2021 yilning 6 dekabr kuni “S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan yig‘ma hisobotini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi matbuot xizmati.
Hisobotda O‘zbekiston Respublikasining reyting bahosi “BB-” (barqaror kutilma) darajada o‘zgarishsiz qolganligi qayd etilgan.
Reyting bo‘yicha barqaror kutilma agentlikning mamlakatda fiskal va tashqi qarzlar tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etishi, biroq kelgusi 12-24 oy ichida mo‘’tadil darajada saqlanib qolishi bo‘yicha taxminlarni aks ettiradi.
Agentlikka ko‘ra, amaldagi Prezidentning qayta saylangani mamlakatdagi institutsional salohiyatni yaxshilashga qaratilgan va keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni davom ettirilishiga xizmat qiladi.
Davlat korxonalarining transformatsiyasi va xususiylashtirish, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, mahalliy kapital bozorini rivojlantirish, davlat qarzi qonunining ishlab chiqilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat boshqaruvini takomillashtirish va byurokratiyani kamaytirish strategiyalari asosiy islohotlar sifatida qayd etilgan.
2021 yilda O‘zbekiston real yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sish sur’ati 6,5 foizni, 2022-2024 yillarda o‘rtacha 5,5 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.
Bunda, xizmatlar, ishlab chiqarish, tabiiy resurslar sektorlarining o‘sishi, asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining tiklanishi, investitsiya dasturlari va davlat korxonalari islohotlari iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, hukumatning tashqi aktivlari va Markaziy bankning oltin zaxiralari mamlakatning fiskal va tashqi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi. Hukumat likvid aktivlarining asosiy qismi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining likvid aktivlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning pastligi, hisobdorlik va institutlar o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish tizimining rivojlantirish zarurati respublikamiz suveren kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida sanab o‘tilgan.
“S&P” kutilmalariga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotning qisqarishi va davlat korxonalari faoliyatining yaxshilanishi bilan soliqdan tushadigan daromadlar ortadi va o‘rta muddatda fiskal konsolidatsiya amalga oshiriladi.
2021 yilda fiskal defitsit YaIMga nisbatan 5,8 foizni, 2021-2024 yillarda o‘rtacha 3,8 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda. Ayni vaqtda oltin narxining o‘zgaruvchanligi agentlikning prognoziga ta’sir etuvchi omillar sirasiga kiritilgan.
Hisobotga ko‘ra, davom etayotgan fiskal defitsitga qaramasdan davlatning sof qarz yuki mo‘’tadil darajada saqlanib qolishi va 2024 yilgacha sof davlat qarzining o‘zgarishi YaIMga nisbatan o‘rtacha 5 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.
Agentlik mamlakatning tashqi qarzi 2018 yildan beri sezilarli darajada ortganiga va o‘sishda davom etishiga qaramasdan o‘sish sur’ati sekinlashishini kutmoqda. Mamlakatning jami tashqi qarzi 2020 yilda deyarli 37 foizga oshgani hamda kelgusida davlat va moliyaviy sektor likvid aktivlaridan ortishi keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, monetar siyosat samaradorligining oshishi uchun vaqt talab etilsada, inflyasiyani pasaytirishga va so‘mga bo‘lgan ishonchni ortishiga yordam beradi.
Hisobotda global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va islohotlar natijasida mamlakatning iqtisodiy o‘sish salohiyatining oshishi hamda fiskal va tashqi zaxiralarning ortishi mamlakatimiz kredit reytingining oshishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Mamlakatimiz kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:
- Agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari tez sur’atlarda yoki sezilarli darajada kamayishi;
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining yetarli emasligi natijasida qarz jalb qilish oshishi va tashqi aktivlarning kamayishi;
- iqtisodiyot dollarlashuvining sezilarli darajada oshishi;
- yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida hukumat tomonidan davlat korxonalarining qarzlarini to‘lanishi.
Izoh qoldirish