Yanvar-may oylarida 570,6 mlrd so‘mlik mulk auksionda sotildi

Yanvar-may oylarida 570,6 mlrd so‘mlik mulk auksionda sotildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan 2021 yilning yanvar - may oylari davomida 15 816 ta mulk va mulkiy huquqlar realizatsiya qilish uchun "E-AUKSION" elektron savdo maydonchasiga chiqarildi.

Ushbu davrda boshlang‘ich narxi 422,8 mlrd.so‘mlik 11 918 ta mulk 570,6 mlrd.so‘mga realizatsiya qilindi. Mulk va mulkiy huquqlarni sotib olgan ishtirokchilar belgilangan muddatda 3,4 trln.so‘m miqdorida investitsiya kiritish majburiyatini qabul qilib oldi.

2021 yilning besh oyi davomida "E-AUKSION" elektron savdo maydonchasi orqali 58 808 gektar yer maydoni realizatsiya qilindi. Auksionlarda 45 875 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Ushbu muddat davomida 127 ta davlat mulki ob’yekti va davlat ulushlari, 235 ta boshlang‘ich narxi 1 so‘mlik binolar, 4260 ta tadbirkorlik faoliyati uchun, 64 ta ko‘p qavatli turar joy qurish uchun hamda 3283 ta yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari sotildi. Bundan tashqari, 1736 ta davlat mulki ob’yektlari hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi 19 ta bo‘sh konturlar ijaraga berildi.

Shuningdek, 122 ta noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa’ri uchastkalari hamda 14 ta strategik turdagi foydali qazilmalarni qazish huquqi, 414 ta tashqi reklama ob’yektlarini o‘rnatish huquqlari realizatsiya qilindi.

Ayni paytda, savdo maydonchasida 22 mingdan ortiq mulk va mulkiy huquqlar savdoda turibdi. Bular 252 ta davlat aktivlari, 1661 ta ijaraga davlat mulki, 17,7 ming yer uchastkalari, 560 ga yaqin tashqi reklama ob’yektlarini o‘rnatish huquqi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar