Ro‘yxatga olish natijalari aholi va hududlar bo‘yicha rejalashtirishni aniqlashtiradi

Ro‘yxatga olish natijalari aholi va hududlar bo‘yicha rejalashtirishni aniqlashtiradi

O‘zbekistonda 2026 yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxati mamlakatning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va agrar holatini aniqroq baholash imkonini berdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, mamlakat aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etdi. Bu 1989 yilgi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan qariyb ikki barobar yuqori ko‘rsatkichdir.

Ro‘yxat natijalari joriy statistik baholashdan 810,6 ming nafarga yuqori bo‘ldi. Erkaklar soni 19,8 mln nafar, ayollar soni 19,3 mln nafarni tashkil etdi. Bir yildan ortiq muddat O‘zbekistonda yashab kelayotgan xorijiy fuqarolar soni 56,9 ming nafarga yetdi.

Ro‘yxatga olish jarayoni yuqori raqamlashtirish darajasi bilan ajralib turdi. Aholining 82,3 foizi onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tdi. Postperepis tekshiruvidan keyin umumiy qamrov 97,3 foizga yetdi, qamrovdan tashqari qolganlar ulushi 2,7 foizni tashkil qildi. Bir kishini ro‘yxatga olish xarajati 0,12 AQSh dollari darajasida baholandi.

Jarayon davomida 8,2 mlndan ortiq ob’yekt bo‘yicha geolokatsiya ma’lumotlari shakllantirildi. 55 mingdan ortiq “Mahalla yettiligi” vakillari jalb qilindi. OneID tizimida 2,1 mln yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ushbu raqamlar ro‘yxatga olish jarayoni aholi statistikasini yangilash bilan birga raqamli davlat boshqaruvi infratuzilmasini ham kengaytirganini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida aholi soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchi bo‘lib, aholisi 4,38 mln nafarni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 4,22 mln nafar, Qashqadaryo viloyati 3,72 mln nafar, Andijon viloyati 3,52 mln nafar, Namangan viloyati 3,19 mln nafar, Toshkent shahri 3,18 mln nafar va Toshkent viloyati 3,16 mln nafar ko‘rsatkich bilan qayd etildi.

Eng kam aholi Sirdaryo viloyatida 946,3 ming nafar, Navoiy viloyatida 1,11 mln nafar va Jizzax viloyatida 1,57 mln nafarni tashkil qildi. Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari aholisi birgalikda mamlakat aholisining 32,1 foizini tashkil etdi. Hududiy kesimdagi bunday ma’lumotlar infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va mahalliy rivojlanish dasturlarini aniqroq rejalashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Aholining yosh tarkibi mamlakat demografik salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi. 2024 yil 1 yanvar holatiga doimiy aholi 37,13 mln nafarni tashkil etgan. Median yosh 30,0 yoshga teng bo‘lgan. Yosh guruhlari kesimida 0–4 yoshdagilar 4,37 mln nafar, 5–13 yoshdagilar 6,12 mln nafar, 14–30 yoshdagilar 9,64 mln nafar, 31–59 yoshdagilar 13,20 mln nafar, 60 yosh va undan yuqori aholi 3,47 mln nafarni tashkil etdi. Eng katta guruh 31–59 yoshdagi aholi bo‘lib, bu mehnat va iste’mol bozori uchun asosiy demografik qatlam hisoblanadi.

Mehnat yoshi bo‘yicha tarkibda aholining 32,0 foizi mehnat yoshidan kichik, 56,4 foizi mehnat yoshida, 11,6 foizi mehnat yoshidan yuqori guruhga to‘g‘ri keladi. Erkaklar orasida mehnat yoshidagi aholi ulushi 58,5 foizni, mehnat yoshidan kichiklar 33,0 foizni, mehnat yoshidan yuqorilar 8,5 foizni tashkil etdi. Ayollar orasida mehnat yoshidagi aholi ulushi 54,2 foiz, mehnat yoshidan kichiklar 31,0 foiz, mehnat yoshidan yuqorilar 14,8 foiz bo‘ldi. Ayollar orasida mehnat yoshidan yuqori aholi ulushi nisbatan yuqoriroq ekani sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va keksa aholini qo‘llab-quvvatlash siyosatini rejalashtirishda alohida hisobga olinishi lozim.

Uy xo‘jaliklari profili ijtimoiy siyosat va mahalliy xizmatlar uchun muhim ma’lumot beradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, respublikada o‘rtacha uy xo‘jaligi hajmi 5,0 kishini tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida 5,4 kishi, Xorazm viloyatida 5,3 kishi va Samarqand viloyatida 5,2 kishi bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 4,2 kishi, Toshkent shahrida 4,4 kishi darajasida qayd etildi.

Bolalar soniga ko‘ra, 16 yoshgacha bolasi yo‘q uy xo‘jaliklari ulushi 25,7 foizni, 1 bolali uy xo‘jaliklari 20,9 foizni, 2 bolali uy xo‘jaliklari 24,8 foizni, 3 bolali uy xo‘jaliklari 19,6 foizni, 4 va undan ko‘p bolali uy xo‘jaliklari 9,0 foizni tashkil qildi. Ushbu ma’lumotlar ta’lim, maktabgacha ta’lim, tibbiy xizmatlar, ijtimoiy nafaqalar va mahalla darajasidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini manzilli tashkil etish uchun zarur.

Qishloq xo‘jaligi ro‘yxati agrar resurslar bo‘yicha joriy baholashlarni qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Yillik ekin maydonlari joriy baholashga nisbatan 23,0 foizga, bog‘ va uzumzorlar 18,8 foizga, issiqxonalar 2,2 foizga, baliqchilik havzalari 15,0 foizga yuqori ekani aniqlandi.

Chorvachilik ko‘rsatkichlarida esa qayta baholash natijalari qayd etildi. Qoramollar soni joriy baholashga nisbatan 14,9 foizga, qo‘y va echkilar 6,2 foizga, otlar 11,2 foizga kam bo‘ldi. Parrandalar soni 12,7 foizga yuqori baholandi. Bunday farqlar agrar statistika, oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya xizmati, yer va suv resurslaridan foydalanish rejalarini yangilash zaruratini ko‘rsatadi.

2026 yilgi ro‘yxat natijalari davlat dasturlari, hududiy rivojlanish strategiyalari, infratuzilma loyihalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va qishloq xo‘jaligi siyosati uchun aniqroq rejalashtirish imkonini beradi. Ma’lumotlar aholi sonini yangilash bilan cheklanmaydi. Ular resurslarni taqsimlash, hududlar ehtiyojini aniqlash, davlat xizmatlarini manzilli tashkil etish va agrar siyosat samaradorligini oshirish uchun amaliy statistik asos vazifasini bajaradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar