Xayriniso Dehqonboyeva Toshkent viloyatining eng chekka, olis hududlaridan biri – Bo‘ka tumanidagi “Qoraqo‘yli” qishlog‘ida yashaydi. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejini bitirgan bu ayol Prezident Xalq qabulxonasi tashkil qilgan tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabuliga ikkita masala bilan borgan edi: o‘ziga doimiy ish topish va farzandini bolalar bog‘chasiga berish.
Mavjud real vaziyat esa dastlab ayolni sal shoshirib qo‘ydi: davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga ularning elektron navbati kelganda, farzandi allaqachon maktab ostonasiga qadam qo‘yar ekan. O‘z sohasi bo‘yicha doimiy ish topishi uchun esa bir muddat kutishi lozim.
Xo‘sh, Xayrinisoning bu ikki masalasi qanday yechim topdi?
Bu haqda sal keyinroq...
Mavzuga kirishdan avval e’tiboringizni quyidagi tahliliy ma’lumotlarga qaratsak: Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 2021 yilning 10 oyida Bo‘ka tumani aholisidan qariyb 5 ming 490 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 4 ming 670 dan ziyodi ya’ni 85,2 foizi qanoatlantirilgan.
Xayriniso Dehqonboyeva taqdiriga qaytsak. Uning o‘z sohasi bo‘yicha doimiy ish topish-u farzandini bolalar bog‘chasiga berishga oid masalasi sayyor qabulda qanday hal qilindi?
Mas’ullar Xayriniso bilan suhbat asnosida uning salohiyatini to‘g‘ri baholashdi. Ayolga o‘z uyida oilaviy bog‘cha ochishni taklif etishdi. Taklifga qo‘shib yordam qo‘li ham cho‘zildi: oilaviy bog‘cha ochishdan, to xonalarni ta’mirlash-u jihozlashgacha ko‘mak berildi. Bu borada, 30 mln. so‘m bank krediti ajratilgani, ayniqsa, ishga rivoj berdi, avj berdi.
Shu tariqa Bo‘kaning chekka “Qoraqo‘yli” mahallasida 50 o‘rinli “Beg‘ubor bolalik” oilaviy bog‘chasi ish boshladi. Ayolning o‘zi ham kutmaganda ishlari yurishib ketdi: besh oydan so‘ng u ota hovlisida ikkinchi “Ilk qadam” xususiy bolalar bog‘chasini ishga tushirdi. Bugun bu ikki muassasada Xayrinisoning o‘zi kabi o‘rta maxsus ma’lumotli 10 nafardan ortiq pedagog ayollar 100 nafar bo‘kalik bolalarga ta’lim-tarbiya bermoqda. Tadbirkor ayol esa endi mahallasidan 40 sotix yer sotib olib, 200 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etishga kirishdi.
Inson birgina imkoniyat, ozgina ko‘mak, andakkina e’tibor bilan o‘z ichki quvvatini qanday birlashtirishi, o‘z hayotini qanday o‘zgartirishi, o‘z turmushini qanday ko‘tarishi mumkinligiga Bo‘kaning Do‘stlik mahallasidagi 32 yoshli Maryam Majidova taqdiri misolida yana bir bor amin bo‘ldik.
Yaqin-yaqingacha o‘zi ham, eri ham ishsiz edi. Maryam ham sayyor qabulga ish so‘rab borib, tadbirkor bo‘lib qaytdi: pishiriq pishirishga uquvi bor ayolga 30 million so‘m kredit ajratildi. Va u bu pulga ikkita pech sotib oldi. Ishni tort pishirishdan boshlagan Maryam uch oyga bormay kreditni deyarli so‘ndirdi. Pishiriqlari ovozasi Bo‘kadan oshdi, Oqqo‘rg‘on-u Pskentdagi do‘konlardan ham talab tusha boshladi. Bir yil ichida bu oila ham o‘z hayotini yo‘lga qo‘ydi, mas’ullarning ozgina e’tibori bois o‘z muammolarini o‘zi hal qildi, o‘z taqdirini o‘z kuchi bilan o‘zgartirdi. Bir kunda bir necha turdagi kamida yuzdan ziyod mahsulot tayyorlayotgan Maryam Majidova bugun mahallasidagi bir qancha qizlarni ham ish bilan ta’minladi. Kechagina qora qozonni qanday qaynatishni bilmay turgan oila bugun pulini bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil ham sotib oldi.
Joriy yilning 10 oyi davomida Bo‘kada murojaatlar asosida Maryam kabi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirmoqchi bo‘lgan insonlarning 731 ta loyihasi uchun 20,3 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Albatta, o‘z ishi, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lish – inson uchun eng muhim maqsadlardan biri. Biroq bunga erishish uchun avvalo tan-jon salomatligi kerak.
Bo‘ka tumanidagi ingliz tili faniga ixtisoslashtirilgan 16-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Durdona Ahmedova oilasi, jamiyat va davlatimizning yordami bilan bugun og‘ir xastalikni yengib, deyarli o‘lim ostonasidan yana hayotga, qadrdon maktabiga qaytdi. Uning jigarini almashtirishdan boshqa chora qolmagan, biroq oilaning bunga qurbi yetmasdi. Turmush o‘rtog‘i bisotini sotdi, yaqinlari, hamkasblari imkon qadar mablag‘ yidi, baribir 50 million so‘m yetmay qoldi. So‘ng Hakimjon Ergashev ko‘mak so‘rab murojaat qilgach, bu masala zudlik bilan mahalliy kengash sessiyasiga kiritildi. Deputatlar qo‘llovi bilan “Mehr va saxovat” jamg‘armasidan ajratilgan yetarlicha mablag‘ bois muallima xorijda jigar transplantatsiyasi bilan bog‘liq nihoyatda murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Aslida ham har qanday muammoning yechimi – avvalo jipslikda. Xalq bilan muloqot tizimi bugun nainki muammolarning yechimini topish, balki odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartirmoqda, jamiyat va davlat kuchini birlashtirmoqda.
Albatta, bular – xalq bilan doimiy muloqotni ta’minlash borasida yo‘lga qo‘yilgan yaxlit tizim, qat’iy va aniq mexanizm berayotgan real natijalardan bir shingil, xolos. Muhimi, “Inson qadri uchun” tamoyili aholi murojaatlari bilan ishlashning javhariga, pirovard maqsadiga aylanmoqda. Xalq qabulxonalari tom ma’noda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanib borayotgani esa xalqchil va insonparvar davlat barpo qilishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish