“Hududgazta’minot” Samarqandda qish vaqtida gaz uzilishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq oldi

“Hududgazta’minot” Samarqandda qish vaqtida gaz uzilishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq oldi

Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq va Tayloq tumanlaridagi sayyor qabullar ham o‘ttizga yaqin soha bo‘yicha muammolarni bir platformada o‘rganish, masalalarni hamjihatlikda hal qilish imkonini berdi. Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Xalq qabulxonalari, vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, sektorlar rahbarlari har bir murojaatni sinchiklab o‘rgandi.

Sayyor qabullarda suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib bermaslik holatlari bo‘yicha shikoyatlar kelib tushdi. Murojaatlar tahlilidan so‘ng viloyat uchun suyultirilgan gaz ta’minoti Qashqadaryo viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodlariga ko‘chirildi. Uch kun ichida 18 ta tumandagi 32 ming 645 ta xonadonga 652,9 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. “Hududgazta’minot” mas’ullariga esa noyabr oyi oxirigacha viloyatdagi iste’molchilarni to‘liq suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, qish vaqtida gaz uzilishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Sayyor qabullardagi murojaatlar tahlilidan so‘ng “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’ullariga bu boradagi murojaatlarni zudlik bilan ko‘rib chiqish va hal qilish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi. Payariq tumanining chekka qishloqlaridan biri – Madaniyat mahallasidagi transformator eskiligi bois xonadonlardagi elektr energiyasida uzilishlar ko‘p, chiroq bor holatda ham xira-shira edi. Shu mahallada yashovchi O‘ktam Elomonov sayyor qabulga kelib murojaat qilgach, mahallaga yangi transformator o‘rnatilib, elektr energiyasi ta’minoti barqarorlashtirildi. Xuddi shunday o‘rganishlar asosida Kattaqo‘rg‘on tumani Kichik ko‘rpa qishlog‘idagi transformatorlarni ta’mirlashga kirishildi.

Yog‘ingarchilik mavsumi boshlangani Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari oldiga ham qator muammolarni hal qilish vazifasini qo‘ymoqda. Muloqotlar mobaynida bu boradagi qator murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilgach, Kattaqo‘rg‘on shahrining Zomin mahallasi, Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasi, Payariq tumani Tohirshayx mahallasidagi ichki yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizildi. Payariq tumani Mustaqillik mahallasidagi uchta ko‘chaga esa asfalt yotqizish ishlari boshlandi.

Payariqlik tadbirkor Jamshid Bozorov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ullariga tumandagi “Ohalik soy” hududidan noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazib olinayotgani xususida murojat qildi. Bu murojaat joyiga chiqib o‘rganilganida chindan ham bu soydan qum qazib olib, tashib ketilayotgani aniqlandi. O‘rganishlardan so‘ng aybdorlarga ma’muriy chora ko‘rildi. Shu yerning o‘zida murojaatchi bilan telefon orqali bog‘lanilib, murojaati joyida hal etilgani ma’lum qilindi.

Otabek Samadov esa o‘zi yashayotgan hudud – Samarqand shahri Farhod qo‘rg‘onidagi yo‘l bo‘yi noqonuniy chiqindixonaga aylanib qolganidan shikoyat qildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ullari bu muammoga ham joyida yechim topdi. Qisqa vaqtda maxsus transportlar olib kelinib, yo‘l bo‘yidagi noqonuniy chiqindixona bartaraf qilindi.

Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullariga murojaatlar asosida Kattaqo‘rg‘on tumani “Yangi ravot” mahallasidagi artezian qudug‘idagi nosozlik bartaraf qilindi. Bu bilan qator fermer xo‘jaliklari yerlarini barqaror sug‘orish imkoni yaratildi. Shuningdek, o‘rganishlardan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tumanidagi kollektorlarni tozalash ishlari ham boshlandi.

Muloqotlar davomida ta’lim bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi. Ayni paytda viloyat bo‘yicha qariyb 324 ming nafar 3-7 yoshli bolalar bo‘lgani holda ularning 54,5 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari murojaatlar tahlili asosida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlarning yig‘ma xujjatlarini ko‘rib chiqqach, 200 dan ortiq tadbirkor mazkur vazirlik bilan bitim imzoladi. Viloyatdagi yana 10 mingdan ortiq bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish, 400 dan ziyod xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga zamin yaratdi. Sayyor qabullarning o‘zida 14 ta davlat xususiy sherikchilik asosida bitim imzolanib, 325 nafar bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yana bir gap – sayyor qabullar jarayonida viloyatdagi mavjud 271 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari “Bolalar bog‘chasi” axborot boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish uchun zamonaviy noutbuklar bilan ta’minlandi. Bu bilan barcha hududdagi maktabgacha yoshdagi bolalar, sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglar va ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq barcha ma’lumotning yagona elektron bazasi shakllantiriladi. Natijada bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishidagi ko‘rsatgichlarni muntazam tahlil qilish orqali ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish imkoni yaratiladi. Bu esa davlatimiz rahbari ilgari surgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishdagi eng muhim qadamlardan biridir.

Xalq ta’limi vazirligi mas’ullari esa murojaatlar asosida turli qishloqlardagi nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda yashovchi o‘quvchilar holidan xabar oldi. Bir misol – Mustafo Turopov Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 56-maktabning 10-sinfida o‘qiydi. Nogironligi bor bu bo‘zbola harakatlanishga qiynaladi. Shu sabab o‘qituvchilar uning uyiga kelib dars o‘tadi. Biroq onlayn dars qilish imkoni yo‘qligi tufayli Mustafo ko‘p fanlarni o‘zlashtirishga, qo‘shimcha darslar tayyorlashga qiynalayotgan ekan. Vazirlik mutasaddilarining o‘zi yo‘qlab kelib, noutbuk, o‘quv qurollari va badiiy adabiyotlar sovg‘a qilgani esa Mustafoning ko‘ngligini tog‘dek ko‘tardi.

Shu kuni Payariq tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi, kasallik tufayli davolanayotgan Zuhra Esonboyeva ham shunday mehr-e’tibordan bahramand bo‘ldi.

Madaniyat vazirligi mas’ullari esa viloyatdagi chekka-olis qishlog‘u mahallalardagi e’tibordan bir qadar chetda qolayotgan madaniy meros ob’yektlarida o‘rganishlar olib bordi. Kattaqo‘rg‘on shahri Majidiy ko‘chasidagi mana uyda XVII asrda mashhur mutasavvuf alloma, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi So‘fi Olloyor yashab ijod qilgan. Mazkur sangtaroshlik namunalari-yu peshtoqdagi qadimiy yozuv, naqshin ustunlar ham uch asrdan ziyod tarixga ega. Ayni paytda bu joyda mahalla idorasi joylashgan, biroq bu tarixiy ob’yekt aslida tayyor muzeyga asos. Madaniyat vazirligi mas’ullarining o‘rganishlaridan so‘ng islom ma’rifatini xalqona tilda tushuntirib bergan asarlari bilan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki boshqa mintaqalardagi turkiy davlatlarda ham mashhur So‘fi Olloyor hazratlari yashagan uy 2021 yilda rekonstruksiya qilinib, obodonlashtiriladigan hamda bu manzilda uy-muzey barpo qilinadigan bo‘ldi.

Samarqand viloyatida tashkil qilingan sayyor qabullarda 2 ming 87 nafar murojaatchining 2 ming 123 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 886 tasiga joyida yechim topildi, 230 ta murojaat egasiga tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1 mingdan ziyod murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar