Ko‘chma savdo uchun elektron ro‘yxatdan o‘tib, savdo joyini onlayn auksionda sotib olish kerak

Ko‘chma savdo uchun elektron ro‘yxatdan o‘tib, savdo joyini onlayn auksionda sotib olish kerak

Prezident tomonidan 04.06.2021 yildagi “Ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5136-son qaror imzolandi.

Normada xabar qilinishicha, ko‘chma savdo va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish, bunday faoliyat turlariga tadbirkorlarni keng jalb qilish, shuningdek, ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish orqali aholiga zarur tovarlarni xarid qilishda qulayliklar yaratish maqsadida 2021 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘chma savdo ob’yektlarini elektron tarzda "K - SAVDO" avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik sub’yektlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi;
  • ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo ob’yektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha "K - SAVDO" AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

Bunda auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi. Auksion orqali sotishdan kelib tushgan pul mablag‘larining 80%i tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga, 20%i Davlat soliq qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi.

Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga "K - SAVDO" AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.

"K - SAVDO" AATda ro‘yxatdan o‘tmasdan ko‘chma savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi birinchi marta aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari xodimlari chakana savdo faoliyatini "K - SAVDO" AAT ro‘yxatdan o‘tgan holda amalga oshirish bo‘yicha zarur tushuntirish ishlarini olib boradi hamda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadi.

Hujjat bilan belgilanishicha:

  • savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmaydi;
  • sotadigan tovarlari va (yoki) ko‘rsatadigan xizmatlari turidan qat’i nazar bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar