Prezident «Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida «Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-9-son] qarorni imzoladi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida tuzilgan moliyaviy hamkorlik kelishuviga asosan Germaniya taraqqiyot banki (KfW) «Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash» loyihasini moliyalashtirish uchun yillik 2 foizli stavkada (10 yillik imtiyozli davr bilan) 30 yil muddatga kredit ajratmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 29,8 mln yevroni tashkil qiladi, shundan:
- KfW krediti — 26,8 mln yevro;
- Loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq konsultatsiya xizmatlari uchun KfW granti — 3 mln yevro.
Loyiha O‘zbekistonning barcha hududlarida 4 yil — 2021−2024 yillar mobaynida amalga oshiriladi. Loyihani o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, monitoring va hisobotini yuritish Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuklatildi.
Bir oy muddatda loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarni tanlab olish mezonlari, beriladigan kreditni moliyalashning muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda KfW kreditidan foydalanish tartibi to‘g‘risida nozim ishlab chiqiladi.
Moliya vazirligi qarz mablag‘larini loyihada qatnashuvchi tashkilotlarga O‘zbekiston valyutasida qayta kreditlashda MBning asosiy stavkasidan kam bo‘lmagan stavkada beradi. Yevroni qayta kreditlashda esa jalb qilinayotgan kredit stavkasining 25 foizidan oshmaydigan miqdorda O‘zbekiston marjasi bilan taqdim etiladi.
Valyuta kursi o‘zgarishi bilan bog‘liq yo‘qotishlar respublika byudjetidan qoplanadi.
Izoh qoldirish