Jizzaxdagi o‘zgarishlardan aholi mamnun

Jizzaxdagi o‘zgarishlardan aholi mamnun

Aytish joizki, Jizzax viloyatining eng chekka hududida joylashgan manzillarda aholining tabiiy gaz, elektr energiyasi toza ichimlik suvi ta’minoti kabi masalalarda uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolari mavjud edi. Shu bois Respublika ishchi guruhi vakillari boshchiligida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar mahalladoshlarning minnatdorligiga sabab bo‘lmoqda.

Uyma-uy yurib o‘rganishlar natijasida aniqlangan va hozirgi kunda aholi uchun dolzarb bo‘lib turgan muammolarni hal etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida Jizzax viloyati bo‘yicha jami 31,8 km ichki yo‘llarga asfalt va sement-beton qoplamasi yotqizish hamda 3 dona ko‘prikni ta’mirlash ishlari bajarildi.

Qish mavsumi oldidan aholi talabiga ko‘ra qo‘shimcha 197 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, hududda gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 1 865 ta aholi xonadonlaridagi 4 063 ta gaz anjomlariga texnik xizmat ko‘rsatildi, 1,83 km gaz quvurlari tartibga keltirilib, 9 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik taftishdan o‘tkazildi.

Elektr ta’minotini yaxshilash uchun eskirgan yog‘och ustunlari o‘rniga 88 dona temir-beton tayanchlar va 5 dona transformator o‘rnatish, 3,65 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi.

Ichimlik suvini yaxshilash borasida 2,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidagi suv nasos uskunalari ta’mirlanib, soz holatga keltirildi.

Bundan tashqari, Paxtakor, Zomin tumanlari, Jizzax shahrida ko‘p qavatli uylarning tom qismlarini mukammal ta’mirlash, yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiyalarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi.

Aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 328 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga 38 mlrd so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Ijro etuvchi apparat tomonidan Jizzax viloyati Paxtakor, Baxmal, Zafarobod va Sharof Rashidov tumanlaridan 43 ta kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va bolalar nafaqasi tayinlanishiga ko‘maklashildi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan ham “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan viloyatning Zomin, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlaridan 21 nafar fuqaroga jami 131,0 mln. so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun tikuv mashinalari, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan uskuna, grafik dizaynerlik uchun zarur bo‘lgan kompyuter texnikasi hamda dehqonchilik faoliyati uchun motokultivator texnikasi topshirildi.

Joylarda Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar