Joriy yilning 25 avgust kuni Bryussel xalqaro press-klubi tomonidan "O‘zbekiston haqida eng yaxshi maqola" uchun xalqaro press-klublar tarmog‘iga a’zo bo‘lgan yevropalik jurnalistlar o‘rtasida yangi tanlov e’lon qilindi.
Ushbu loyiha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 17-21 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasining hukumat delegatsiyasi Bryussel shahriga (Belgiya) tashrif buyurib, tashrif yakunlari bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati Bryussel xalqaro press-klubi bilan xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘ - e’tiborini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xususan, Yevropa jurnalistlari – xalqaro press-klublar tarmog‘i a’zolari o‘rtasida tanlovni amalga oshirish taklif etildi.
Ma’lumot uchun: Bryussel xalqaro press klubi 2010 yilda Bryusselda joylashgan xalqaro jurnalistlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. U Xalqaro press-klublari assotsiatsiyasi raisi. 1000 dan ortiq jurnalistni birlashtiradi.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad xalqaro maydonda O‘zbekiston obro‘sini yuksaltirishdir.
Loyihada dunyo hamjamiyatiga O‘zbekiston to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar taqdim etilishi, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari, integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, inqiroz davrida biznesni qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik sektori va O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy imidji taqdim etilgan.
Kim ishtirok etishi mumkin?
Yevropa ommaviy axborot vositalarida (Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Norvegiya) ishlaydigan jurnalistlar ishtirok etishi mumkin. 1 avgustdan 15 oktyabrgacha internetda, gazetalarda yoki jurnallarda chop etilgan maqolalar ishtirok etish huquqiga ega. Bular alohida maqola yoki bir mavzuga bag‘ishlangan maqolalar turkumidan iborat bo‘lishi mumkin. Mazkur talab televideniye va radio kabi ommaviy axborot vositalarida tayyorlangan materiallarga ham taaluqli.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Maqolaning asl nusxasini secretary@pressclub.be pochtasi orqali 2020 yil 15 oktyabrgacha ingliz tilida yuborish mumkin. Agar maqola ingliz tilida yozilmagan bo‘lsa, muallif tarjima sifati uchun javobgardir.
G‘olib qanday aniqlanadi?
Mustaqil hakamlar hay’ati baholash mezoni sifatida materialning ob’yektiv yoritilganligiga katta e’tibor qaratadi. Unda: faktlarni tekshirish, taklif va raqamlarni yoritishdagi aniqlik, shaxslarning xolis baholariga asoslangan hikoyalarning qiziqarligi va albatta, o‘quvchida O‘zbekistonga qiziqish uyg‘ota oladigan mavzularni o‘ziga xos uslubda yoritilganligi.
Arizalarni topshirish muddati: 2020 yil 1 avgust - 15 oktyabrga qadar. Mukofot: 2 000 yevro.
Hakamlar hay’ati press-klub a’zolari tarkibidagi taniqli jurnalistlar, ekspertlar bo‘lib, ular tanlov g‘olibiga mukofotni belgilaydi.
O‘z navbatida, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi materiallarni tayyorlashda Yevropa jurnalistlariga Markaz tadqiqotlarini taqdim etish orqali axborot yordamini taqdim etishga tayyor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish