Joriy yilning II choragida mamlakatimizda iqtisodiy faollikning jadal tiklanishi, yalpi talabning kutilganidan ko‘ra tezroq sur’atlarda o‘sishi davom etdi va aksariyat tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetdi. Xususan, 2021 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizni tashkil etdi.
Bu haqda Markaziy bankning 2021 yil II chorak uchun e’lon qilingan pul-kredit siyosati sharhida keltirilgan.
Iqtisodiyotning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sish sur’atlarining (mos ravishda 8,5 va 18,3 foiz) pandemiyagacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlarigacha yetganligi kuzatilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi (1,8 foiz) va qurilish ishlari (0,1 foiz) sohalarida 2020 yilda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolinganligi hisobiga joriy yilgi ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘sish kuzatilmadi, mazkur ko‘rsatkichlarning II yarim yillikda yaxshilanishi kutilmoqda.
Birinchi yarim yillikda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan markazlashmagan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi. Tijorat banklari kreditlari, qarz mablag‘lari hamda xorijiy kredit liniyalari investitsion talab o‘sishining asosiy drayveri bo‘lib xizmat qildi. Pandemiya bilan bog‘liq cheklov choralarining joriy etilishi hisobiga 2020 yilning I choragidan boshlab iqtisodiyotda YaIMning manfiy tafovuti shakllana boshlagan hamda II chorakda o‘zining eng chuqur nuqtasiga yetgan edi. Oxirgi 4 chorakda iqtisodiy faollik va yalpi talab o‘sishining bosqichma-bosqich jadallashib borishi hisobiga ishlab chiqarishning manfiy tafovuti qisqarib bordi. 2021 yilning II yarim yilligida iqtisodiy faollikning joriy sur’atlari saqlanib qolgan sharoitda ishlab chiqarish manfiy tafovutining asta-sekin qisqarib borib, yil so‘ngigacha yopilishi prognoz qilinmoqda.
2021 yil I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha makroiqtisodiy natijalar, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlardagi kutilayotgan tendensiyalardan kelib chiqib Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari qayta ko‘rib chiqildi. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha YaIM hajmining real o‘sishi birinchi chorak yakunlari bo‘yicha prognoz qilingan dastlabki (4,5-5,5 foiz) ko‘rsatkichlardan 1,0-1,3 foiz bandga yuqori bo‘lib, 5,8-6,8 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.
Bunda, 2021 yilda ham iqtisodiyotni fiskal rag‘batlantirishning davom ettirilishi, 2020 yilning IV choragi va 2021 yil I yarim yilligida pul-kredit sharoitlarining o‘zgarishsiz saqlanib qolishi fonida yalpi talabning tiklanib borishi, iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida xususiy investitsiyalar jalb qilinishining jadallashishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda asosiy omillardan bo‘ladi.
Joriy yilda iqtisodiyotga ajratiladigan kredit qo‘yilmalari qoldig‘i o‘sish sur’atlarining YaIMning nominal hajmi o‘sishi darajasida bo‘lishi (16-20 foiz) prognoz qilinmoqda. Ayni paytda, iqtisodiyotda daromadlar va moliyaviy intizomning yaxshilanishi hisobiga ilgari berilgan kreditlar bo‘yicha qaytuvchanlikning ortishi kutilmoqda. Iqtisodiyotga ajratilgan kredit qo‘yilmalari o‘sish sur’atlarining YaIM nominal hajmi o‘sishi darajasida bo‘lishi moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlariga (iqtisodiyotning moliyaviy resurslar bilan ta’minlanish darajasiga) salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Yillik inflyasiya darajasi 2021 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha 10,9 foizni tashkil etib, so‘nggi uch oydan beri bazaviy prognoz doirasida shakllandi.
2021 yil uchun inflyasiya bo‘yicha prognozlar 9-10 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Yil so‘ngigacha inflyasiya prognoziga pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy saqlanib qolishi, pul-kredit instrumentlari to‘plamiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, valyuta bozorida kuzatilayotgan barqaror tendensiyalar, tegishli vazirlik va idoralar bilan inflyasiyaning nomonetar omillari ta’sirini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni jadallashtirish orqali erishiladi. Prognozlarga ko‘ra, yakuniy iste’mol xarajatlarining real o‘sishi 7-8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlarining 7,5-8,5 foizga va davlat boshqaruvi organlari xarajatlarining 7-8 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Iste’mol hajmining real hisobda o‘sishi pandemiya sababli kechiktirilgan talabning yuzaga chiqishi hamda uy xo‘jaliklari daromadlarining tiklanishi bilan izohlanadi.
Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi yil yakuni bo‘yicha 13-18 foizga, xususan markazlashgan investitsiyalar hajmi 24-26 foizga, markazlashmagan investitsiyalar hajmi esa 10-16 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Eksport hajmlari (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yili pandemiya sababli keskin kamayishidan so‘ng, ichki va tashqi iqtisodiy faollikning tiklanishi hisobiga joriy yilda 20-25 foiz atrofida, import hajmlarining esa 12-15 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ta’kidlash joizki, Markaziy bank o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni amalga oshirishda dunyoda pandemiya va vaksinatsiya bilan bog‘liq vaziyatning shakllanishi, asosiy savdo hamkorlardagi iqtisodiy sharoitlar va tiklanish darajasi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ichki va tashqi xatarlar hamda noaniqliklarni ham inobatga olishga harakat qildi. Ayni paytda, jahonda pandemiya navbatdagi to‘lqinining kuchayishi, koronavirus yangi shtammlarining tarqalishi va buning natijasida joylarda mahalliy cheklov choralarining kuchaytirilishi bilan bog‘liq xatar va noaniqliklar mavjud bo‘lib, yil yakuniga qadar iqtisodiy faollikka ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Izoh qoldirish