindi.

Bundan tashqari, 2017 yil oktyabrda Yevropa investitsiya banki (YeIB) va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Vashingtonda O‘zbekistonda YeIB faoliyati uchun huquqiy asosni belgilovchi, jumladan, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi[7]. Bank O‘zbekistonda infratuzilma, energetika va energiya samaradorligi bo‘yicha davlat va xususiy sektor hamda mamlakatdagi kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishi bo‘yicha kelishib olindi.

Mamlakatning bu yangi yondashuvi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatda o‘z faoliyatini qayta tiklashga, Toshkentda yangi ofis ochishga va 2018 yil sentyabr oyida esa YeTTB Direktorlar Kengashi tomonidan mamlakat bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilinishiga imkon berdi[8].

2018 yilda xalqaro suveren reytingni olish va mamlakat investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida Standard and Poor’s, Moody’s, Fitch, JR Morgan and Chase kabi xalqaro moliya institutlari va reyting agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilning oktyabr oyida birinchi bor O‘zbekiston suveren kredit reytingini oldi va “Fitch Ratings” tashkiloti “O‘zbekiston makroiqtisodiy barqarorlik va o‘sish istiqbollarini yaxshilashga, shuningdek, davlat tomonidan katta darajada nazorat qilinadigan iqtisodiyotda institutsional va boshqaruvdagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ulkan va keng qamrovli islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishdi” deya e’tirof etdi[9].

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining ilk xalqaro yevro obligatsiyalari London birjasida joylashtirildi va bu bilan respublikaning xalqaro moliyaviy bozorga kirib kelishi ta’minlandi[10]. London shahrida nufuzli “Global Capital” nashriyoti tomonidan o‘tkazilgan “Bond Awards 2019” taqdirlash marosimida O‘zbekiston Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mintaqasining xalqaro obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha eng yaxshi emitentlari qatoridan joy oldi.

2020 yilning 19 noyabr kuni Moliya vazirligi tomonidan umumiy hajmi 750 mln. dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar ikki transhda – 10 yillik muddat bilan 555 mln. dollar dollarda va 3 yillik muddat bilan ilk bora milliy valyuta – o‘zbek so‘mida 2 trln. so‘m miqdorida London qimmatbaho qog‘ozlari bozorida (London Stock Exchange) muvaffaqiyatli joylashtirildi[11].

“JP Morgan Development Finance Institution” (“JP Morgan DFI") tuzilmasi 2020 yil 19 noyabrda chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi ilk xalqaro obligatsiyalari tranzaksiyasiga “taraqqiyot moliyasi” maqomini (“Development Finance Qualification”) berdi va tranzaksiyaning taraqqiyotga bo‘lgan ta’siri “yuqori darajada” baholandi[12].

Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar, xususan O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga “ochilishi” va xalqaro hamkorlik kuchaytirilishi hamda olib borilgan islohotlar xalqaro hamjamiyatning mamlakatga nisbatan munosabati va ishonchi ortishiga sabab bo‘ldi.

Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston birinchi marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari bo‘yicha me’yoriy cheklovlar indeksiga kiritildi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun iqtisodiyotning ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egalladi[13].

2017-2020 yillardagi bu borada olib borilgan sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi.

Xususan, 2017-2020 yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi 327 ta investitsiya loyihalari doirasida 10,26 mlrd. dollar kredit mablag‘lari o‘zlashtirilib, qator sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Jumladan, mablag‘lar yoqilg‘i-energetika sanoatiga (5,88 mlrd. dollar); kommunikatsiya va mudofaa sanoatiga (1,56 mlrd. dollar); qishloq va suv xo‘jaliklari tizimiga (1,27 mlrd. dollar); moliyalashtirish yo‘nalishiga (0,95 mlrd. dollar); ijtimoiy sohalarga (0,47 mlrd. dollar) va boshqa tarmoqlarga yo‘naltirildi[14].

2017 yildan boshlab milliy valyuta kursini iqtisodiyotda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifga asosan belgilash mexanizmi joriy qilindi hamda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chet el valyutalarining sotilishi, sotib olinishi va tasarruf qilinishi borasidagi avval mavjud bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi[15], tadbirkorlik sub’yektlari va aholi uchun qator qulayliklar yaratildi[16].

2018 yilda aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida[17] jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklarida naqd shaklda yechib olish mexanizmi joriy etildi, tijorat banklari tomonidan aholi gavjum joylarda, shu jumladan, turistik zonalar, aeroportlar, vokzallar va bozorlarda “24/7” rejimida ishlovchi avval mavjud bo‘lmagan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etildi.

2019 yilda valyutani tartibga solish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi[18]. Qonunda valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi, ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi, rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi kabi asosiy tamoyillar belgilandi.

Milliy valyuta “so‘m”ning mavqeyini yanada mustahkamlash hamda unga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish maqsadida davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar milliy valyutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada o‘rnatilishi qonun darajasida belgilab qo‘yildi.

Valyuta siyosatini liberallashtirish natijasida 2017-2020 yillar davomida ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan xorijiy valyutani sotib olish va sotish operatsiyalari hajmi hamda valyuta bozori ishtirokchilari soni o‘sishi kuzatildi. Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan sotib olingan jami valyuta hajmi 2020 yilda 2017 yilga nisbatan 2,3 barobarga, sotilgan valyuta hajmi esa 2,1 barobarga oshdi[19].

Shuningdek, 2019 yilda tadbirkorlik sub’yektlariga tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha 2017 yil 5 sentyabrga qadar hosil bo‘lgan va asossiz ravishda saqlanib turgan kreditor qarzdorliklarni hisobdan chiqarish va korxona daromadiga olish, bunda ularga tegishli daromad soliqlarini hisoblamaslikka ruxsat berildi[20]. Buning natijasida mamlakat tashqi sektor statistikasi ma’lumotlarining sifati oshirilishiga zamin yaratildi.

Keyingi 4 yilda tashqi savdo sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida eksport tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda muhim o‘zgarishlar yuz berdi.

Xususan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish[21] doirasida tashqi savdo rejimini liberallashtirish borasidagi sa’y-harakatlar kengaytirilmoqda.

O‘zbekiston tashqi savdo faoliyatida 2017-2020 yillarda tashqi savdoni liberallashtirish va respublika eksport salohiyatidan yanada samarali foydalanish natijasida o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, eksport qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, litsenziyalash va eksport tizimi soddalashtirildi. Tovarlarning 60% dan ortiq turlari uchun bojxona to‘lovlarining “nol” darajasi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekistonda bojxona to‘lovi stavkasi 6,45%gacha pasaytirildi.

"Yagona darcha" tamoyili bo‘yicha eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish uchun milliy veb-sayt ishga tushirildi, bu esa, elektron so‘rov yuborish va turli ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan, tovar kelib chiqish sertifikati va fitosanitariya sertifikatlarini to‘lash imkonini beradi. Ushbu yangi mexanizmlarning joriy etilishi bilan eksport hujjatlarini rasmiylashtirishning umumiy vaqti 174 soatdan 96 soatgacha kamaydi.

Natijada, O‘zbekistonning “Doing Business” — Biznes yuritish reytingidagi "xalqaro savdo" indikatori ko‘rsatkichlari 2016 yildagi 44,3 balldan 2020 yilda 58,2 ballga yaxshilanishiga erishildi[22].

Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar eksportining nomenklaturasini oshirish uchun sharoit yaratildi. Masalan, eksportni rag‘batlantirish maqsadida mahsulotlar uchun oldindan to‘lov tartibi bartaraf etildi va kafillik majburiyatisiz tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tizimi yaratildi. Eskirgan litsenziyalash tartib-taomillari bekor qilindi, eksportchilar uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi.

Eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini hisoblashning yagona muddati 120 kungacha uzaytirildi. Tadbirkorlar uchun bojxona nazorati ostida bir qator qulayliklar yaratilgan.

Tashqi savdoning liberallashtirilishi natijasida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda (2020 yildagi pandemiya oqibatlariga qaramay) 2016 yilga nisbatan 1,5 baravarga oshdi[23].

2018 yildan boshlab amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy maqsadlari mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Soliq sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida respublikada soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi[24].

Unga ko‘ra, 2019 yildan mamlakatda tub soliq islohotlari amalga oshirildi, jumladan, jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasi 22,5%dan 12%ga tushirildi, sug‘urta badali va davlat jamg‘armalariga maqsadli ajratmalar bekor qilindi. QQS stavkasining 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilishi aylanma mablag‘larning korxonalardan chetlanishini kamaytirdi va oxirgi iste’molchiga egri soliq bosimini kamaytirdi.

Soliq islohotlari natijasida soliq stavkalarining 2018-2020 yillardagi o‘zgarishi

1.

Jismoniy shaxslar daromad solig‘i

7,5-22,5%

tushirildi

12%

2.

Yagona ijtimoiy to‘lov/Ijtimoiy soliq

25%

tushirildi

12%

3.

Sug‘urta badali

8%

tushirildi

bekor qilindi

4.

Davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar

3,2%

tushirildi

bekor qilindi

5.

Mol-mulk solig‘i

5%

tushirildi

2%

6.

QQS

20%

tushirildi

15%

7.

Foyda solig‘i

7,5%

birlashtirildi

15%

Obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish solig‘i

8%

8.

Qo‘shimcha foyda solig‘i

50%

tushirildi

bekor qilindi

2020 yildan esa yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksiga asosan amaldagi soliq qonunchiligi soddalashtirildi, ko‘plab o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi, xususan, kodeksdan muayyan to‘lovlar va yig‘imlar haqidagi normalar chiqarib tashlanib, ular alohida qonunlarga o‘tkazildi (davlat boji, bonuslar, yig‘imlar), ayrim soliqlarning (ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq) nomi va tuzilmasi o‘zgartirildi, ayrim soliq to‘lovchilar (qishloq xo‘jaligi korxonalari, oilaviy korxonalar) uchun soliq imtiyozlari bekor qilindi.

2017-2020 yillardagi amalga oshirilgan soliq islohotlari natijalari xalqaro reyting va indekslarda ham o‘z aksini topganini ko‘rish mumkin. Xususan, “Economic Freedom” — Iqtisodiy erkinlik reytingidagi “Tax Burden – Soliq yuki” indikatori bo‘yicha 2017 yildagi 90,7 ballik ko‘rsatkichdan 92,4 ballik ko‘rsatkichga[25], “Doing Business” — Biznes yuritish reytingidagi "Soliq to‘lovi" indikatori bo‘yicha 2016 yildagi 52,9 ballik ko‘rsatkichdan 77,9 ballik ko‘rsatkichga[26] erishildi.

Ko‘rinib turibdiki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi bilan boshlangan yangi bosqichdagi tub islohotlar bugungi kunga kelib o‘zining samarasini bermoqda. Buni yuqorida ayrim sohalardagi islohotlar va ularning natijalari misolida sharhlab o‘tdik. Mazkur yutuqlar jamiyatda amalga oshirilayotgan strategiyaning pirovard muvaffaqiyati va uning to‘liq amalga oshirilishiga va istiqbolda mamlakatning iqtisodiy barqaror o‘sishiga bo‘lgan ishonchni shakllantirmoqda.

Bunga mamlakat iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlarning prognozlari hamohang bo‘lmoqda. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2021 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 5 foizga[27], Jahon banki 4,8 foizga[28], “Fitch Solutions” reyting agentligi esa 5,1 foizga[29] o‘sish bo‘lishini prognoz qilmoqda.

2021 – 2023 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Fiskal strategiyasiga muvofiq esa, iqtisodiy o‘sish 2021 yilda 5,1 foizga, 2022 yilda 5,8 foizga, 2023 yilda esa 5,4 foizga o‘sishga qaratilgan[30] choralar belgilangan. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot hajmini kelgusi 5 yil ichida 100 mlrd. dollarga yetkazish[31] bo‘yicha yuqori o‘sishni ta’minlash, soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida yanada istiqbolli marralar belgilangan.

Furqat Yunusov “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i

[1]https://www.mf.uz/ru/?option=com_content&view=article&id=250

[2]https://cbu.uz/en/statistics/bop/?arFilter_DATE_ACTIVE_FROM_1=&arFilter_DATE_ACTIVE_FROM_2=&arFilter_ff%5BSECTION_ID%5D=3501&year=2021&month=03&set_filter=&set_filter=Y

[3]https://data.imf.org/?sk=4C514D48-B6BA-49ED-8AB9-52B0C1A0179B

[4]https://odin.opendatawatch.com/Report/rankings

[5]https://www.afd.fr/en/page-region-pays/uzbekistan

[6]https://lex.uz/docs/5009733

[7]https://www.eib.org/en/press/all/2017-272-eib-launches-operations-in-republic-of-uzbekistan

[8]https://www.ebrd.com/where-we-are/uzbekistan/overview.html

[9]https://www.fitchratings.com/research/sovereigns/fitch-assigns-uzbekistan-bb-idrs-outlook-stable-20-12-2018

[10]https://www.bondradar.com/em/articles/11536025-uzbekistan-debut-usd1bn-sees-aggressive-tightening

[11]https://interfax.com/newsroom/top-stories/70407/

[12]https://www.jpmorgan.com/content/dam/jpm/cib/complex/content/investment-banking/development-finance-institution/DFI-Annual-Report.pdf

[13]https://mift.uz/en/news/uzbekistan-became-the-leader-among-central-asian-countries-in-terms-of-openness-of-economy-for-foreign-direct-investment

[14] O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra

[15]https://lex.uz/docs/4857432

[16]https://lex.uz/docs/3326421

[17]https://lex.uz/docs/3593541

[18]https://lex.uz/docs/4562834

[19] O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

[20]https://lex.uz/ru/docs/4499380

[21]https://www.wto.org/english/news_e/news20_e/acc_uzb_07jul20_e.htm

[22]https://www.doingbusiness.org/en/data/exploreeconomies/uzbekistan

[23]https://stat.uz/en/official-statistics/merchandise-trade

[24]https://lex.uz/docs/3802374

[25]https://www.heritage.org/index/explore?view=by-region-country-year&u=637567469176251443

[26]https://www.doingbusiness.org/en/data/exploreeconomies/uzbekistan

[27] https://www.imf.org/en/Publications/CR/Issues/2021/04/23/Republic-of-Uzbekistan-2021-Article-IV-Consultation-Press-Release-and-Staff-Report-50180.

[28]https://openknowledge.worldbank.org/handle/10986/35273

[29]https://www.fitchsolutions.com/country-risk/uzbekistans-resilient-economy-well-placed-recovery-2021-03-02-2021

[30]https://www.mf.uz/uz/?option=com_content&view=article&id=40

[31]https://president.uz/uz/lists/view/3310

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar