O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan sakkizta yirik agrologistika markazlar tarmog‘i yaratiladi – Jamshid Xodjayev

O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan sakkizta yirik agrologistika markazlar tarmog‘i yaratiladi – Jamshid Xodjayev

Rungis Semmaris kompaniyasining ishtiroki bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, yuqori xalqaro standartlarga muvofiq sakkizta yirik agrologistika markazlar tarmog‘ini yaratish va boshqarish loyihasi amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

“Ushbu ulkan agrologistika markazlari yirik shaharlarning chekkalarida quriladi - ularning umumiy maydoni qariyb 200 gektarni tashkil etadi, umumiy quvvati esa yiliga 3 million tonnadan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Eng yirik Toshkent agrologistika markazi 70-100 gektar maydonni egallaydi, eng ixchami esa Xorazmda bo‘ladi, ammo uning 10 gektar maydonni egallagan xajmi ham katta taassurot qoldiradi. Taqqoslash uchun - bu poytaxtdagi ikki yoki uchta yirik turar-joy massivlari yoki 15 ga yaqin futbol maydoni degani! Xuddi Fransiyaning mashhur Ranjis mega-bozorida bo‘lgani singari, ushbu agrologistika majmualarda ham faqat ulgurji savdogarlar savdo qilishlari mumkin bo‘ladi. Agro markazlarning asosiy maqsadi mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqish uchun tayyorlash jarayonini xalqaro darajaga yetkazishdir”, tushuntirish berdi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev.

Har bir agrologistika markazida barcha zarur ob’yektlar jamlanadi bular: kross-doklar, savdo pavilonlari, mehmonxonalar, tijorat banklari hamda hizmatlar: saralash, kalibrlash, quritish, qayta ishlash, saqlash, tashish, yetkazib berish, bojxona rasmiylashtiruvi, karantin, oziq-ovqat xavfsizligini sertifikatlash, mutaxassislar maslahatlari boshqalar jamlanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra sakkizta agrologistika markazlari bazasida qariyb 10 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aynan esa: 70-100 gektar (yillik quvvati 760 ming tonna) bo‘lgan Toshkent agrologistika markazi hududida 3 mingdan ortiq ish o‘rinlari, maydoni 22 gektar bo‘lgan Samarqand shahar agrologistika markazida (yillik quvvati 492 ming tonna) 1200 ta ish o‘rinlari hamda 18 gektar maydonni egallagan (yillik quvvati 410 ming tonna) Andijon agro markazida 1200 ish o‘rinlari. 15 gektar maydonni egallaydigan Buxoro agro markazi (yillik quvvati 200 ming tonna), shuningdek 10 gektar maydonga ega Xorazm agro markazi (yillik quvvati 200 ming tonna) negizida 680 tadan ish joyini tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidagi 15 gektar maydondagi agro markazda (quvvati 300 ming) va Surxondaryo viloyatidagi 20 gektarlik agro markazda (yillik quvvati 300 ming tonna) 800 tadan ish o‘rinlari yaratiladi.

Fuqarolarning farovonligi yo‘lida qishloq xo‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirish muhim ahamiyatga ega, ushbu tarmoq mamlakatimizda YaIMning uchdan bir qismini tashkil qiladi va qariyb 3,6 million kishini ish bilan ta’minlaydi. Rungis Semmarisning O‘zbekistondagi zamonaviy agrologistika markazlarni qurishda ko‘rsatadigan yordami bizning qishloq xo‘jaligimizda yangi imkoniyatlar, yo‘nalishlar va hattoki yangi kasblarni yaratishga yordam beradi va Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lgan Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali va istiqbolli sheriklikning yana bir yaxshi namunasiga aylanadi”. - deya qo‘shimcha qildi vazir Jamshid Xodjayev.

Rungis Semmaris kompaniyasi Parij chekkasidagi yillik aylanmasi 9 milliard yevro bo‘lgan dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va logistika markaziga egalik qiladi hamda butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji bozorlarini qurish va tashkil etish bo‘yicha yetakchi tajribaga ega.

“Ushbu sheriklik shartnomasi imzolanganidan hamda tajriba almashish, yangi avlod agro infratuzilmasini yaratishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati berilganidan mamnunmiz. Sizning shijoatingiz va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda O‘zbekiston agro mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish borasidagi ulkan ishlarni bajarishga tayyorligingiz bizga ilhom bag‘ishlamoqda», - dedi Rungis Semmaris rahbari Stefan Layani.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar