So‘nggi sakkiz yil mobaynida O‘zbekistonda farmatsevtika sanoati jadal sur’atlarda rivojlanib, milliy iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega sohalari qatorida mustahkam o‘rin egalladi. 2017–2024 yillar davomida sohani kompleks rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,9 baravarga o‘sib, 2024 yil yakunida 4,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘sish, avvalo, milliy dasturlar doirasida amalga oshirilgan islohotlar va investitsiya faolligining ortishi bilan bog‘liqdir.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni 2017 yildagi 146 tadan 2024 yilda 195 taga yetdi. Ulardan 54 tasi dori-darmon vositalari, 38 tasi tibbiy uskunalar, 103 tasi esa tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining yaratilishi va mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish orqali sohaning ichki ehtiyojlarni qondirish salohiyati sezilarli darajada oshdi.
2017–2024 yillar davomida farmatsevtika sohasiga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmi 3,6 baravarga o‘sib, 2024 yilda 185 mln dollarni tashkil etdi. Buning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, xalqaro standartlarni joriy etish va sifat nazorati tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Eksport salohiyati ham sezilarli darajada kengaydi. Agar 2017 yilda farmatsevtika mahsulotlari eksporti 7,3 mln doll. atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,7 baravarga oshib, 20 million dollarga yetdi. Xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib, Germaniya, Rossiya va Qozog‘iston asosiy hamkor davlatlar sifatida shakllandi. Bunday aloqalar o‘zbek mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamladi.
Ishlab chiqarishda sifat va xavfsizlikka bo‘lgan talablarning ortgani sharoitida GMP (Good Manufacturing Practice) va boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. 2020 yilda 10 ta korxona GMP talablariga javob bergan bo‘lsa, 2024 yilda ular soni 54 taga yetdi. Shuningdek, ISO 9001:2015 standarti bo‘yicha sertifikatlangan korxonalar soni 74 foizga o‘sib, 59 taga yetdi.
Umuman olganda, farmatsevtika sanoati O‘zbekistonda texnologik jihatdan ilg‘or, investitsiyaviy jozibador va eksportbop sohalardan biriga aylanmoqda. Hukumat bu yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirib, farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, eksportni rag‘batlantirish va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Izoh qoldirish