Germaniyaning “Germany Trade & Invest” – GTAI veb-sahifasida ana shunday sarlavha ostida maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Maqola muallifi Uve Shtrobax dunyo bo‘ylab koronavirus sababli joriy etilgan karantin va boshqa qator cheklovlar ko‘plab mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir etayotganiga e’tibor qaratgan. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, 2020 yilda mamlakat ichki yalpi mahsuloti pandemiya boshlanmasdan oldin kutilgan 5,5 foiz o‘rniga 1,8 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.
“O‘zbekiston hukumati taxminicha, mamlakat eksport sohasida kamida 1,1 milliard dollar miqdorida kamomad bo‘lishi kutilmoqda. Buning asosiy sababi jahon bozoridagi mis va misdan tayyorlangan tovarlarga bo‘lgan narx-navoning arzonligi hamda xorijda ip-gazlama, shuningdek ipak mahsulotlari kabi to‘qimachilik mahsulotlariga, turli xil meva-sabzavot va mineral o‘g‘itlarga talabning pasayganidadir”, deb qayd etiladi maqolada.
Chet el sarmoyalari bilan boshlangan yoki endi boshlanish arafasida turgan ko‘plab loyihalarning amalga oshishi sekinlashmoqda.
Muallif koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonning yana bir manfaatli sohasiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi haqida fikr yuritadi. So‘nggi yillarda tez rivojlanishga erishgan turizm sohasidan tushadigan yillik xorijiy valyuta hajmi joriy yil kutilganidan 150 million dollarga kam bo‘lish ehtimoli bor. Bundan tashqari, xorijdagi ko‘plab o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining mamlakatga qaytib kelishini ham inobatga olish kerak bo‘ladi. Ular tomonidan xorijiy davlatlardan mamlakatga amalga oshiriladigan pul o‘tkazmalarining kamayishi ham respublika ichki iste’mol bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.
Izoh qoldirish