Hisobot uchun emas natija uchun ishlash vaqti keldi – Qalandar Abdurahmonov

Hisobot uchun emas natija uchun ishlash vaqti keldi – Qalandar Abdurahmonov

Fanlar akademiyasi, ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Shu davrda 24 ta ilmiy tashkilot va 4 ta innovatsion texnopark faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, davlatimiz rahbari akademiklar, ilm-fan namoyandalari bilan bir necha bor uchrashib, soha oldida turgan dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilgani hamda ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergani, olimlarning ish haqi uch barobar oshirilgani, ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yangilash uchun katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirilgani bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami va miqyosini ko‘rsatib turibdi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalarni muhokama qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bu sohadagi ishlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat beradi.

Majlisda yaratilayotgan zarur sharoit va imkoniyatlarga qaramasdan, ilm-fan sohasidagi izlanishlarda amaliy natijadorlikni oshirish bo‘yicha o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayotgani haqli ravishda tanqid qilib o‘tildi. Mamlakatimizdagi yuzdan ziyod ilmiy tashkilot faoliyatida olib borilayotgan izlanishlarda o‘zgarishlar sezilmayotgani, 24 ta muassasa o‘tgan yili xalqaro miqyosda tan olingan jurnallarda bironta ham ilmiy maqola chop ettirmagani sohada, ayniqsa, olimlarimiz, ilmiy tadqiqotchilarimiz ongida yangilanish jarayonlari juda sekin kechayotganini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmdan – ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lab turadigan yaxlit tizim va muhitni hanuz yaratmagani sohadagi ishlar natijadorligiga salbiy ta’sir etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlarning samaradorlik darajasi o‘ta pastligi ham to‘g‘ri tanqid qilindi. Bizning ko‘p yillik faoliyatimiz bevosita oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq ekani uchun bunday kamchilikni amalda doim his qilib kelamiz. Bunday qoloqlikning sababi shundaki, ilmiy tadqiqot jarayonlari hayot talablaridan uzoq bo‘lib qolmoqda. Amalga oshirilayotgan ilmiy ishlarning milliy taraqqiyotimiz, xususan, ishlab chiqarish sohalari uchun yangi va dolzarb ekani, ertaga qanday samara berishi haqida o‘ylash, jon kuydirish bu borada hali ham yetakchi o‘ringa chiqmayapti. Holbuki, hayotga teranroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, har bir soha va tarmoqda o‘zining ilmiy yechimini kutib turgan, innovatsion yondashuvlarni taqozo etadigan muammolar yetarlicha topiladi. Ilm-fan va innovatsiyalar sohasining asosiy vazifasi ularni vaqtida o‘zining o‘rganish predmeti, tadqiqot ob’yektiga aylantirib, ular bo‘yicha qulay va samarali yechim beradigan ilmiy ishlanmalar, aniq loyihalarni taklif etishdan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hayotdan, o‘zgarishlar jarayonidan kamida bir qadam oldinda yurishi kerak. Lekin, afsuski, biz hali bunday faoliyatga to‘liq tayyor emasligimiz ko‘pgina holatlarda yaqqol sezilib qolmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash, ilmiy institutlarga buyurtmalarni shakllantirish bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlar ko‘rsatilib, ularning har birida qanday vazifalarni ilmiy va innovatsion yondashuv asosida hal qilish zarurligi har jihatdan asoslab berildi. Masalan, majlisda alohida e’tibor qaratilgan qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish masalasini olib ko‘raylik. Ma’lumki, mamlakatimizda bu borada ilgari katta ilmiy maktab shakllangan edi. Paxta, meva-sabzavot, uzumning yangi-yangi navlarini yaratgan olimlar, akademiklarning nomlarini xalqimiz yaxshi biladi. Afsuski, keyingi 15-20 yilda e’tiborsizlik, yetarli sharoitning yo‘qligi tufayli ana shu ilmiy maktablarning an’analari sekin-sekin yo‘qolib ketdi. Endigi vazifa – ana shu maktablarni tiklab, ularni bugungi davr talablari asosida rivojlantirish va yangi an’analar bilan boyitishdan iborat. Ayniqsa, dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi eng muhim va dolzarb masalaga aylanayotgan hozirgi vaqtda bu g‘oyat ulkan ahamiyatga ega.

Yoki majlisda jiddiy e’tibor qaratilgan yana bir masala – suv xo‘jaligi sohasidagi muammolarni ilmiy yechimlar orqali hal qilish masalasini olaylik. Biz yashayotgan mintaqada, umuman, dunyo miqyosida suv masalasi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Binobarin, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi, butun iqtisodiyotimizning rivojlanishi, xalqimizning obod va farovon hayoti ko‘p jihatdan ana shu yo‘nalishlarda innovatsion va oqilona yechimlarni topish bilan bog‘liq.

Prezidentimiz, shuningdek, kimyo sanoati va neft-gaz tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika, qazilma boyliklar, farmatsevtika sanoati taraqqiyotida zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Bir narsani bilishimiz kerak: ilmsiz, innovatsiyasiz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga hech qachon erisha olmaymiz. Hisobot uchun emas, natija uchun ishlash kerak”, deb uqtirib o‘tdi davlatimiz rahbari.

Haqiqatan ham, bugungi kunda jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib bormoqda. Ushbu raqobatda munosib ishtirok etish, hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muammolarni muvaffaqiyatli hal qilish, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun avvalo ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faoliyatimiz samarasini oshirishimiz, barcha soha va tarmoqlar uchun innovatsion ishlanma va loyihalarni tayyorlab, vaqtida amaliyotga joriy etishimiz zarur. Ayniqsa, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida o‘z bilim va iste’dodi bilan yangi ufqlar ochish, kashfiyotlar qilishga qodir yosh olimlar, ixtirochi va ratsionalizatorlar, innovatsion g‘oyalar mualliflarini, ularni samarali amalga oshira oladigan muhandis va menejerlarni voyaga yetkazishimiz lozim.

Hozirgi kunda biz G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida ta’lim jarayonlarini, ilmiy izlanish va tadqiqotlarni ayni shu talablar asosida tashkil etmoqdamiz. Muhtaram Prezidentimizning mazkur yig‘ilishda oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarni chuqur o‘rganib va ulardan tegishli xulosalar chiqarib, bu boradagi faoliyatimizni albatta qaytadan ko‘rib chiqamiz va uni yanada samarali tashkil etamiz.

Qalandar Abdurahmonov,

akademik

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar