Inqirozdan keyin O‘zbekistonning xalqaro mehnat taqsimotidagi o‘rni qaysi tomonga o‘zgaradi?

Inqirozdan keyin O‘zbekistonning xalqaro mehnat taqsimotidagi o‘rni qaysi tomonga o‘zgaradi?

Iqtisodiy inqirozlar davrida yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Tabiiyki, imkoniyatlardan unumli foydalanganlar ko‘proq yutadi. Koronavirus pandemiyasi sababli “dunyo ustaxonasi” – Xitoy Xalq Respublikasida boshlangan iqtisodiy inqiroz jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodchilar allaqachon, pandemiya 2008 yildan keyingi eng yirik global iqtisodiy bo‘hronga turtki bo‘lishini prognoz qila boshlashdi. Jahon Banki prezidenti David Malpass joriy yilning 2 aprel kuni 65 ta davlat ushbu tashkilotdan koronavirus pandemiyasidan ko‘rilgan zararni bartaraf etish uchun tezkor yordam olish maqsadida murojaat qilganini bayon etdi.

AQShda ishsizlik nafaqasi so‘raganlar soni or

tib bormoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida mart oyida 10 milliondan ortiq fuqarolar ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza topshirdi. 2008 yildagi inqirozda ushbu ko‘rsatgich 1 millionga ham yetmaganini hisobga olganda ko‘lamni baholash yanada osonlashadi. Birgina 22-28 mart haftasi davomida nafaqa so‘ragan ishsizlar soni 6,5 milliondan ortiqroq. O‘z umrini mehnat bozorini o‘rganish uchun sarf etgan iqtisodchi Xeydi Sheyrxols iyul oyiga qadar murojaatchilar soni 20 milliondan ortib ketishini prognoz qilmoqda. Hukumat iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zining eng samarali paketlar dasturini ishlab chiqqanda ham vaziyat buyuk depressiya davridagidan ham yomonroq tus olganini anglatadi. Umuman olganda, deyarli barcha davlatlarning hukumatlari, markaziy bank va moliya vazirliklarini birgina savol qiynab turibdi: Qanday qilib, ushbu og‘ir iqtisodiy vaziyatdan minimal zararlar bilan chiqib ketish.

Jahon Banki O‘zbekitson iqtisodiyoti o‘sishi 2020 yilda 1,6 % ni tashkil etishini qayd etdi

Shu jumladan, O‘zbekiston iqtisodchi va siyosatchilarini ham ushbu masala o‘ylantirayotgani tabiiy. O‘zbekiston iqtisodiyoti ushbu og‘ir global vaziyatda nima yo‘qotadi, nima yutadi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 19 mart sanasida imzolangan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5969-son va 3 aprel sanasida imzolangan

“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5978-son Farmonlari o‘z vaqtida va oqilona chiqarilgan qarorlar mahsuli bo‘lib, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini inqirozdan minimal zarar bilan o‘tib olishlari uchun qo‘llab-quvvatlovchi chora va tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Albatta, ko‘rilgan va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning nechog‘li samara berishi pandemiyanining qancha muddat davom etishi, jahon va milliy bozorda yuzaga keladigan tendensiyalar bilan bir qatorda ijro intizomi, shuningdek tadbirkorlik sub’yektlari va aholining iqtisodiy qarorlariga ham chambarchas bog‘liq. Shu o‘rinda Jahon Banki e’lon qilgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlari yangilangan prognozlari hisobotida O‘zbekitson iqtisodiyoti o‘sishi 2020 yilda atigi 1,6 % ni qayd etishi kutilayotgani bayon etilgan (qiyoslash uchun yil boshida 5,7% kutilayotgan edi). Davlat byudjet defitsiti 2020 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,6% ni, 2021 yilda esa 4,7% ni tashkil etishi mumkin. Ayni paytda Markaziy bank tomonidan ko‘riladigan monetar choralar va Moliya vazirligining fiskal chora-tadbirlari hamohang tarzda iqtisodiy samarani oshirishni ko‘zlagandagina maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xususan, og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli iqtisodiy tushkunlikka tushib qoladigan korxona va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashning oqilona yechimlarini taqdim etish ish o‘rinlarini saqlab qolish va mehnat bilan bandlikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

So‘rovnoma: Karantinda aholining 86,7 ming nafari daromadi kamayganini ko‘rsatgan

O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligida “...xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi”, deya mustahkamlab qo‘yilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 219-modda).

Ushbu qonunchilik talabidan kelib chiqqan holda “Koronavirusning oldini olish bo‘yicha respublika komissiyasi”ning qarorida ham 23 martdan boshlab barcha korxona va muassasalar (mulkchilik shaklidan qat’iy nazar) asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarishi hamda qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etishi lozim ekanligi belgilandi. Ammo hamma tadbirkorlik sub’yektlari ham qonunda belgilanganidek ishchilarga o‘rtacha ish haqlaridan kam bo‘lmagan maoshlarni to‘lab bera olayaptimi degan savolga javob hozircha noaniq. Gazeta.uz sayti telegram kanalida 5 aprel kuni joylashtirilgan so‘rovnoma (200 mingdan ortiq respondent) natijalariga ko‘ra, karantin davrida respondentlarning 43 foizi, aniqrog‘i 86,7 ming nafari daromadlari kamaygani, 29 foizi, ya’ni 58,6 ming nafari butunlay daromadidan ayrilganini qayd etgan. So‘rovnoma natijalari ko‘rsatmoqdaki, karantin 72 foiz aholi daromadlariga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Shundoq ham 13-15 foiz yordamga muhtoj, kambag‘allik chegarasidan pastdagi aholining yoniga yana qariyb 30% hozirgi daromadlaridan ayrilgan va 43% damromadlari kamaygan aholining qo‘shilishi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni murakkablashtirishi tayin. Daromadlaridan ayrilgan aholini aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali ushbu murakkab vaziyatdan chiqib ketish mumkin. Birinchi galda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan respublikadagi ish haqlaridan soliqlar tushumi tarkibi monitoring qilingan holda xodimlar mehnat haqlari to‘lanishi ustidan nazoratni tashkil qilish lozim. Rasmiy ro‘yxatdan o‘tib ishlayotgan ishchilarning ish haqlaridan soliq tushumlari to‘xtab qolgan, yoki keskin kamayib ketgan holatlar aniqlansa, ushbu xodim mehnat haqi to‘lanmayotgan yoki kamaytirib to‘lanayotgani oydinlashadi. Undan keyin mehnat qonunchiligini buzib, xodimlari ish haqlarini kamaytirib to‘layotgan yoki umuman to‘lab bermayotgan ish beruvchilarni jazolash kerakmi degan savol tug‘iladi. Yo‘q, ushbu og‘ir sharoitda ish beruvchilarni jazolashdan imkon qadar qochgan ma’qul. Maqsad aybdorlarni jazolash emas, aholi daromadlari uzilishini oldini olish va mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish bo‘lishi lozim. Chunki, hamma ish beruvchi ham ish faoliyati to‘xtatilgan vaziyatda ish haqlarini to‘lab bera oladigan jamg‘armalarga ega deb ayta olmaymiz. Agar korxona yoki tashkilot to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa, undan ishchilar maoshlarini to‘lab berishlarini talab qilish noo‘rin bo‘ladi. Aynan mana shu o‘rinda davlat ko‘magi lozim bo‘ladi. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan rasman yollanib ishlovchilar, shuningdek ularga tenglashtirilgan o‘zini o‘zi band qilgan va mustaqil band aholi karantin talablariga bo‘ysunishi oqibatida mehnat faoliyati va daromadlarida uzilishlar bo‘lgan holatlar aniqlanganda subsidiya yoki boshqa ko‘rinishda kompensatsiya qilinishi maqsadga muvofiq. Albatta, davlat tomonidan aholi daromadlari kompensatsiya qilinishi ma’lum mablag‘ talab qilishi tayin. Gazeta.uz so‘rovnomasida aholining 72%i karantin davrida daromadlaridan qisman yoki butunlay ayrilganini ma’lum qilganidan kelib chiqqan holda, hattoki, inqirozga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag‘lardan ortib ketishi ham mumkinligini taxmin qilish mumkin. Ammo mavjud ish o‘rinlarini yo‘qotib yangi ish o‘rinlari yaratishga majbur bo‘lgandan ko‘ra, karantin davom etayotgan bir yoki bir necha oylik ish haqlarini to‘lab berish kamroq vaqt va xarajat talab qilishini inobatga olish lozim. Buning uchun xalqaro davlatlardan qarz so‘rashga to‘g‘ri kelsa ham, aholi daromadlari va xarid qobiliyatini saqlab qolish zarur. Qolaversa, mehnat qilish imkoniyatlari cheklangan hozirgi vaziyatda davlat ko‘magini his qilgan aholining karantin qoidalariga butkul amal qilish imkoniyati va mas’uliyati yanada ortgan bo‘lar edi.

Xitoy inqirozdan oqilona foydalanib qolgan

Mehnat bozori barqarorligini ta’minlash, mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish bilan bir vaqtda yana bir muhim masalani e’tiborsiz qoldirish kerak emas. Bu pandemiya inqirozidan keyingi harakatlar rejasini ishlab chiqish. Koronavirus pandemiyasi inqirozidan keyingi harakatlar rejasini tuzishda iqtisodiy sikllar qonuniyatlaridan kelib chiqish lozim. Iqtisodiy sikllar qonuniyatiga ko‘ra, inqirozdan keyin yangi imkoniyatlar vujudga keladi. So‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanib kelayotgan Xitoy iqtisodiy taraqqiyotiga nazar solib, mamlakatning 2008 yildagi inqirozdan qanday qilib oqilona foydalanib qolganini o‘rganish mumkin. Inqirozdan keyin Xitoy hukumati tomonidan katta hajmdagi subsidiyalar va intellektual mulkni o‘zlashtirish yordamida chempion kompaniyalari yaratildi. Umuman Xitoyda doim rejalar bo‘lgan. Ayni paytda, Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyati galdagi inqirozdan keyingi iqtisodiy rejalarini ishlab chiqmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyati kelgusida yuqori texnologiyalar bozoridan o‘rin egallash uchun yuqori e’tibor qaratayotganini ma’lum qilmoqda.

O‘zbekistonda 2018 yil dekabr oyi uchun o‘rtacha ish haqi 2 561 300 so‘mni tashkil etgan

E’tiborga molik jihat shundaki, mamlakat rahbariyatining o‘zi ham an’anaviy sanoatlashtirish rejasining davom ettirishga urg‘u berayotgani yo‘q. Buning muhim bir sababi mavjud. Xitoy qanday qilib “dunyo ustaxonasi”ga aylanish tarixiga qaraladigan bo‘lsa, bunda eng muhim rolni arzon va mehnat huquqlari ta’minlanmagan ishchi kuchi o‘ynaganini kuzatish mumkin. Hozirgi kunga kelib esa, Xitoy mehnat resurslari yetarlicha qimmatlashib, uning global raqobatda ustunligini ta’minlaydigan omil bo‘lmay qoldi. 1990 yilda mamalakatda o‘rtacha ish haqi 55 AQSh dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 990 AQSh dollariga ko‘tarilgan. Solishtirish uchun, O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil dekabr oyi uchun o‘rtacha ish haqi 2 561 300 so‘mni tashkil etgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki ma’lumotlari asosida mos davr uchun AQSh dollarida hisoblangan (11.12.2018 holatiga ko‘ra 1 AQSh dollari 8312,64 o‘rtacha oylik ish haqi taqriban 310 AQSh dollarini tashkil etganini kuzatish mumkin. Albatta, O‘zbekiston mehnat bozorining raqobatbardoshligini ta’minlash uchun faqatgina maoshlar pastligining o‘zigina yetarli bo‘lmasdan mehnat resurslari malakasi ham muhim rol o‘ynaydi. Shunga qaramasdan maoshlar pastligi arzon tannarxda ishlab chiqarish orqali narx bo‘yicha raqobatda yutib chiqish imkoniyatini oshiradi. Va bu omil investorlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nafaqat ish haqlari o‘sishi, shuningdek inqiroz boshlanishiga turtki bo‘lgan pandemiya o‘chog‘iga aylanib qolgani tufayli ham Xitoy iqtisodiyotiga investitsiyalar va mamlakatga turistik oqimning qisman bo‘lsada, boshqa davlatlarga ko‘chishini kutish mumkin. Xitoyning sanoat va xizmatlar sohasidagi roli qayta taqsimlanar ekan bu taqsimotda yutish uchun, avvalo O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash, undan keyin ushbu taqsimotdan samarali foydalanish uchun harakatlar rejasiga ega bo‘lish lozim.

O‘zbekiston arzon ishchi kuchi, shu bilan birgalikda boshqa ko‘plab jihatlardan raqobatbardosh iqtisodiyot yarata olish imkoniyatiga ega

Yo‘l xaritasi tuzishda avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatchi davlatlar iqtisodiyoti bilan raqobatlashish imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash talab etiladi. O‘zbekiston nafaqat, arzon ishchi kuchi, shu bilan birgalikda boshqa ko‘plab jihatlardan raqobatbardosh iqtisodiyot yarata olish imkoniyatiga ega. Xususan, Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelishni mo‘ljallagan har qanday investor o‘z ishlab chiqarish kuchlarini mintaqaning markazida joylashgan O‘zbekiston hududida joylashtirish haqida to‘xtalib o‘tishi tayin. O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti oldida turgan asosiy vazifa ishlab chiqarish kuchlarini kirib kelishi va o‘rnashishi uchun qulay va raqobatbardosh iqtisodiy-investitsion muhit yaratib berish bo‘lib qolmoqda.

Shu o‘rinda Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan 26 mart kuni imzolangan “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5975-son Farmonida makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish maqsadalari va tarkibiy islohotlar o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash, shuningdek, tashqi va ichki omillar ta’sirida yuzaga keladigan iqtisodiy sikllarni boshqarish kabi vazifalari qo‘yilgan bo‘lib, ushbu vazifalarni bajarish provardida iqtisodiy raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiyot raqobatbardoshligini ta’minlashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Shunday tashkilotlardan biri sifatida mamlakatlar makroiqtisodiy holati, iqtisodiy-siyosiy institutlari, infratuzilmalari, ishlab chiqarish shart-sharoitlari, inson kapitali, mehnat, moliyaviy, tovar va xizmatlar bozorlari holati va innovatsion muhiti kabi biznes yuritish uchun ahamiyatli barcha omillar tahlili asosida yillik “Global raqobatbardoshlik hisoboti”ni tayyorlab boradigan Jahon Iqtisodiyoti Forumini e’tirof etish mumkin. Tashkilot tomonidan e’lon qilib boriladigan “Global raqobatbardoshlik hisoboti” orqali raqobatdosh davlatlar iqtisodiyotini o‘rganib, ularning ustunlik va kamchiliklaridan foydalanish, kezi kelganda milliy iqtisodiyotdagi kamchiliklarni barataraf etish mumkin. Dunyoning 140 dan ortiq davlatlari iqtisodiy raqobatbardoshligini o‘rganib boradigan ushbu tashkilot tahlil va hisobotlarida O‘zbekiston nomi hali ham uchramaydi. Forum bilan bevosita hamkorlik raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishda qo‘l keladi.

Xulosa o‘rnida, Jahon Banki va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari butun dunyo, shu jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari kamayishini ta’kidlayotgan bo‘lsa ham, mamlakatda rejalashtirilayotgan taraqqiyot ko‘rsatkichlariga erishish va hatto xalqaro mehnat taqsimotidagi o‘rnini mustahkamlab olish uchun imkoniyatlar mavjud ekanligini aytish mumkin. Buning uchun inqiroz davri va inqirozdan keyingi chora-tadbirlarni puxta o‘ylangan iqtisodiy-siyosiy qarorlar asosida olib borish taqazo etiladi. Xususan, birinchi navbatda koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, karantin davrida mehnat faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar mehnat qonunchiligida belgilanganidek o‘rtacha mehnat haqlari to‘lanishiga erishish imkoni bo‘lmagan holatlar aniqlanganda inqirozga qarshi jamg‘arma hisobidan subsidiya, yoki imtiyozlar taqdim etish orqali mehnat daromadlari uzilishi oldini olish lozim. Daromadlar esa o‘z navbatida aholining xarid qobiliyatini saqlab qolish va inqirozdan tezroq chiqib ketishga xizmat qiladi.

Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi

ilmiy xodimi Rajabov G‘iyosjon Bozorboy o‘g‘li

Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari bo‘lib, tahririyat yoki O‘zbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar