Jasorat va matonatning muqaddas xotirasi

Jasorat va matonatning muqaddas xotirasi

Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 76 yil bo‘ldi. Ammo yana o‘nlab yillar, hatto asrlar o‘tmasin 40 davlatning hududidagi harbiy harakatlarga 110 million kishi safarbar etilgan, 70 million kishi qurbon bo‘lgan bu dahshatli qirg‘inbarotlikni aslo unutib bo‘lmaydi.

Vatandoshlarimiz ham bu urushda o‘z ona yurtining ozodligi, tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida mislsiz qahramonlik ko‘rsatishgan, front orqasida ham ularning yetti yoshdan yetmish yoshigachalari kecha-yu kunduz tinim bilmay fidokorona mehnat qilgan. Shu bilan birga el-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining eng yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etib, evakuatsiya qilingan turli millatga mansub 1,5 million kishini, shu jumladan 250 ming yetim bolalarni o‘z bag‘riga olib, “O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” ekanini amalda yana bir bor isbotlagan.

Bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va g‘oyasi bilan O‘zbekiston xalqining jang maydonlaridagi, urush ortidagi qahramonligi va fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish va abadiylashtirish, yosh avlodimizni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib bo‘lgan, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yanada mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash maqsadida poytaxtimizda muhtasham "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasi bunyod etildi.

Akademik Akmal Saidovning Buyuk g‘alabaning 76 yilligi arafasida "Tasvir" nashriyoti tomonidan zamonaviy dizayn va yuksak did bilan chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitob-albomi ana shu mavzuga bag‘ishlangan. Eng avvalo, muallifning Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari, Davlat arxivi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiyasi, Kinematografiya agentligi, Qurolli kuchlar va G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasining «Shon-sharaf» davlat muzeylari, shuningdek Avstriya, Fransiya, Yaponiya, Polsha, Italiya, Ispaniya, Germaniyadagi tarixiy hujjatlarni har taraflama chuqur tadqiq va tahlil qilish asosida yangi noyob materiallar to‘plaganligi va ularni olti faslga bo‘lib, o‘quvchilarga ommabop, lo‘nda va tushunarli tilda bayon qilib berganligini ta’kidlash kerak.

Bu boshqa nashrlarda ko‘zda tashlanmagan, kitob-albom mundarijasida keltirilgan “Urushdan oldingi urush: o‘zbekistonliklarning sovet-fin urushidagi ishtiroki”, “Urush va diniy e’tiqod erkinligi”, “"Lukash botir" yoki o‘zimizning Luqmonjon”, “Gitlerning "Uchinchi front" rejasini kim barbod qilgan?”, “Italyanlarning Aleksandrosi — o‘zbeklarning Sharifi”, “Germaniya: "Maobit"dan — "Buxenvald"gacha” kabi sarlavhalarda ham darhol ko‘zga tashlanadi.

G‘alaba bog‘i falsafasining tub mohiyati sifatida esa xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlari, qahramon ajdodlarimizning nomlari, shonli an’ana va qadriyatlarini abadiylashtirish, yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas, qadri ulug‘ ekanini ta’kidlash, yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi asoslab berilgan.

Bu yangi tarixiy ma’lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida bunyod etilgan salobatli va muhtasham G‘alaba bog‘i - uning “Shon-sharaf” muzeyi, “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat”, «Ko‘z yoshi» ulug‘vor yodgorliklarida gavdalantirilganligiga alohida urg‘u beriladi. Jumladan, iste’dodli haykaltarosh Bahrom Norboyevning loyihasi asosida yaratilgan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan Zulfiya aya Zokirova va uning kelinlari timsolida o‘zbek ayollari eng olijanob fazilatlari – o‘z yoriga vafosi, irodasi va matonati, yurti va oilasiga sadoqati timsoli deb baholanadi.

Tarixiy manbalar asosida urush boshlanishi bilan respublikamiz aholisining deyarli har uch nafaridan bittasi - qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlanganligi, ularning har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu azizlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘lganligi bayon etiladi. Respublikamizda umumko‘shin tuzilmalaridan tashqari 14 ta milliy qo‘shilma va qismlar tashkil etilib, ular Ikkinchi jahon urushining hal qiluvchi janglarida mardonavor ishtirok etganliklari, jumladan birgina Toshkent va Chirchiq harbiy bilim yurtlari bitiruvchilaridan 125 nafari Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo‘lganliklari bayon etilgan.

Urush yillarida O‘zbekistondan 4 ming 555 nafar xotin-qiz frontga safarbar etilganligi ham “G‘alaba bog‘i falsafasi” o‘quvchilari uchun yangilik bo‘lishi kerak. Ular orasida Zebo G‘aniyeva, Yelena Stempkovskaya, Olga Sanfirova, Rahima Alimova, Sharofat Eshonto‘rayeva kabi mohir merganlarning har biri yuzlab fashistlarni yer tishlatgan. Hujumkor aviatsiya polki kuzatuvchisi Sayyora Shukurova, mashhur radistlar Roza Ibragimova va Sobira Majidova, opa-singil Munira va Roziya G‘iyosovalar ham g‘alabani imkon qadar yaqinlashtirish uchun mardonavor kurashganlar.

Harbiy jarroh Muqaddam Ashrapova qanchadan-qancha yarador jangchilarning hayotini saqlab qolgan. Urush boshlanganida Respublika tibbiyot bilim yurtining feldsherlik bo‘limida ta’lim olayotgan Rixsixon Mo‘minova esa urushda yarador bo‘lganlarga yordam ko‘rsatishda beqiyos jasorat ko‘rsatganliklari uchun sanoqli tibbiyot hamshiralariga taqdim etiladigan Xalqaro Qizil Xochning Florens Naytingeyl medaliga sazovor bo‘lgan. Jasur hamshira “Ulug‘ Vatan urushi”, “Qizil bayroq”, “Qizil yulduz” ordenlari, “Jangovar xizmatlari uchun” medali sohibi ham hisoblanadi.

230-o‘qchi diviziyasi 988-o‘qchi polk batalonining 8-o‘qchi rotasi tibbiyot hamshirasii Rahima Alimovaning jasorati ham ibratlidir. Rota jangchilari Mius daryosini kechib o‘tishlarida dushmanni o‘qqa tutayotgan pulemyotchi halok bo‘lgan. Shunda jang maydonidan yaradorlarni xavfsiz joyga olib o‘tayotgan Rahima Alimova halok bo‘lgan pulemyotchining o‘rnini egallab, jangchilarimiz hujumni muvaffaqiyatli davom ettirishlarini ta’minlagan. Hamshira bu kabi jasoratlari uchun “Qizil bayroq” ordeni va “Jasurligi uchun” medali bilan mukofotlangan.

Kitobda davlatimiz rahbari tomonidan general Sobir Rahimov xotirasining tiklanishi - tarixiy haqiqat tantanasi ekanligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan juda muhim dalillar orqali isbotlab berilgan. Ma’lumki, o‘zbek generalining nomi yurtimizda bir muddat tilga olinmay qolgan edi. Izlanishlar natijasida Rossiya Mudofaa vazirligi markaziy arxivida sahlanayotgan hujjatlarda Sobir Rahimov o‘zining tarjimai holi bilan bog‘liq bo‘lgan va o‘z qo‘li bilan to‘ldirganligi, har doim o‘zining o‘zbek ekanini qayd etganligi aniqlangan va adolat qaror topganligi batafsil bayon etilgan. Kitob-albomda Sobir Rahimov xalqimizning munosib farzandi, qahramon o‘g‘loni ekanligi o‘z ifodasini topgan.

Ikkinchi jahon urushida qoraqalpog‘istonliklarning qahramonliklariga ham alohida etibor qaratilgan. Bu zaminda 20 ta batalon, 114 ta rota, 955 ta bo‘linma tashkil etilgan. Jumladan, 97-Qoraqalpoq alohida milliy brigadasi tuzilib, uning saflariga ko‘ngilli ravishda 5500 nafar qoraqalpog‘istonliklar kirgan. Janggohlardagi jasoratlari uchun, jumladan Abdulhaq Umerkin, O‘rozboy Jumaniyozov, Maxash Balmagambetov, Jumagali Kaldikarayev, , Inoyat Navro‘zboyev, O‘rinboy Abdullayev, Plis Nurpeysov, Juman Qoraqulov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, Alimboy Omonboyev, Raim Soipnazarov, Tilaymurod O‘temurodov, Jo‘ldasboy Halimbetov uchala darajadagi "Slava" ("Shuhrat") ordeniga sazovor bo‘lgan.

O‘quvchilar “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi sahifalarida, shuningdek O‘zbekiston askarlari — Yevropa xaloskorlari bo‘lganliklari haqidagi noyob materiallar bilan tanishishlari mumkin. Respublikamizda tashkil etilgan 16-, 30-, 298-diviziyalar Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya, Vengriyani ozod qilishda ishtirok etgan.Shu bilan birga, 1941-1943 yillarda asirlikdan qochgan o‘zbekistonlik ko‘plab jangchilar Markaziy, Sharqiy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi "Qarshilik ko‘rsatish harakati" saflarida dushman bilan kurash olib borganlar.

Gitlerchilar konslageridan qochgan qo‘qonlik kapitan Hoshim Ismoilov hatto o‘zi kabi harbiy asirlarni to‘plab, partizan otryadi tuzgan va fashistlarga qarshi jang qilgan. Italyan partizanlari orasida "Sandro" nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmadjon Mamajonovga jasorati uchun Italiyaning "Vatanparvar" guvohnomasi taqdim etilgan. Bu hujjatning maqomi Sovet Ittifoqi Qaramoni unvoniga teng hisoblanadi.

Kitobda O‘zbekiston front uchun tayanch qo‘rg‘oni bo‘lganligi ham keng yoritilgan. 1941 yil dekabr oyidayoq sanoat xomashyosi, yoqilg‘i, dastgohlar, asboblar nihoyatda taqchilligi, mutaxassislar yetishmasligiga qaramasdan 63 ta korxona mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqara boshlagan. Umuman urush yillarida respublikamizdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, ko‘pmillatli xalqimiz fidokorona mehnati bilan jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilgan.

Respublikamiz urush boshlangandan keyin evakuatsiya qilingan aholi, ayniqsa, bolalarni o‘z bag‘riga olib, ularning barchasiga chinakam mehr va e’tibor ko‘rsatib, so‘nggi burda nonini ham jabrdiydalar bilan baham ko‘rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etganligi ham keng yoritilganligini uqtirish lozim. Aslida o‘zbeklar fashistlar bosib olgan hududlardagi ziyolilar – yozuvchi va shoirlar, rassomlar, teatr va kino arboblari, olimlar, o‘z ona-yurtlaridan badarg‘a qilingan turli millatlar vakillariga boshpana berib, ularning hayotini saqlab qolganlar. Shuning uchun ushbu nashrda mashhur rossiyalik shoira Anna Axmatovaning:

Men faqat Toshkentda his etdim ilk bor,

Daraxtlar soyasin, kun haroratin

Va faqat shu yerda angladim takror,

Insonning chin mehrin va saxovatin,

deb xitob qilganligi qayd etiladi.

Ayniqsa, kitob-albomda keltirilgan yahudiylar oilasining Toshkentda tug‘ilib o‘sgan farzandi Vyacheslav Shatoxinning Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston - "Dunyo mehriboni" sharafli nomga munosib ekanligi haqidagi fikrlari hayajonga solmay qo‘ymaydi. Uning aytishicha, urush urush davrida qamal holatidagi Leningraddan, fashistlar bosib olgan Ukraina, Belurus va Rossiya viloyatlaridan ko‘chirib kelganlarning taxminan 250 ming nafari yahudiylar bo‘lgan. “Agar bag‘rikeng o‘zbek xalqi bo‘lmaganida, o‘zbeklar o‘z xonadonlariga o‘ntadan yetim bolalarni qabul qilmaganida, janggohlarda jarohatlanganlarning dardiga malham topmaganida - Xolokost qurbonlarining soni bundan ham ko‘pchilikni tashkil qilur edi,” deb guvohlik bergan u.

“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobida urush qatnashchilari, front orqasi qahramonlari, davlat va jamoat arboblari, ziyolilarning ta’sirchan xotiralari, juda ko‘p tarixiy hujjatlar va suratlar bilan birga o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni va uchala darajadagi «Slava» («Shuhrat») ordeniga sazovor bo‘lganlar hamda Ikkinchi jahon urushi generallarining to‘liq ro‘yxati ilova qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mayda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili nashr etilgan “O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomi, shuningdek bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi bo‘lgan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli kitob-albomlar chop etilganini alohida qayd etish lozim. Ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga noma’lum bo‘lgan ko‘plab yangi ma’lumotlar keltirilgan” deb ta’kidladi.

Akademik Akmal Saidovning kitob-albomida shu paytgacha noma’lum bo‘lgan ana shu tarixiy haqiqatlarning tiklanishi, xalqimizning jang maydonlari va front orqasidagi mislsiz qahramonliklari va matonati keng va yorqin yoritib berilishi juda muhim ahamiyatga ega ekanligi shubhasizdir. Shu bois ushbu kitob rus va ingliz tillarida chop etilayotganligi O‘zbekistonning va uning farzandlarini Ikkinchi jahon urushida Buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etadi.

Qalandar ABDURAHMONOV, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar