Jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv joriy qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv joriy qilindi

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–675, 18.02.2021 y.).

Qonun bilan Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:

● Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish;
● Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv;
● Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv institutlari joriy qilindi.

Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish – guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilish bo‘lib, u sud tomonidan amalga oshiriladi.

Guvoh va jabrlanuvchini ob’yektiv sabablarga ko‘ra keyinchalik so‘roq qilish mumkin bo‘lmay qoladigan hollarda, ularning ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv – jinoyat ishini to‘xtatib turish, tugatish, birlashtirish, ayblov dalolatnomasi yoki xulosasini, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni prokurorga yuborish hamda nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.

Dastlabki eshituvni o‘tkazish davomiyligi 10 sutkadan oshmasligi kerak.

Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv – o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan, jinoyatni ochishga ko‘maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladigan kelishuv.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlanadi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar