Tadbirkorning tashrif qog‘ozi
Yurtimizning taniqli kashtado‘zi Madina Qosimboyeva 1981 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Yoshligidan tikish va rasm chizishga bo‘lgan yuqori qiziqishi sababli 9-sinfni tamomlagach, 326-sonli Xalq amaliy san’ati litseyida tahsilni davom ettirib, umumiy fanlar bilan bir qatorda kashtachilik, zardo‘zlik, to‘qish va rasm chizish kabi milliy hunarmandchilik sirlarini ham chuqur o‘zlashtirgan. Litseyni tamomlaganidan so‘ng, Toshkent shahar texnik ijodiyot markazida zardo‘zlik to‘garagi rahbari sifatida ilk mehnat faoliyatini boshlagan.
Keyinchalik P.Benkov nomidagi Respublika rassomchilik kollejida “dizayner-konstruktor”, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida esa “tikuv buyumlari texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olib, o‘z bilimi va malakasini oshirgan.
1999 yildan buyon kashtado‘zlik sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ijodkor unutilib borayotgan Toshkent kashtachilik maktabi an’analarini qayta tiklagan va uni munosib davom ettirayotgan yetuk ustalardan biri hisoblanadi. U 2007 yilda “Hunarmand” uyushmasiga, 2016 yilda esa O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo bo‘lgan.
U “Suzani by Kasimbayeva” milliy brendi asoschisi sifatida 100 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va nufuzli tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan bo‘lib, bugungi kunda uning noyob ijodiy ishlari Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, AQSh, Turkiya, Fransiya, Vengriya, Qatar, Venetsiya hamda MDH davlatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanib kelmoqda. Milliy merosimiz bo‘lmish kashtachilik san’atini kelajak avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish maqsadida “ustoz-shogird” maktabini yo‘lga qo‘ygan hunarmand shu kunga qadar 1000 dan ortiq shogird tayyorlab, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratdi.
O‘zining fidoyiligi, yuksak tashkilotchiligi va tashabbuskorligi bilan kasbdoshlari orasida alohida hurmatga erishgan tadbirkor turli davlat tadbirlari va umumxalq bayramlarida ham faol ishtirok etib keladi. Ko‘p yillik samarali mehnatlari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan qahramonimiz, shuningdek, 2016 yili o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibiga aylangan.
Hunarmand oilali, turmush o‘rtog‘i Dilmurod Xoliqov bilan ikki qiz va bir o‘g‘ilni tarbiyalab kelmoqda; qizlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olsa, o‘g‘li maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisidir.
– Biznes uchun nega kashtachilik sohasini tanlagansiz? Buning sababi nimada?
– Aslida men bu kasbni dastavval biznes maqsadida tanlamaganman. Yoshligimdan rasm chizish va tikishga juda qiziqqanim bois, bular mening eng sevimli mashg‘ulotlarimga aylangan edi. Onam esa Jahon tillari universitetida tahsil olib, ingliz tili tarjimoni bo‘lishimni istardilar. Maktabda a’lo baholarga o‘qiganman, til o‘rganish bilan ham shug‘ullanganman. Biroq tikish va hunarmandchilikka bo‘lgan mehrim ustunlik qilib, aynan shu sohani tanladim.
1999-2000 yillardan boshlab so‘zana kashtachiligi bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishdim. O‘sha kezlarda ko‘pchilikda bu san’at turi haqida hatto tushuncha ham yo‘q, unga doir ma’lumot topish esa juda mushkul edi. Kimdandir so‘ragudek bo‘lsak, “bilmaymiz, bir paytlar devorga osiladigan buyum edi”, qabilidagi javoblarni eshitardik. Ya’ni nafaqat tikish texnikasini o‘zlashtirish, balki sohaga oid bilimlarni izlab topish ham ancha mashaqqatli kechgan.
Shunday bo‘lsa-da, atrofimdagi qizlar va qo‘shnilarimni ham ushbu hunarga qiziqtirib, ularga kashtachilik sirlarini o‘rgata boshladim. Sekin-asta faoliyatimiz kengayib, keyinchalik butun bir maktab darajasiga ko‘tarildi. Boshlanishida ishimiz biroz og‘ir kechgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan xaridorlarimiz safi kengaydi. Yillar davomida hatto chet eldan ham buyurtmalar kela boshladi.
Bugungi kunga kelib esa bu kichik mashg‘ulotimiz yuksalib, katta darajaga yetdi va tabiiy ravishda faoliyat yo‘nalishimiz biznesga aylandi.
– Biznesingiz rivojiga mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va va sharoitlar yordam berdimi? Masalan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida qaysi farmonlar, qarorlar va chora-tadbirlar sizning biznesingizga eng foydali ta’sir ko‘rsatdi?
– Albatta, biznesimizni rivojlantirishda mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlar, qulayliklar va sharoitlar juda katta yordam berdi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar va hunarmandlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar tufayli biz faoliyatimizni yanada kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Men avval ham aytib o‘tganimdek, bu kasbni boshida biznes sifatida emas, balki o‘zimning sevimli mashg‘ulotim sifatida boshlaganman. Avvallari faqat o‘zimiz uchun tikib kiyish yoki kam miqdorda sotish bilan cheklanardik. Lekin yurtimizda hunarmandchilikka bo‘lgan e’tibor, yaratilayotgan imtiyoz va qo‘llab-quvvatlashlar tufayli faoliyatimiz kengayib, bugungi kunda mahsulotlarimizni hatto chet davlatlarda ham namoyish etish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Ma’lumki, qo‘l mehnati bilan tayyorlanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga juda ko‘p vaqt va mehnat talab qilinadi. Shuning uchun ham hunarmandlarga berilayotgan yengilliklar va imtiyozlar biz uchun juda katta rag‘bat bo‘lmoqda.
Hayotimdagi eng quvonchli va esda qolarli voqealardan biri – 2018 yilda Prezidentimiz qarorlari asosida Shayxontohur tumanida “Hunarmandlar shaharchasi” barpo etilganidir. U yerda 35 nafardan ortiq hunarmand uchun uy-joy, ustaxona va do‘konlar qurildi. Menga ham shu yerda faoliyat yuritish nasib etdi.
Bu yerda hunarmandlar nafaqat yashash, balki ishlash va o‘z mahsulotlarini sotish imkoniyatiga ega. Eng yaxshi tomoni shundaki, xaridorlar faqat tayyor mahsulotni emas, balki uning qanday tayyorlanish jarayonini ham ko‘rishlari mumkin. Ular ustaxonaga kirib, kashta tikilish jarayonini ko‘rib, bu mehnatning qanchalik nozik va mashaqqatli ekanini tushunishadi. Shuning uchun ham mahsulotlarimizga bo‘lgan qiziqish va qadrlash yanada oshadi.
Shu bilan birga, hunarmandchilik va milliy san’atni rivojlantirishda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan imkoniyatlar ham biz hunarmandlar uchun katta ahamiyatga ega. Jamg‘arma milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, ko‘rgazmalar va festivallarda ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish borasida katta yordam bermoqda. Bu e’tibor va qo‘llab-quvvatlashlar orqali biz o‘z milliy san’atimizni nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham namoyish etish va rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldik.
Bu imkoniyatlar mening faoliyatimda katta o‘zgarish va rivojlanishga sabab bo‘ldi. Aynan shu holat menga o‘z brendimni yaratishga juda katta yordam berdi. Shuning uchun ham Prezidentimizga yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar uchun cheksiz minnatdorchilik bildiraman.
– Biznesingizning hozirgi kuni haqida axborot bering. Qanday mahsulotlar ishlab chiqarasiz? Ularni qayerlarda sotasiz? Qanday loyihalarni amalga oshirdingiz, ular Toshkent shahriga va iste’molchilarga nima berdi?
– Hozirgi kunda biz kashtachilik sohasida ko‘p turli mahsulotlar ishlab chiqarmoqdamiz. Agar qadimiy an’analarga qarasak, momolarimiz asosan devorga osiladigan so‘zanalar va palaklar tikar edilar. Hozirgi kunda esa biz nafaqat devor palaklari, balki ayollar liboslari, choponlar, poyabzallar, sumkalar, hatto mebel buyumlari va yumshoq mebel yopqichlarini ham kashtachilik usulida tikamiz.
Mahsulotlarimizni asosan Toshkent shahridagi do‘konlarimiz va ko‘rgazmalar orqali, shuningdek, mamlakatimizga keladigan mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun taqdim etamiz. Shuningdek, biz kashtalarimizni xalqaro festivallarda ham namoyish qilamiz. Masalan, har yili AQShning Santa-Fe shahridagi katta san’at festivalida, Yevropa va qo‘shni mamlakatlarda ham shunday tadbirlarda ishtirok etamiz va mahsulotlarimizni sotamiz.
Loyihalarimizga kelsak, men turli ko‘rgazmalarda ishtirok etganman. Shaxsiy ko‘rgazmalarim ko‘p va ularning birinchisi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tdi. Hozirgi kunda esa o‘z shaxsiy ko‘rgazmalarimni chet davlatlarda, Yevropa, Avstraliya va Rigada ham tashkil qilmoqdaman. Shuningdek, Boku shahridagi san’at muzeylarida ham ko‘rgazmalarim bo‘lib o‘tdi.
Bu loyihalar va ko‘rgazmalar nafaqat mahsulotlarimizni ommalashtirishga, balki milliy hunarmandchilik san’atimizni dunyo miqyosida tanitishga ham xizmat qilmoqda. Bu orqali nafaqat xaridorlar, balki yosh avlod ham milliy kashtachilik va hunarmandchilikni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmoqda.
– Siz unutib borilayotgan Toshkent kashtachilik maktabi an’analarini qayta tiklagansiz. Bugun bu maktabning rahbarisiz. Bu darajaga qanday erishdingiz?
– Toshkent kashtachilik maktabining qayta tiklanishi aslida ma’lum bir voqeadan keyin boshlangan. Bilamizki, O‘zbekiston kashtachiligida har bir hudud o‘z maktabiga ega. Masalan, Xorazm maktabi, Samarqand maktabi, Shahrisabz maktabi, Farg‘ona vodiysi maktabi va boshqa hududlarga xos maktablar mavjud. Shu yillargacha ko‘plab hunarmandlar, jumladan, men ham, shu maktablarni o‘rganish va qayta tiklash ustida ishlab kelayotgandik.
Biroq shu paytgacha aynan Toshkent kashtachilik maktabiga yetarlicha e’tibor berilmagan, uni tiklash bilan deyarli hech kim shug‘ullanmagan edi. 2012 yilda san’atkorlar bilan suhbat jarayonida menga: “Nega boshqa maktablar tiklanyaptiyu, lekin Toshkent maktabi tiklanmayapti? Axir siz Toshkentda yashaysiz, bu maktab butunlay yo‘qolib ketmasligi kerak”, degan fikrlar bildirildi.
Ana shu gaplar men uchun turtki bo‘ldi. Shu sababli 2012 yildan boshlab san’atshunos Binafsha Nodir bilan birgalikda Toshkent kashtachilik maktabi yo‘nalishida izlanish va tadqiqot ishlarini boshladim. Qadimiy namunalarni o‘rgandim, uslublarini qayta tiklash ustida ishladim.
2015 yilda Toshkent kashtachilik maktabiga bag‘ishlangan birinchi ko‘rgazmam bo‘lib o‘tdi. U “Olis yulduz jilvasi” deb nomlandi. Shu ko‘rgazmadan keyin ham Toshkent kashtachilik maktabi yo‘nalishida ishlarni davom ettirdim va bir qator yangi ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Jumladan, “Sehrli ipak jilosi”, “So‘zananing tug‘ilishi” kabi ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Bu ko‘rgazmalar orqali Toshkent kashtachilik maktabining o‘ziga xos uslubi, naqshlari va an’analari namoyish etildi.
Eng muhimi, bu ko‘rgazmalar faqat O‘zbekistonda emas, balki xorijiy davlatlarda ham o‘tkazilib, milliy kashtachilik san’atimizni xalqaro maydonda tanitishga xizmat qilmoqda.
– “Suzani by Kasimbayeva” nomli brend asoschisisiz. O‘z nomingiz bilan maxsus brend yaratishdan maqsad nima edi? Bu sizga qanday yordam beryapti?
– “Suzani by Kasimbayeva” brendini yaratishdan asosiy maqsadim o‘zim tiklayotgan Toshkent kashtachilik maktabini dunyoga tanitish va milliy so‘zanachilik an’analarini zamonaviy shaklda namoyon qilish edi. Shuningdek, har bir asarning muallifi va uslubi aniq bo‘lishi, ya’ni ishlarim ma’lum bir ijodiy maktab va nom bilan bog‘lanib qolishini istadim.
Shaxsiy brend yaratish menga bir necha jihatdan foyda berdi. Avvalo, ishlarimni yagona nom ostida taqdim etish imkoni paydo bo‘ldi va ularni xalqaro ko‘rgazmalarda tanitish osonlashdi. Ikkinchidan, brend orqali milliy kashtachilik san’atimizni targ‘ib qilish, yangi hamkorlar topish va mahsulotlarimizni kengroq auditoriyaga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bugungi kunda bu brend nafaqat mening ijodiy faoliyatimni ifodalaydi, balki Toshkent kashtachilik maktabining zamonaviy davomchisi sifatida ham xizmat qilmoqda.
– Mingdan ortiq shogird tayyorlabsiz. Bu juda katta natija. Bunga qanday erishdingiz va shogirdlaringiz qayerlarda ishlashyapti?
– Mingdan ortiq shogird tayyorlashimning asosiy sababi, bilim va tajribamni yosh avlodga o‘rgatishga bo‘lgan katta istagimdir. Men uchun kashtachilik faqat hunar emas, balki milliy meros hisoblanadi. Shuning uchun ko‘p yillar davomida shogirdlar bilan ishlab, ularga nafaqat kashta tikish texnikasini, balki uning tarixi, ma’nosi va an’analarini ham o‘rgatib kelyapman.
Darslarimizda amaliyotga katta e’tibor beramiz: shogirdlar naqsh chizishdan tortib, ip tanlash va so‘zana tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘rganishadi. Shu mehnat va izchillik orqali mingdan ortiq shogird tayyorlashga erishdim.
Bugungi kunda shogirdlarimning ko‘pchiligi hunarmandchilik markazlarida, madaniyat muassasalarida, xususiy ustaxonalarda faoliyat yuritmoqda. Ayrimlari esa mustaqil ravishda o‘z ustaxonalarini ochib, kashtachilik san’atini davom ettiryapti va uni yangi avlodga o‘rgatmoqda.
– Siz nechta ish o‘rni yaratdingiz? Jumladan, jamoangizda qancha odam ishlaydi va daromad darajasi qanday? Ularga boshqa yordamlar ham ko‘rsatasizmi?
– Mening faoliyatim hunarmandchilikka asoslangan bo‘lib, asosan qo‘l mehnati orqali amalga oshiriladi. Shu hunar orqali ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Ularning soni mingdan ancha ko‘pligi ma’lum. Chunki faoliyatim faqat Toshkent shahri bilan cheklanib qolmagan, yillar davomida turli viloyatlarga borib, ushbu hunarni o‘rgatib kelyapman. Jumladan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Nurota, Namangan va Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida ham bo‘lib, u yerda ham qizlar va ayollarga hunar o‘rgatganman.
Har bir shogirdimga imkoniyat yaratishga harakat qilaman. Bugungi kunda ularning ayrimlari kasanachilik asosida uyida ish olib boradi, ba’zilari esa mustaqil ravishda faoliyat yuritib, hatto o‘z ustaxonalari yoki o‘quv maktablarini ochib, yangi shogirdlar tayyorlashmoqda. Shu tariqa har bir tayyorlagan shogirdim orqali yangi ish o‘rinlari ham yaratilmoqda.
Hozirgi kunda bu hunar orqali ko‘plab ayollar va qizlar o‘z oilasiga moddiy yordam ko‘rsatmoqda, oila daromadiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Biz ko‘pgina ishlarimizni uyga berib, qizlarimizga tikish orqali ishlash imkoniyatini yaratamiz.
Daromad miqdori bajarilgan ish hajmiga qarab farq qiladi. O‘rtacha hisobda ayrim ustalar oyiga taxminan 4-5 mln. so‘m atrofida daromad topsa, tajribali va tez ishlaydigan tikish ustalari 8-10 mln. so‘mgacha daromad olishlari mumkin.
Bundan tashqari, shogirdlarimizga qo‘limizdan kelgancha qo‘shimcha yordam ham ko‘rsatib kelamiz. Ularning sharoitiga tushunishga harakat qilamiz, zarur paytda ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, yosh shogirdlarimizni kasbga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida ularni xalqaro ko‘rgazmalar va festivallarga ham olib boramiz.
– Siz yuzdan ortiq xalqaro ko‘rgazma va tanlovda ishtirok etgansiz. Bular qanday yuz bergan? Qo‘qon Xalqaro hunarmandchilik festivalida ham qatnashyapsizmi? Shular haqida gapirib bersangiz.
– Haqiqatdan ham, men juda ko‘plab xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ishtirok etganman. Nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda bo‘lib o‘tadigan nufuzli tadbirlarda ham qatnashib kelyapman.
Faoliyatimning boshlanish davrlarida O‘zbekistonda katta ko‘rgazmalarda ishtirok etish men uchun katta orzu edi. O‘sha yillarda hozirgidek ko‘rgazmalar ko‘p bo‘lmasdi. Shuning uchun qaysi ko‘rgazma bo‘lishidan qat’i nazar, agar mening mahsulotlarim mos kelsa, qatnashishga harakat qilardim. Hatto ekologiyaga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarda ham mahsulotlarim tabiiy va ekologik bo‘lgani uchun ishtirok etganman.
Ba’zi paytlarda bu men uchun oson bo‘lmagan, lekin hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish va odamlarni bu soha bilan tanishtirish maqsadida deyarli barcha imkoniyatlardan foydalanganman.
Yillar davomida turli festival va ko‘rgazmalarda ishtirok etdim. Jumladan, “Atlas bayrami”, “Qo‘qon Xalqaro hunarmandlar festivali”, Buxoroda o‘tkazilgan festivallar, zardo‘zlik festivallari kabi tadbirlarda qatnashdim. Bu jarayonlar mendan katta mehnat va sabr talab qildi.
2016 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lganman va Prezident sovrini “Spark“ avtomobilini olganman. Lekin bu muvaffaqiyat oson kelmagan. Men ushbu tanlovda sakkiz yil davomida ishtirok etdim. Har yili yangi mahsulotlar tayyorlab, o‘z ustimda ishlab, yana harakat qilardim. Ba’zi paytlarda yutqazganimda juda ham xafa bo‘lardim, hatto yig‘lagan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin hech qachon taslim bo‘lmadim. Nihoyat, 2016 yilda g‘oliblikka erishdim.
Hozirgi kunda esa Yevropada va Amerikada o‘tkaziladigan turli xalqaro festival va ko‘rgazmalarda ham muntazam ishtirok etib kelmoqdaman.
Jumladan, 2008 yilda o‘tkazilgan “Dizayn va moda” haftaligi, “Xalqaro podium-2008” ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi va g‘olibasi bo‘ldim. Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan “Atlas bayrami” xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivalida ishtirok etib, YuNESKOning “Sifat belgisi” sertifikati bilan taqdirlandim (2015-2024). Shuningdek, Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Rajasthan Heritage Week” xalqaro festivali (2016-2017) hamda AQShning Santa-Fe shahrida doimiy o‘tkaziladigan “International Folk Art Market” xalqaro yarmarkasi (2016-2019) qatnashdim.
Ikkita kashta asarim dunyoning eng nufuzli muzeylaridan biri bo‘lmish Britaniya muzeyining (“British Museum”) doimiy ekspozitsiyasida 2023 yildan beri namoyish etilmoqda.
San’atshunos Binafsha Nodir bilan hamkorlikda Toshkent kashtachiligi an’analarini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan loyiha doirasida tashkil etilgan “Olis yulduz jilvasi” (2015), “Sehrli ipak jozibasi” (2016), “So‘zananing tug‘ilishi” (2019) nomli shaxsiy ko‘rgazmalarim ham tashkil etildi.
2023 yilda IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida o‘tkazilgan “Falakning gardishi yoxud bir kashtado‘z qissasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmada namoyish etilgan Toshkent maktabiga xos palak Markaziy Osiyodagi eng katta so‘zana (razmeri – 8×5,30 m) bo‘lib, 2,5 yil davomida yaratilgan. Ushbu asar xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan Biyennale gran prisiga loyiq ko‘rildi. Mazkur ko‘rgazma Latviyaning Riga shahridagi “Birja” muzeyida uch oy davomida namoyish etilib, xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholandi.
2023 yil 15-16 aprel kunlari Parijdagi “Arab dunyosi” institutida o‘tkazilgan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” ko‘rgazmasi doirasida eng sara asarlarim namoyish etildi. 2024 yilda 60-Venetsiya biyennalesi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilonida ham ijodiy asarlarim bilan qatnashdim.
2024 yil 30 noyabrdan Avstraliyaning Brisben shahridagi Kvinslend zamonaviy san’at galereyasida 11-marta o‘tkazilayotgan “Osiyo-Tinch okeani triyennalesi” (2025 yil 27 aprelga qadar)da 5 ta asarim namoyish etilmoqda. Galereya direktori Kris Seyns ushbu asarlarning badiiy qiymatini alohida ta’kidlab, ularni “ko‘rgazmaning asosiy bezagi”, deb e’tirof etdi.
Bugungi kunda yurtimizda hunarmandchilikka berilayotgan e’tibordan juda mamnunman. Hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariyatiga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
– Biznesingizning ijtimoiy ahamiyati bormi va u qanday? Ya’ni, hududingizda yashayotgan ehtiyojmand oilalarni ham qo‘llab-quvvatlaysizmi?
– Albatta, biznesimning ijtimoiy ahamiyati bor. Men bu faoliyatni faqat daromad uchun emas, balki o‘z hududimda yashovchi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham olib boraman. Har doim imkonimizdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman, ayniqsa, kasallik, moddiy qiyinchilik yoki boshqa zaruratlar bo‘lgan oilalarga. Shuningdek, faoliyatim davomida o‘qishga chiqqan yoshlar va ularning oila a’zolari bilan ham aloqada bo‘lib, ularga qo‘limdan kelgancha ko‘maklashaman.
Bu ishni men ko‘zga ko‘ringan maqsad yoki tanishlar uchun emas, balki samimiy ravishda, haqiqiy ehtiyojmandlarga yordam berish uchun qilaman. Xudoga shukr, biz buni barcha imkoniyatlarimiz bilan amalga oshira olyapmiz.
– Siz kelgusida qanday loyihalarni ishlab chiqyapsiz yoki rejalashtiryapsiz? 2025 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va milliy hunarmandchilikni rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?
– Kelgusida aniq loyihalarimni aytish qiyin, chunki hunarmandchilikda ijod va ilhom har doim birinchi o‘rinda turadi. Har bir ko‘rgazma va tayyorlagan ishlarim o‘z ichidagi ilhom va ijod mahsuli bo‘lib, ular orqali o‘z san’atimni ifoda etaman. Shu sababli avvaldan aniq rejalarni aytish qiyin, lekin Xudo xohlasa, yangi ko‘rgazmalar tashkil qilish va ularni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda namoyish etishni niyat qilaman.
Yaqinda esa Ozarbayjon san’at muzeyida “So‘zananing tug‘ilishi” nomli shaxsiy ko‘rgazmamiz bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma 13 martda ochildi. Xudo xohlasa, kelajakda bu kabi ko‘rgazmalarim yanada ko‘payishini niyat qilaman .
Shuningdek, kelajakdagi rejalarda men asosiy maqsad sifatida yangi shogirdlarni tayyorlashni qo‘yganman. Maqsadim – yoshlar, qizlar va ayollarga hunar o‘rgatib, ularning o‘z oilalariga moddiy va ma’naviy hissasini qo‘shishlariga yordam berish.
O‘zbek kashtasi – mo‘’jizakor san’at! Unda xalqimning, ayniqsa, o‘zbek ayolining qalbi, orzu-umidlari aks etgan. Shuning uchun unga dunyo xalqlarida qiziqish juda katta.
Biz, kashtado‘zlarga, ana shunday buyuk san’atni davom ettirish va uni dunyoga yoyish yo‘lida yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlashlar uchun davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Odil Olimjonov,Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2026
Izoh qoldirish