Bu voqealarda, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi ishtiroki va so‘zlagan nutqi markaziy o‘rinni egalladi (O‘zbekiston Prezidenti BMTda nutq so‘zladi” maqolasiga qarang). Ammo O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, O‘zbekiston bilan dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan shu davrda uning ishtirokida o‘tgan boshqa tashrif va sammitlar ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Dushanbeda davlat rahbarlari maslahatlashuvlari
14-15 sentyabr kunlari BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi arafasida O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ldi. Uning doirasida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze qatnashdi. Uchrashuvda siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni, madaniy-gumanitar almashinuvni ilgari surish, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Tojikistonda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlarining kelgusi hamkorligi istiqbollariga doir bir qator takliflarni ilgari surdi.
Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish taklif qilindi. Buning uchun mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, qonunchilikni uyg‘unlashtirish va to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning kelib chiqishiga ko‘ra sertifikatlash, shuningdek, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilish zarur.
O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish haqida so‘z yuritar ekan, birgalikda yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish; Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston, shuningdek, Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasini muvaffaqiyatli hamkorlikka misol sifatida qayd etdi. Bu yo‘nalishda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlarni ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish; tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida aytib o‘tildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarga tizimli tus berish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston Prezidenti transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish taklif qilindi. Bundan tashqari, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarini optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash, xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Prezidentimiz mintaqa davlatlarining energiya ta’minotini yaxshilash sohasida ham tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish muhimligini qayd etdi. Elektr energiyasini yetkazib berish va gidroenergetikani rivojlantirish salohiyatini ishga solish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanishi kerak. Shuningdek, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emasligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham alohida ta’kidlandi. Agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shilgan qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalari kabi zaif nuqtalar ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois mamlakatlarimiz imkoniyatlari nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi ehtiyojlarni ta’minlash, balki muhim oziq-ovqat eksportchisiga aylanishiga imkon berishini inobatga olib, FAO ko‘magida oziq-ovqat xavfsizligi sohasida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash taklif etildi.
Prezident iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlash haqida gapirar ekan, Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy strategiyani qabul qilish tashabbusi bildirilgani ta’kidladi. Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlikni shakllantirish uchun ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish taklif etildi. Kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro forum o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha boshqa tashabbuslari qatorida: Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish, “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish, Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etish ham bor. Xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etilgan bo‘lib, shuningdek, afg‘on tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish taklifini qo‘llab-quvvatladi va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi. Mazkur uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot, Yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim, Markaziy Osiyoda yerusti transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom, 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”qabul qilindi.
Markaziy Osiyo va Germaniyaning birinchi sammiti
28-30 sentyabr kunlari O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Federal Kansler Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan muzokaralar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining uchrashuvi, Berlin shahridagi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forum ishida ishtirok bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevning Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama uchrashuvida O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, innovatsiya va texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energiya, transport va logistika, ta’lim va madaniyat sohalarida rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar.
Berlin shahrida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forumda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati yetakchilari, shuningdek CLAAS, Siemens Energy, Knauf, Linde, Papenburg, BayWa, WILO, IPEX-Bank, Commerzbank, AKA, Mangold Consulting, Deutsche Bahn, DB E.C.O., Euler Hermes, Ernst Klett, SMS Group, Deutsche Bank, Evonik Industries, John Deere, BASF, Airbus kabi Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari qatnashdi.
Ushbu tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston yetakchisi Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor jihatlariga alohida to‘xtalib, bir qator istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Bu, eng avvalo, kooperatsiyani rivojlantirish va Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishdir. O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda Germaniya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori sanoat texnologiyalari bo‘yicha Markaziy Osiyo ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Sheriklikning eng muhim yo‘nalishlari qatorida “yashil” energetika ham bor. Mintaqa darajasida “yashil” iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish uchun Germaniya muhandislik-loyihalashtirish markazlari va sanoat xoldinglari bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, eng muhim xomashyo resurslari sohasida ularni qayta ishlashga ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish va sanoat mahsulotlarining eksportini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhimligi qayd etildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, mamlakatimiz qishloq va suv xo‘jaligi sohalariga Germaniya kompaniyalarining energiya samarador va raqamli texnologiyalarini jalb qilishga, oziq-ovqat sohasida qo‘shma mintaqaviy tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekani bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti transport va logistika borasidagi hamkorlikka ham to‘xtaldi. Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan samarali yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Transport loyihalarini ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalari mutaxassislarini jalb qilish taklifi bildirildi. Malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etildi.
29 sentyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari, shuningdek, barqaror va izchil mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuqori baho berib, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklikni mustahkamlash kun tartibini og‘ishmay ilgari surayotganini qayd etdi. Mintaqa mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy ko‘mak ko‘rsatishda Germaniyaning roli yuqori baholandi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Germaniya bilan uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi. Bular – investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni, Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish kabilardir.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va o‘zaro hamkorlikning boshqa sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi ko‘rsatkichlari ikki baravar o‘sgani ta’kidlandi. Yurtimizda Germaniyaning Volkswagen, MAN, CLAAS, Siemens, Linde, Aurubis, Henkel, Knauf, Papenburg, Deutsche Kabel va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Tog‘-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, muqobil energetika sohasida loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va ko‘chuvchanlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha qator yangi aniq takliflarni ilgari surdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga taklif etdi.
Qatar uchrashuvlari
1-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qatarda bo‘ldi, tashrif doirasida Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Qatar Amirining joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta’kidlandi. Turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.
Tomonlar savdo ko‘rsatkichlarini bir necha baravar oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024 yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlari va biznes-forumini tashkil etish taklif qilindi. Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik qayd etildi. Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to‘plami, jumladan, turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida Bitim imzolandi.
O‘zbekiston Prezidenti Qatarga davlat tashrifi doirasida Qatar biznesining qator yetakchi rahbarlarini qabul qildi.
Qatar investitsiyalar agentligi direktori, ayni paytda Qatar Markaziy banki raisi Bandar bin Saud Ol Soniy bilan uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakatimiz hududlarida “yashil” energetika ob’yektlari – quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan, zamonaviy aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilg‘or bank-moliya xizmatlarini, jumladan, islom moliyasi dasturlari doirasida rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdorlik bildirildi. Yaqin fursatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama guruh uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olindi.
Qatarning sobiq Bosh vaziri, mamlakatdagi bir qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniy bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Qatarning yetakchi kompaniya va korxonalari darajasida o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Energetika, sanoat, infratuzilma, turizm, bank-moliya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z bordi. Davlatimiz rahbari ekspertlar guruhini shakllantirish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Nebras Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Al-Hajriy bilan uchrashuvda mazkur kompaniya ishtirokida Sirdaryo viloyatida zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini va Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanganini qayd etdi. Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish va Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi. Uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish va unga, eng avvalo, “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Jizzax viloyatida zamonaviy chorvachilik klasteri qurilishida hamkorlik qilayotgan Power International Holding kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat bilan uchrashuvda yurtimizda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, zamonaviy ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’yektlarini tashkil etish istiqbolli qo‘shma loyihalar sifatida qayd etildi. Qatar tomoni yaqin kunlarda O‘zbekistonda o‘z xolding ofisini ochishini ma’lum qildi.
Rossiyaga tashrif natijalari
O‘zbekiston Prezidenti 5-7 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. (“O‘zaro manfaatlarni ko‘zlagan hamkorlik” maqolasiga qarang). Tashrif dasturida Tataristonga safar ham nazarda tutilgan bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk ushbu o‘lkada bo‘ldi. Tashrif arafasida va davomida hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo konferensiyasi, uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi, Butunrossiya ko‘rgazma markazida “O‘zbekiston” paviloning ochilishi, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hukumatlararo komissiya kichik komissiyalarining yig‘ilishlari va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Qozon shahrida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda Tatariston bilan so‘nggi yillardagi hamkorlik natijalari qayd etildi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortib bormoqda. Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, Jizzax viloyatida texnopark qurilishi davom etmoqda. Kimyo tarmog‘i va mashinasozlikda yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiali ishlamoqda.
Shuningdek, kuni kecha Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uchinchi hududlararo hamkorlik forumi yakunlari ham qayd etildi, unda Rossiyaning 19 hududidan va O‘zbekistonning 12 viloyatidan 700 dan ziyod biznes vakillari ishtirok etdi. Rossiya texnoparklari bilan yangi sanoat parklarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvda metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal sohalarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, turizm va yoshlarga oid siyosatida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik loyihalarini qo‘shma “yo‘l xarita”lari asosida ilgari surishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Prezidenti Moskvada Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma Ishchi guruhi tuzildi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarini raqamlashtirish, shuningdek, O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi. Shaharsozlik va uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
6 oktyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanib borayotgani, O‘zbekistonga Rossiya investitsiyalari hajmi ortib borayotgani ta’kidlandi. Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini qayd etdilar. Xususan, 4 oktyabr kuni Qozon shahrida o‘tgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
Hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yil bo‘yi o‘zaro tashriflar reja-jadvalini o‘z ichiga olgan alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, uchrashuv chog‘ida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalari ham batafsil ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat yetakchilari 2024- 2025 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilish, o‘zaro madaniyat, san’at va adabiyot kunlarini tashkil etishga kelishib oldilar.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilikni rivojlantirishda misli ko‘rilmagan natijalarga erishilayotganini ta’kidladi. Savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aniq yo‘naltirilgan birgalikdagi faoliyat natijalari yuqori baholanib, ular sifat jihatidan o‘zgarib borayotgani qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasini, eng avvalo, mashinasozlik, metallurgiya, energetika, qayta ishlash, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda kengaytirish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma guruh tuzildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Keng ko‘lamli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida yana 10 ta hujjat qabul qilindi. Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining bosh konsulxonasini ta’sis etish, vakolatli iqtisodiy operator institutlarini o‘zaro tan olish, “Agroekspress” tezkor temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025 yillar uchun hamkorlik dasturi, shuningdek, transport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar shular jumlasidan.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani, balki sifat jihatidan yangi bosqichga chiqayotganiga e’tibor qaratdi. Xususan, ilgari o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibida asosiy ulushni xomashyo tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda. Rossiya fuqarolari uchun O‘zbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyadan sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani aytib o‘tildi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya Prezidentlari tomonidan Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berilishiga start berildi. Rossiya gazini “revers” tarzda import qilish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu loyiha mamlakatimiz energetik xavfsizligini ta’minlash, “moviy yoqilg‘i”ni kafolatli yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish yo‘lida oldinga tashlangan katta qadam bo‘lib, iste’moldagi mavsumiy nomutanosiblikni qoplash, aholini gaz va elektr energiyasi bilan ishonchli va uzluksiz ta’minlash uchun qo‘shimcha hajmlarni ta’minlaydi.
Izoh qoldirish