O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat qanday rivojlanmoqda - Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat qanday rivojlanmoqda - Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozoridagi talabning o‘zgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

2022 yil yanvar oyida respublika bo‘yicha 17,7 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,4%ga kamroq. Biroq, 2020 yilning yanvar oyiga nisbatan o‘sish sur’ati 15%ni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik har yil boshida muntazam ravishda pasayadi, bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq. Yanvar oyida yangi yil dam olishlari va ish ta’tillaripaytida xaridorlar odatda ko‘chmas mulkni qidirmaydilar. Bahorga kelib, uy-joy bozoridagi faollik tiklanadi.

Hududlar kesimida yanvar oyida eng yuqori o‘sish sur’atlari Qashqadaryo (36,4 %), Farg‘ona (16 %), Surxondaryo (11,1 %) viloyatlarida kuzatildi.

Toshkent (-17,6 %) viloyati, Qoraqalpog‘iston (-14,4 %) va Toshkent shahrida (-6,7 %) sezilarli kamayish qayd etildi.

1-rasm. Ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar sonining o‘zgarish indeksi

2-rasm. Toshkent va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni

Ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining o‘zgarishi

Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyida ikkilamchi bozorda uy-joy o‘rtacha narxlari o‘tgan oyga nisbatan 1,4 %ga o‘sdi (2021 yil dekabrda o‘zgarmagan, noyabrda 1,2 %ga ko‘tarilgan edi).

Uy-joy narxlarda eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘ona (5,2 %), Andijon (5,0 %) va Navoiy (4,5 %) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Jizzax (-4,2 %), Surxondaryo (-3,1 %), Namangan (-2,3 %) va Sirdaryo (-2,1 %) viloyatlarida narxlarda pasayish qayd etildi.

Toshkent shahrida uy-joy narxlari 2,4 %ga o‘sdi. Uy-joy narxlarida eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek (5,0 %) Mirobod (4,5 %) va Yashnobod (4,3 %) tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, Uchtepa (-1,4 %) va Olmazor (0,7 %) tumanlarida uy-joy narxlari pasaygan.

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda tijorat banklari tomonidan qariyb 59,6 ming nafar fuqaroga 9,8 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 700 mlrd. so‘mga ko‘proq hisoblanadi.

2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 35,8 trln. so‘mga yetgan. Ajratilgan kreditlarning 7,35 trln. so‘mi birlamchi bozordagi uylarga, 2,44 trln. so‘mi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo‘naltirilgan.

Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri

tel: (78) 150 02 02 (410)

Jamaotchilik bilan ishlash bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar