Reforms.uz elektron platformasi ishga tushirildi

Reforms.uz elektron platformasi ishga tushirildi

Toshkentda “O‘zbekiston: besh yil davomida amalga oshirilgan jadal islohotlar” mavzusida xalqaro konferensiya doirasida Reforms.uz yagona elektron platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari haqida taqdimot qildilar.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Sh. Adrian, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi vitse-prezidenti F.Dmitrov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi rahbari va boshqalar ham so‘zga chiqdi.

Islohotlar natijalari haqidagi raqamlar va faktlar bo‘yicha batafsil ma’lumotni endi Reforms.uz yagona elektron platformasidan topish va ular bilan tanishib chiqish mumkin. Konferensiya davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov ushbu meda-mahsulot taqdimotini o‘tkazdi.

Platforma orqali 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar bilan tanishishingiz mumkin.

Shuningdek, o‘tgan besh yil mobaynida erishilgan natijalar qiyosiy tarzda — bundan oldingi yillar, ya’ni Strategiya ijrosi boshlanishidan avvalgi holat bilan taqqoslangan.

Byurokratiyaga qarshi kurashish natijasida davlat xizmatlarini olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 2 baravar (167 tadan 79 tagacha) qisqartirildi. 4 yil ichida “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 10 baravar (16 tadan 157 tagacha) oshirildi.

Sud hokimiyati mustaqilligi kuchaytirilgani o‘tgan besh yildagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Bu yalpi majlisda “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish” yo‘nalishi muhokama etildi.

Biznes-ombudsmanlar institutining paydo bo‘lishi esa tadbirkorlar himoyasini mustahkamladi.

Qayd etilganidek, “Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish” yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar ko‘pchilik soliqlar stavkalarini kamaytirish imkonini berdi. Shuningdek davlat fondlariga ajratmalar va sug‘urta badallari ham bekor qilindi, soliq tekshiruvlari turlari esa 13 tadan 4 tagacha qisqartirildi.

2017-2020 yillar mobaynida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 1,4 barobar oshdi, inflyasiya darajasi 18,8 foizdan 11,1 foizga pasaytirilgani ta’kidlandi.

Bu davrda ijtimoiy soha rivojlandi. Aholi turmush darajasi oshdi, sog‘liqni saqlash tizimi mustahkamlanmoqda.

Maktabgacha ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2016 yilda 5,2 mingta bolalar bog‘chasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2020 yilda ularning soni 18,3 mingtaga yetdi. 2020 yilda maktabgacha ta’lim bilan bolalarni qamrab olish darajasi 2016 yildagi 27,7 foizdan 61 foizga oshdi.

Oliy ta’lim tizimida ham katta natijalar qo‘lga kiritildi. 80 dan ortiq yangi oliy o‘quv yurti tashkil etildi, xorijiy oliy o‘quv yurtlarining 20 ga yaqin filiali ochildi, 10 ta xususiy oliy o‘quv yurti o‘z faoliyatini boshladi.

Pedagogik va tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish amaliyotiga barham berildi.

Mamlakatda qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda: uning darajasi 2000 yildagi 28 foizdan 2020 yilda 11 foizgacha pasaydi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashish va moliyaviy yordam shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 86 ta mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilmoqda (2016 yilda bu ko‘rsatkich 9 tani tashkil etgan), respublika xalqaro reytinglarda bir necha pog‘onaga ko‘tarildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar