Ichki ishlar organlariga himoya orderi so‘rab 7 mingdan ziyod xotin-qizlar murojaat qilgan

Ichki ishlar organlariga himoya orderi so‘rab 7 mingdan ziyod xotin-qizlar murojaat qilgan

12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlash jamiyatimizda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shuni hisobga olgan holda “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi tayyorlanib, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda. Shunisi e’tiborliki, mazkur strategiyadagi barcha yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan ayollarning bandligini ta’minlash, ularning o‘z intilish va qobiliyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi davlatimizning doimiy diqqat markazida. Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tizimida 16 nafar ayol rahbarlik, 6 nafar ayol hokimlik, 1 nafari elchilik lavozimini egalladi. Bundan tashqari, 1 500 ga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

2019 yil dekabr oyida Oliy Majlisga va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, ayol deputatlar soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, ayol senatorlar esa Senat a’zolarining 25 foizini, mahalliy Kengashlarda esa xotin-qizlar ulushi 25.6 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston parlamenti jahondagi 190 ta parlament orasida 44-o‘rinni egalladi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham davlatimizning doimiy e’tiborida. Xususan, 2018-2020 yillar davomida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan og‘ir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 3 878 nafar xotin-qizlarning boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi.

Kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar ta’limi muassasalariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratish amaliyoti joriy etildi.

Hukumat qarori bilan xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida oliy ta’lim muassasalariga kirish tartibi belgilandi.

So‘nggi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Bu boradagi tegishli qonunga muvofiq “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida”gi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.

Hozirgi vaqtga qadar ichki ishlar organlariga himoya orderi so‘rab 7 mingdan ziyod ayollardan murojaat kelib tushgan bo‘lib, 6183 holatda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida Komissiya tomonidan “NNTlar birlashmasi” va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 10 apreldan boshlab “Ishonch telefoni” xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunga qadar “Ishonch telefoni” orqali 3 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning 40 foizi zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq bo‘lib, xotin-qizlarga psixologik va yuridik yordam ko‘rsatildi.

Karantin davrida ayrim notinch oilalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” kanalining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgan, muvaffaqiyatli ayollarning hayot tajribasini ommalashtirish maqsadida www.genkom.uz sayti yaratildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar