Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan joriy yil 9 oylik Makroiqtisodiy sharhi tayyorlandi. Mazkur hisobotda mamlakatning joriy makroiqtisodiy holati tahlil etilib, 2023-2024 yil uchun prognozlar berilgan.
Makroiqtisodiy sharh Markazning muntazam nashri hisoblanadi. Unda O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatning tezkor tahlili taqdim etilib, qisqa muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha baholashlar keltiriladi.
Nashrda yalpi ichki mahsulot, sanoat, investitsiyalar, iste’mol xarajatlari, inflyasiya, foiz stavkalari, kreditlash, ichki va tashqi savdo, davlat byudjeti xarajatlari va daromadlari, siklik moslashtirilgan byudjet balansi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.
Sharh milliy iqtisodiyot rivojlanishining holati va asosiy tendensiyalarining monitoringi, shu jumladan, qisqa muddatli iqtisodiy istiqbollarini shakllantiruvchi pul-kredit va fiskal sohalardagi davlat siyosati masalalarini qamrab oladi.
Sharhning maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va milliy iqtisodiyotning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish shartlarini ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy siyosat sohasidagi rivojlanish istiqbollarini baholashdan iborat.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘zining o‘rta muddatli trendidan yuqori o‘sib, o‘sish sur’ati 5,8%ni tashkil qildi. Joriy yilning III choragida almashuv kursining to‘g‘rilanishi fonida tashqi savdo aylanmasi 22,1%ga o‘sib, 44,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda yillik iqtisodiy o‘sish 5,4-5,6% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda aholi ist’yemoli va investitsiyalarning o‘sishi mos ravishda 4,8% va 7,6%ni tashkil etadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023 yil yanvar-sentyabr bo‘yicha Makroiqtisodiy sharhining asosiy xulosalariga quyidagilar kiradi:
- 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8%ga o‘sdi. Joriy yil yakuni bilan ijobiy ishlab chiqarish tafovuti saqlanib qolishi kutilmoqda;
- Xizmatlar va sanoat sohasi yalpi taklif tarafidan iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi - xizmatlar 6,5%ga va sanoat 5,7%ga o‘sdi.
- O‘tgan yillardagi tendensiya shuni ko‘rsatmoqdaki, foyda va daromad solig‘i hamda resurs to‘lovlari va mol-mulk solig‘idan tushumlarning YaIMga nisbatan ulushi 2021 yilgacha ortib borgan bo‘lsa, oxirgi yillarda byudjetdan tashqari jamg‘armalar va hisoblar hamda boshqa daromadlarning ulushi ortmoqda;
- Hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-2023 yillarda real va neytral foiz stavkalarida o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Joriy yilning sentyabr holatiga ko‘ra, real foiz stavka 4,4%ni, neytral foiz stavka 3,9%ni tashkil qildi;
- Global monetar sharoitlarning qattiqlashtirilishi fonida asosiy savdo hamkor davlatlar Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyada Markaziy banklari tomonidan ham qattiq monetar siyosatni ushlab turish siyosati davom ettirilmoqda;
- 2023 yil oktyabr boshiga keng ma’nodagi pul massasi o‘tgan yil mos davriga nisbatan 12%ga ko‘paygan. Pul massasi tarkibida milliy valyuta 77%, xorijiy valyutadagi depozitlar ulushi 23%ni tashkil qildi;
- Tahlillarga ko‘ra, aholiga ajratilgan kreditlar kesimida iste’mol va avtokreditlash ulushi yuqoriligicha qolmoqda (44% va 40%).
- 2023 yilning yanvar-sentyabrida mashina va asbob-uskunalar importi 11,4 mlrd, kimyoviy mahsulotlar 4,2 mlrd, oziq-ovqat mahsulotlari 3 mlrd va xizmatlar 1,8 mlrd dollarni tashkil qilgan. Mazkur kategoriyalarning importdagi ulushida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan;
- Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning savdo shartlarida pasayish davom etmoqda. Xususan, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yil 9 oyiga nisbatan 0,5%ga yomonlashgan bo‘lsa, 2018 yildan beri 11,2%ga pasaygan;
- Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Xalqaro hisob-kitoblar banki metodologiyasi asosida so‘m real samarali almashuv kursi dinamikasi tahlil qilindi. Natijalar ko‘rsatishicha, so‘mning real almashuv kursi 2019 yil yanvaridan 2023 yil sentyabriga qadar 13,9%ga mustahkamlangan.
2023 yilning yanvar-iyun oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2023 yilning yanvar-sentyabr oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
Izoh qoldirish