O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, oy davomida soliq tushumlari 7,3%ga oshdi.
Soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Jizzax (40,4%), Sirdaryo (24,6%), Toshkent (23,8%) va Navoiy (20,8%) viloyatlarida qayd etildi.
Soliq tushumlari manbalari bo‘yicha daromad solig‘i tushumlari - 24%ga, mulk solig‘i - 27%ga va yer solig‘i - 21%ga oshdi.
Eng kam soliq tushumlari Xorazm (4,9%), Qashqadaryo (7,7%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (8,4%) kuzatildi.
Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 22,7%ga oshdi. Tushumlar bo‘yicha eng ko‘p o‘sish Jizzax (117,4%), Surxondaryo (72,5%), Samarqand (34,8%), Andijon (25,8%), Toshkent (24,7%) viloyatlari va Toshkent (28%) shahrida qayd etildi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi asosan transport uskunalari va uning tarkibiy qismlari, texnik jihozlar, metall va metall buyumlar, elektrotexnika va uning tarkibiy qismlari, oziq-ovqat mahsulotlari importining oshgani bilan bog‘liq.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti 5,3%ga qisqardi, bu jumladan, ip-kalava, mineral o‘g‘itlar, trikotaj mahsulotlari, metallar va mahsulotlar, oziq-ovqat va meva-sabzavotlar mahsulotlari, plastmassa, tabiiy gaz, elektrotexnika mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportining kamayishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, eksportning eng sezilarli o‘sishi Xorazm (44,9%), Qashqadaryo (35,2%) va Samarqand (12,1%) viloyatlarida qayd etildi.
Tijorat banklari tomonidan oktyabr oyi uchun berilgan kreditlar hajmi 10,9%ga o‘sdi.
Kreditlar berish respublikaning deyarli barcha hududlarida o‘sdi, oktyabr oyida eng katta o‘sishni Navoiy (53,4%), Sirdaryo (32,4%), Jizzax (27,0%), Xorazm (18,9%) viloyatlari va Toshkent shahri (21,0%) ko‘rsatdi.
Oy davomida O‘zbekiston Respublika tovar birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 2,4%ga kamaydi. Shu bilan birga, Sirdaryo (21,4%) viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,0%) va Toshkent shahrida (5,2%) birja faolligi sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda.
Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi qurilish va maishiy materiallar, bug‘doy uni, paxta tolasi, texnik urug‘lar, bug‘doy, suyultirilgan gaz, rangli metallar, dizel yoqilg‘isi, avtomobil benzini, mineral o‘g‘itlar, shakar, qora metallar va polietilen kabi tovarlarni sotish hajmini oshirish hisobiga ta’minlanmoqda.
Oktabr oyida 72 325 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tashkil etilib, ularning eng ko‘p Farg‘ona (6 784), Samarqand (6 228), Toshkent (5 883), Xorazm (5 379), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5104) va Toshkent shahrida (14 210) ro‘yxatga olingan.
Izoh qoldirish