O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish maqsadida:
2022 yil 1 iyuldan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar:
- ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi, reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;
- O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi;
- 2023 yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi;
- byudjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:
- ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
- amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
2023 yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o‘tkazishga e’tibor qaratilsin, shuningdek, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari:
- bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;
- birinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
- ikkinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;
- uchinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
- 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, barcha davlat organlari va tashkilotlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil ilovalari tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 2022–2024 yilda ajratilgan Davlat byudjeti hamda ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishini tashkil etadi, keyingi yillarda ularni modernizatsiya qilish uchun mablag‘ ajratib boradi.
2023 yil yanvardan boshlab:
- davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga kamida ikki yil bo‘lgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bunda, har bir tanlov uchun O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratiladi;
- davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo‘lish va ularning buyurtmachigacha o‘z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasi yaratiladi;
- 2026 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”), reklama xususiyatiga ega bo‘lgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno. Bunda, ushbu xarajatlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qo‘shimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;
- ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra 1-ilovaga muvofiq professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi;
- oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi;
- jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari 2-ilovaga muvofiq tashkil etiladi;
- ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining:
- xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi hamda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim;
- xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi.
2023–2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etiladi. Bu boradagi tegishli xarajatlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy manzilida joylashgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi. Shuningdek, ushbu binoga davriy bosma nashrlarning tahririyatlari ijara haqi to‘lamasdan (kommunal to‘lovlar va ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar bundan mustasno) joylashtirilishi mumkin.
Izoh qoldirish