Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot yanvar-dekabr oylarida 1,6 foizga o‘sdi va 580,2 trln. so‘mni tashkil etdi.
Joriy yil dastlabki 3 chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot mo‘’tadil darajada o‘sishda (0,4%) davom etgan bo‘lsada, 4-chorakda iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlari normal faoliyatiga qaytish ishlab chiqarish faolligini oshirishga imkon berdi.
Pandemiya qo‘shni mamlakatlar va asosiy savdo hamkor davlatlarda iqtisodiy rivojlanishga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston YaIM o‘sishi 2019 yildagi 4,5 foiz o‘sish bilan taqqoslaganda, 2,6 foizga kamaydi. Rossiyada yillik YaIMning pasayishi 3,8 foizga baholandi. Qirg‘iziston YaIM 2020 yil yanvar-dekabrda 8,6 foizga kamaydi. Shu bilan birga, Xitoy iqtisodiyoti 2,3 foizga o‘sdi. Biroq, ushbu o‘sish darajasi so‘nggi 45 yildagi eng kichik ko‘rsatkich hisoblanadi.
O‘zbekistonda inflyasiya darajasi pasayishda davom etmoqda. Iste’mol narxlarining yillik o‘sish sur’ati 2019 yil dekabrga nisbatan 11,1%ni tashkil etdi. 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 15,2% bo‘lgan. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda narxlar o‘sishining sekinlashishi oziq-ovqat, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarda qayd etildi. Bunda, inflyasiyaning asosiy drayveri hali ham oziq-ovqat narxlari oshishi (15,3%) bo‘lib qolmoqda (2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 18,6% bo‘lgan).
Pandemiyaning sezilarli oqibatlaridan biri investitsiya faolligining pasayib ketishi bo‘ldi. Asosiy kapitalga qo‘yilgan investitsiyalar hajmi 8,2%ga kamaydi. Shu bilan birga, ta’kidlash lozimki, pasayish markazlashgan investitsiyalarning deyarli 35%ga, xususan, byudjet mablag‘laridan investitsiyalarning 33,6%ga va hukumat tomonidan kafolatlangan xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 28%ga kamayishi hisobiga qayd etildi. Markazlashmagan manbalardan investitsiyalar hajmi, aksincha, joriy yil yakuni bo‘yicha 2%ga o‘sdi. Ushbu o‘sish asosan korxonalar mablag‘laridan qilingan investitsiyalarning 11,2%ga o‘sishi hisobiga to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish o‘sishini saqlab qolishga erishildi.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ishlab chiqarish 3%ga o‘sdi. Bunda, so‘nggi yillarda davlat tomonidan baliqchilik sohasini rivojlanishiga katta e’tibor qaratilayotganligi natijasida sohaning ikki raqamli o‘sish sur’atiga, ya’ni 19,8 foizga oshganligini qayd etish lozim.
Yil yakunlari bo‘yicha sanoat tarmog‘ida aprel-oktyabr oylarida kuzatilgan iqtisodiy pasayishni yengib o‘tib, 0,7% darajada mo‘’tadil o‘sishga erishildi. Asosiy drayveri qayta ishlash sanoati bo‘ldi. Mazkur sanoat tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi 7,1%ga oshdi va ushbu ko‘rsatkich 2019 yildagi o‘sish (6,6%)dan ham yuqori hisoblanadi. 2020 yilda qayta ishlash sanoati tarmoqlari orasida ishlab chiqarish hajmining eng katta o‘sishi elektron va optik mahsulotlari, kompyuterlar ishlab chiqarishida (o‘sish – 70,6%) kuzatildi (biroq uning sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmidagi ulushi nisbatan past darajada saqlanib qolmoqda – 0,9%). Shu bilan birga, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish 15,4%ga, tayyor metall buyumlar 14,8%ga, farmatsevtika mahsulotlari 13,4%ga, oziq-ovqat mahsulotlari 8,7%ga o‘sish kuzatildi. Tog‘-kon sanoatida, aksincha, jiddiy pasayish kuzatilmoqda va ushbu pasayish deyarli 22% bo‘lib, xususan, tabiiy gaz, shag‘al, maydalangan toshlarni qazib olish hajmi kamayishi bilan bog‘liq. Shuningdek, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash 12,5%ga o‘sganini ta’kidlash joiz.
2020 yil yakunlari bo‘yicha qurilish sohasida o‘sish sur’atlari 2019 yildagi 22,9%dan 9,1%gacha pasaygan bo‘lsa-da, hali ham yuqori dinamika darajasiga ega.
Xizmat ko‘rsatish sohasi, pandemiyaning yashash va ovqatlanish, yo‘lovchi tashish xizmatlari, chakana va ulgurji savdo sohalariga jiddiy salbiy ta’siriga qaramay, yil yakunlari bo‘yicha 2,3% darajasida ijobiy o‘sishni saqlab qolishga erishdi. 2019 yilda ushbu sohada o‘sish sur’ati 13,2%ni tashkil etgan edi. 2020 yilda chakana savdo aylanmasi hajmi 3,2%ga o‘sdi. Transport sohasida asosiy ko‘rsatkichlarning pasayishi kuzatilmoqda. Jumladan, yuk tashish aylanmasi 4,8%ga, yo‘lovchi tashish aylanmasi 16,7%ga kamaydi. Bu esa mamlakatda ikki marta qat’iy cheklov choralari, shuningdek tashqi bozorlarda eksport mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasayishi bilan bevosita bog‘liq.
Pandemiya respublikaning tashqi savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi 13,1%ga kamayib, 36,3 mlrd. doll.ni tashkil etdi. Eksport hajmi 15,1 mlrd. doll.ga teng bo‘ldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,4%ga kam hisoblanadi. Import hajmi ham 12,8%ga kamayib, 21,2 mlrd. doll.ni tashkil etdi. Tashqi savdo saldosi salbiy 6 mlrd. doll.ga teng bo‘ldi.
Eksport tarkibida asosiy pasayish – xizmatlar eksporti (41,7%) hamda energiya va neft mahsulotlari eksporti (73,9%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qiymati 16,5%ga kamaydi. Shu bilan birga, to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak eksporti 18,1%ga o‘sib, 1,9 mlrd. doll.ga teng bo‘ldi. Oltin 18%ga, mashinalar va uskunalar 9,4%ga, qora metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar 4%ga o‘sdi. Import tarkibidagi asosiy pasayish, xizmatlarning qariyb 50 foizga, qora metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning 20%ga, mashinalar va uskunalarning 16,2%ga kamayganligi bilan bog‘liq.
Pandemiya va uning oqibatida boshqa mamlakatlar iqtisodiyotida yuzaga kelgan tanazzul sharoitida O‘zbekiston, iqtisodiy o‘sishida ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, maqsadli cheklov choralarini qo‘llash natijasida ko‘pchilik korxonalar faoliyatini to‘liq to‘xtashiga yo‘l qo‘ymaslik va ishbilarmonlik faoliyatini tiklashga imkon yaratdi. To‘rtinchi chorak, iqtisodiyot uchun nisbatan barqaror bo‘lib, bu korxonalarning odatiy hayot ritmiga qaytishi va ishlab chiqarish hajmining ko‘payishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi. Shunday qilib, barcha qiyinchiliklarga, iqtisodiy o‘sishning pasayishiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti turli xil ta’sirlarga barqarorligini namoyish etdi.
Ruslan Abaturov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish