Hokim yordamchilari – xalq orasida ("Yaxtanlik" mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– Ushbu vazifaga kelganimga qadar bank tizimida faoliyat yuritganman, jumladan, Asakabank va Mikrokreditbankning Jizzax viloyat filialida ishlaganman. Shuningdek, hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangunimga qadar tadbirkorlik yo‘nalishida ham faoliyat olib borganman. Asosiy ish tajribamni bank tizimida orttirdim, desam adashmagan bo‘laman. Sababi bank tizimida aholi bilan, ayniqsa, ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va savdo sohasidagi tadbirkorlar, shuningdek, o‘z xonadonlarida kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birga ishlab, ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirishda, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashda o‘z tajribamni oshirganman.

Bankka tadbirkorlik qilish istagida kelgan har bir fuqaroni, avvalo, xushmuomalalik bilan tinglaysiz, muammoning yechimini taklif etasiz. Bugungi kunda hokim yordamchisi sifatida mahallada, aholi orasida faoliyat yuritish men uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Xonadonma-xonadon kirib, uy xo‘jaliklari bilan tanishib, har bir oilaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini o‘rganib, xatlovdan o‘tkazgan holda ish boshlaganimiz har tomonlama to‘g‘ri bo‘lgan. Prezident vakili sifatida uyma-uy kirib borishimizning o‘zi katta bir mas’uliyat ekanligini dildan his qilib turaman.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

Sharof Rashidov tumani Yaxtanlik mahallasi Jizzax shahrining Jizzaxlik mahallasi bilan tutash qismida joylashgan. Mahallada 2 ta umumta’lim maktabi va 4 ta davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 1 ta yirik qurilish korxonasi va 15 ta kichik ishlab chiqarish korxonasi, ko‘plab savdo-servis nuqtalari ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

– O‘tkazilgan so‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi?

Faoliyatimiz boshlangan 2022 yilda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida mahallaning asosiy drayveri chorvachilik ekanligi aniqlangan. Prezidentimiz tomonidan aholiga qulay tadbirkorlik sharoitlari yaratilishi va imtiyozlar berilishi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratilishi natijasida mahallaning asosiy drayveri mebel ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga o‘zgarib bormoqda.

– 2024 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?

2024 yilda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2024 yilda 20 ta yangi mebel ishlab chiqarish, 22 ta tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish sexi, 5 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi. Natijada, 106 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Mebel ishlab chiqarish va tikuvchilik sexlarida 36 nafar yosh “Ustoz — shogird” tamoyili asosida kasbga o‘qitildi. Mahallada o‘tgan yilda obodonlashtirish borasida ham bir qancha ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yilda mahallamiz uchun 12 km ichimlik suvi tarmog‘i, 4 km yuqori bosimli gaz tarmog‘i, 2 km yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i tortildi. Natijada, mahalla aholisi to‘liq ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlandi.

– Joriy yilda mahallani rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?

Joriy yilda mahallamizda “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha” va “Obod xonadon” tamoyili asosida amaliy ishlar boshlanib, mahalla infratuzilmasini, gaz va elektr ta’minotini yaxshilash, yo‘llarni asfaltlash va har bir xonadonda yuqori daromad keltiruvchi tadbirkorlik faoliyati, jumladan, asosiy e’tibor mebel ishlab chiqarish, tikuvchilik, qo‘ziqorin yetishtirish, issiqxona, chorvachilik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritalari tasdiqlanib, rejali asosda tizimli amalga oshirish muddatlari belgilandi. Bugungi kunda mahallada 80 ga yaqin xonadonda mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda bizning asosiy maqsadimiz 2025 yil oxiriga qadar yana 60 ta xonadonda mebel ishlab chiqarish sexlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallamizni ishsizlikdan xoli hududga aylantirishdan iborat.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?

Hokim yordamchisi sifatida faoliyatimdan va tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar, bu birinchi navbatda, ayrim fuqarolarimizdagi boqimondalik kayfiyati bo‘lsa, ikkinchidan, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qligi deb o‘ylayman. Sababi, bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan o‘z xonadonida daromad topishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ko‘plab imtiyoz va qulayliklar yaratib berilmoqda. Shu o‘rinda yana bir muhim omil mahalla yettiligi faoliyatidir. Agar mahalla yettiligi o‘z vazifalarini vijdonan ado etib, xalq orasida yurib nafaqat har bir xonadon, balki har bir fuqaroni yoki oilaning har bir a’zosi bilan hamjihat bo‘lib, uning muammosini aniqlab, dardini eshitib, muammosiga yechim topa olsagina o‘sha insonning dunyoqarashi o‘zgaradi, kelajakka intilish hissi paydo bo‘ladi, o‘zi uchun munosib turmush tarzi yaratish uchun harakat qilishni boshlaydi. Men faoliyat ko‘rsatayotgan Yaxtanlik mahallasi fuqarolarining tadbirkorlik ko‘nikmalari yaxshi shakllangan. Bizning vazifamiz ularning yanada rivojlanishi uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratib berish va moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlashdir. Shunda hududda yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshadi. Bu esa hududda ishsizlik va kambag‘allik darajasining sezilarli darajada kamayishiga xizmat qiladi.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.

Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davrimda Yaxtanlik mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Ushbu davr mobaynida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 3,0 mlrd so‘mga yaqin imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 65 ta yangi mebel ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonasi tashkil etildi, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor Gulchehra Jumayevaga 100 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishi natijasida, stol-stul ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yana bir xususiy tadbirkorimiz Zulayho Hamroqulovaga 220 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilishi natijasida 50 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, 10 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Yaxtanlik mahallasida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mehnat qilish uchun xorijga ketgan fuqarolar va ularning oila a’zolari bilan mahalla yettiligi tomonidan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning ish sharoitlari, sog‘liklari va oila a’zolarining yashash sharoitlari o‘rganib kelinmoqda. Shuningdek, xorijda kam maosh olib ishlayotgan fuqarolarimizni yurtimizga qaytarish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda tadbirkorlikka jalb etish, qayta kasbga o‘qitish va munosib ish o‘rinlariga joylashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? 2025 yilda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?

Bugungi kunda mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan barcha islohotlar faqat inson manfaati, inson qadri uchun, xalqimizga munosib turmush-tarzini yaratish uchun amalga oshirilayotganini butun dunyo e’tirof etayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, Yaxtanlik mahallasida ham amalga oshirilayotgan ishlar, muhim ishbilarmonlik muhitining shakllanayotganligi, infratuzilmaning yaxshilanayotganligi, umuman olganda, barcha islohotlar xalqimiz manfaatlari uchun xizmat qilayotganini mahallamiz aholisi amalda ko‘rib turibdi va ularning davlatga va islohotlarga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda.

2025 yilda mahallamizda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tamoyili asosida chora-tadbirlarni amalga oshirish, mahallani tadbirkorlik rivojlangan, ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish asosiy maqsadimiz hisoblanadi.

Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar