Investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish – diqqat markazida

Investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish – diqqat markazida

11 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni jalb qilishni yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tarmoqlar va hududlarning sarmoyaviy ko‘rsatkichlari, yil oxirigacha bo‘lgan davrda amalga oshirilayotgan loyihalar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Joriy yilning olti oyida tarmoqlarda 3,6 mlrd dollar investitsiyalar o‘zlashtirildi. Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlariga 50 mln dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi. Buning hisobiga mazkur tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rni va qo‘shimcha 1 trln so‘mlik tushum manbalari yaratildi. Ammo ayrim hududlar va tarmoqlarda bu ko‘rsatkich ancha past, investitsiya muhiti qoniqarsiz holatda.

Prezident tomonidan 1,5 ming investitsiya loyihalarini jadallashtirish, 12 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar topshirildi, har bir tarmoq va hududda investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning aniq algoritmlari belgilab berildi. Tarmoqlarda 230 ta loyiha doirasida 4,4 mlrd dollar, hududlarda 1 ming 200 ta loyiha doirasida 4,6 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda loyihalar 3 ta toifaga ajratilib, ular bilan manzilli ishlanadi. Yirik loyihalarga viloyat hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari, o‘rta loyihalarga tuman hokimi, kichik loyihalarga tuman hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi. Bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yish hamda masalalarni joyida hal etish uchun har bir hududga mutasaddilar biriktirildi.

Yig‘ilishda hamkor mamlakatlar bilan investitsiyaviy sheriklik natijalari ham ko‘rib chiqildi. Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, Investitsiya va tashqi savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo‘ysunadi. Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur masalalarni hal qilib boradi. Shu tizim asosida ishlab, joriy yilning o‘zida qo‘shimcha 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish mumkin.

Shuningdek, aksariyat viloyat, tuman va shaharlarda shakllantirilgan investitsiya loyihalari asl imkoniyatlarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, so‘nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, 6,5 mlrd dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyiha topilgan. Bu – har bir tumanga o‘rtacha 110 mln dollar investitsiya, yuzlab ish o‘rni, degani. Shuni hisobga olgan holda, konsalting kompaniyalari bilan birga, barcha tuman va shaharlarda “izlanish – ishlab chiqish – amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Ularni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi.

Hukumat komissiyasi tomonidan iqtisodiyotga katta turtki beradigan 97 ta yirik sanoat loyihasi tayyorlandi. Ular orqali 6,7 mlrd dollar o‘zlashtirilib, 3 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqirish, 27 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud. Hukumat komissiyasiga ushbu loyihalarni tezroq ishga tushirish, xorijiy kreditlardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Farg‘ona viloyatidagi yig‘ilish

27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida investitsiyalarni jalb qilish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yiig‘ilish o‘tkazdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyat va tumanlar rahbarlari ham videoaloqa vositasida ishtirok etdilar.

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini qayd etib o‘tdi. Misol uchun, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i 25 mln dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 mln dollarni tashkil etgan. Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

Sanoat salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayapti. Bir paytlar sanoat bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lgan Farg‘ona hozir respublikada 12-o‘ringa tushib qolgan. Masalan, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qo‘qonda 3, Oltiariqda 1,3 va Quvada 1,2 foizga kamaygan. Viloyatda 2022 yilning olti oyida faoliyatini to‘xtatgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 14,5 mingtaga yetgan. Aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.

Yil boshida respublika bo‘yicha 60 ta tuman to‘rtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur boshlandi. Farg‘onada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va So‘xdagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda 30 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Lekin mazkur tumanlarda natija ko‘rinmayapti. Ahvol yaxshilanishi o‘rniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi o‘tgan yilga nisbatan kamayib ketgan.

Viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirilgan. Ular tomonidan 2 mlrd dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlangan va tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalar shakllantirilgan. Prezident Farg‘onada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar safarbarlik e’lon qildi. Har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida 100 mln dollardan investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgani sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi. Shu bois, mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Farg‘onada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.

Foydali qazilma boyliklarini o‘zlashtirish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni foydali qazilmalar zaxirasi va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda geologiya sohasiga katta e’tibor qaratilib, zamonaviy texnologiyalar joriy qilingani natijasida yerosti boyliklarini aniqlash ko‘lami kengaygani, ularni qazib olish va qayta ishlash loyihalariga xorijiy investitsiyalar kirib kelayotgani qayd etib o‘tildi.

Xususan, so‘nggi olti yilda kaolinni qayta ishlash bo‘yicha 148 mln dollarlik 15 ta yangi loyihalar ishga tushgan. Natijada tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 baravar ko‘payib, eksport 65 mln dollarga yetgan. Shu davrda ko‘mir qazib chiqarish hajmi 1,4 baravar oshib, 5,4 mln tonnaga yetgan.

Taqdimot doirasida geologiya sohadagi, jumladan, ko‘mir, kaolin va uran hajmini oshirishga qaratilgan rejalar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, bu yil 6,7 mln tonna ko‘mir qazib olish reja qilingan. Kaolin bo‘yicha qiymati 620 mln dollarlik 33 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Undan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga joriy yilda eksportni 81 mln dollarga, 2030 yilga borib 180 mln dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Shuningdek, uran zaxirasini o‘stirish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlari davom ettiriladi.

Davlat rahbari tomonidan mavjud xomashyo bazasi, noyob texnologiyalar va kadrlar salohiyatidan unumli foydalanib, mahsulotlar hajmini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Surxondaryodagi toshko‘mir bo‘yicha 5 ta istiqbolli maydonni xususiy sektorga berib, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, Angrenda qazib olinadigan ko‘mir sifatini yaxshilash va saralash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Yangi kaolin konlarini topish va oq kaolin zaxirasini 200 mln tonnaga yetkazish, uni qayta ishlash loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Gidrotermal va qora slanetsli uran konlarini o‘zlashtirishga xorijiy investorlar jalb qilinishi belgilandi.

Toshkent viloyatidagi yig‘ilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni “Chirchiq” kimyo-sanoat texnoparkiga tashrif buyurdi va bu yerda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda o‘tgan yilda Toshkent viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish hajmi 135 foizga o‘sib, 480 mln dollarni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan olti oyda investitsiya dasturlari doirasida 240 mln dollarlik 322 ta loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish o‘rni yaratilgan. Lekin ayrim tuman va shaharlarda faqat kichik va o‘rta loyihalar bilan cheklanib qolinmoqda. Misol uchun, O‘rtachirchiq, Chinoz, Qibray, Toshkent, Yangiyo‘l tumanlari va Nurafshon shahrida birorta ham yirik loyiha yo‘q. Shu munosabat bilan har bir tuman va shahar hokimiga yil yakuni bilan kamida 100 mln dollardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning olti oyida viloyatda 440 mln dollarlik eksport qilingan. Shuningdek, sanoat va xizmat sohasi ko‘rsatkichlari ham oshgan. Lekin ayrim tuman va shaharlar kesimida olganda, tushgan. Bu yil qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan hozirgacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirilgan.

Prezident joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni sanab o‘tdi. Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash dolzarbligi ta’kidlandi.

Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi. Buning uchun Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi. Bunda salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi. Bundan tashqari, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida 400 ming aholi bandligini ta’minlash tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

To‘liq sikldagi klaster tizimi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterida ishlab chiqarilgan birinchi mashinalarni ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi qaroriga muvofiq, bu yerda mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi negizida to‘liq siklli klaster tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot – universal traktor ishlab chiqarildi. Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish o‘rni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.

Prezident bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, mazkur jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, davlat rahbari texnikalarga xizmat ko‘rsatishning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul o‘qitib, sifatli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2023

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar